1918-1939-yillarda Bolgariya


Birinchi jahon urushining mamlakat uchun yakunlari

Birinchi jahon urushida Bolgariya Germaniyaning ittifoqchisi boʻlgan edi. Shoh Ferdinand (1861-1948, 1887-yildan 1918-yilga qadar hukm surgan) avstriyalik Koburgskiylar xonadoni vakili boʻlgani holda mamlakatni ushbu umidsiz urushga tortdi. 1918-yil sentyabrida birlashgan ingliz-fransuz-serb qoʻshinlari Makedoniyada bolgar-nemis qoʻshinlarini tor-mor qildi va 1918-yil 29-sentyabrda bolgar hukumati sulh haqidagi hujjatni imzolab, taslim boʻldi. Bolgariya urushdan chiqdi. Shoh Ferdinand oʻz oʻgʻli Boris foydasiga taxtdan voz kechdi va Boris 1918-yildan 1943-yilgacha hukmronlik qildi.

1919-yil 27-noyabrda Parij yonidagi Neyi shaharchasida gʻolib davlatlar bilan shartnoma imzolandi. Bu shartnoma boʻyicha Bolgariya avval Egey dengiziga chiqish imkonini bergan hududlaridan mahrum boʻldi. Janubiy Dobruja Ruminiyaga, hududning bir qismi Yugoslaviyaga oʻtdi. Bolgariyaga faqat 20 ming kishilik armiya saqlashga ruxsat berildi, havo flotiga ega boʻlish man etildi. Bolgariyaga 2,5 mlrd. frank reparatsiyalar toʻlash majburiyati yuklatildi. Shu sababli mamlakatning butun moliyaviy-xoʻjalik faoliyati xalqaro reparatsion komissiya nazoratiga boʻysundirilgan edi.


BZXIning hokimiyatni egallashi

Shoh Ferdinand Bolgar ziroatchilik xalq ittifoqi (BZXI) yoʻlboshchisi Aleksandr Stamboliyskiyni qamoqdan chiqarishga va unga hukumatni topshirishga majbur boʻldi. BZXI uch yil davomida hokimiyatni egallab turdi.

1923-yil 22-mayda xalq kengashiga saylovlar boʻlib, kompartiya va BZXI birgalikda barcha ovozlarning 75 foizini olishdi.Bu teran iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy oʻzgarishlarga imkon beruvchi yangi siyosatni shakllantirish uchun yetarli edi. Biroq yirik moliya burjuaziyasi saylovlar natijasidan choʻchigan holda davlat toʻntarishini amalga oshirishga qaror qildi. 1923-yil 9-iyunda A.Stamboliyskiy hukumati agʻdarildi, Stamboliyskiy oʻz-oʻzini oʻldirildi, kasaba uyushmalari va ishchi tashkilotlari tarqatib yuborildi. Hokimiyat tepasiga Aleksandr Sankovning (1879—1959) fashistparast hukumati keldi.


Fashistparast hukumatning hokimiyatni egallashi

1923-yil sentyabrida ishchi-dehqonlarning sentyabr qoʻzgʻolonini tor-mor etgan A.Sankov hukumati mamlakatdagi barcha demokratik va vatanparvar kuchlarga shafqatsiz repressiyalar yogʻdirdi. Sankov oʻz terrorini haddan ziyod oshirib yubordi va shoh Boris uni boshqa vakilga — A.Lapchevga almashtirishga majbur boʻldi. Yangi hukumat umumiy avf eʼlon qilib, qator siyosiy partiyalar ishini tiklashga va parlamentda muxolifat tuzishga ruxsat etib, mamlakatdagi vaziyatni birmuncha yumshatdi.

Natijalar siyosiy hayotda oʻz aksini topdi. 1931-yilgi saylovlarda Xalq blokiga birlashgan muxolifatchi partiyalar ishonchli gʻalabaga erishdi. Mamlakatda keng ishchilar harakati boshlandi. Ish tashlashlar oqimi oʻtkazildi, ularning baʼzilari siyosiy mazmun kasb etdi. Harakatga askarlar ham jalb qilindi. Reaksion kuchlar 1934-yil 19-mayda yana davlat toʻntarishini amalga oshirishdi. Bolgariyada harbiy diktatura oʻrnatilib, unga general K.Georgiyev boshchilik qildi. Yangi hukumat barcha siyosiy partiyalarni taqiqlab, kasaba uyushmalarini qonundan tashqari deb eʼlon qildi. Georgiyevdan keyingi hukumatlar uzoq faoliyat koʻrsatmadi va siyosatga oʻzgarishlar kiritishmadi.

30-yillar oxirida Bolgariya tashqi siyosatda fashistik Germaniya va uning ittifoqchilari bilan tezda yaqinlashdi. German kapitali mamlakat iqtisodiyotiga faol kiritila boshlandi. 1939-yili Bolgariya importining 65% i Germaniya hissasiga toʻgʻri keldi. Holbuki, Angliyaning hissasi 1,2% dan iborat edi.


Qisqacha mazmuni

• Birinchi jahon urushida Bolgariya — Germaniya ittifoqchisi;
• 1918-yil 29-sentyabr — Bolgariyaning taslim boʻlishi va urushdan chiqishi;
• Reparatsiyalar toʻlash zaruriyati, hududlar Egey dengiziga chiqishining yoʻqotilishi;
• 1919-yil — A.Stamboliyskiy boshchiligida BZXIning hokimiyat tepasiga kelishi;
• 1923-yil — davlat toʻntarishi, hokimiyatni fashistparast hukumat egallashi.
Hukumatga qarshi qoʻzgʻolonning tor-mor etilishi, repressiyalar;
• 1931-yil — saylovlarda demokratik kuchlar gʻalabasi;
• 1934-yil — davlat toʻntarishi, mamlakatda harbiy diktatura oʻrnatilishi;
• tashqi siyosatda — Germaniyaga yaqinlashish.