1918-1939-yillarda Albaniya


Mamlakatning iqtisodiy ahvoli


Albaniya togʻli mamlakat bo‘lib, hududining 2/3 qismi dengiz sathidan 1000 metr balandlikda joylashgan. Uning maydoni XX asr boshida bor-yo‘g‘i 27,5 ming kv km ni tashkil etar, aholisi esa 1 mln kishidan sal koʻproq edi. Albaniya Yevropaning eng qoloq qismi boʻlib, bu yerda XX asr boshlarigacha urug‘-qabilachilik tuzumi qoldiqlari saqlanib keldi. Albaniya iqtisodiyotining asosiy sohasi past rivojlanish darajasida turgan qishloq xoʻjaligi edi. Chorvachilik dehqonchilikdan ustun turardi. Ekinzor maydonlarining katta qismi pomeshchiklar, cherkov va davlat qo‘lida edi. Chogʻroq boʻlaklarga boʻlingan yer chorakor-dehqonlarga ijaraga berilardi.
Dehqonlarning 45 foizidan ko‘prog‘i yersiz bo‘lib, pomeshchikning xizmatiga borishga majbur edi. Dehqonlar har yili davlatga desyatina to‘lashlari, hosilning yarmini pomeshchikka berishlari va yilda 10 kundan 52 kungacha pomeshchik dalalarida ishlab berishlari shart edi.

1918-yilga kelib, Albaniyada sanoat deyarli yo‘q edi. Qayta ishlash va yengil sanoatning kam sonli korxonalari faoliyat ko‘rsatardi. Foydali qazilmalarni qazish va qidiruv ishlarini xorijiy monopoliyalar olib borishardi. Mahalliy burjuaziya o‘z kapitalini asosan savdo va sudxoʻrlik sohalariga yo‘naltirgan edi.


Mustaqillik uchun kurash va bosqinchilar hokimiyatining agʻdarilishi

XV asrda Turkiya Albaniyani bosib oldi va uning hukmronligi bu yerda XX asr boshlariga qadar davom etdi. Faqatgina 1912-yilda, ya’ni Bolqon urushlari natijasida Albaniya mustaqil suveren davlat deb e’lon qilindi. Uning chegaralari 1913-yili Londonda boʻlib oʻtgan konferensivada aniqlab berildi. Angliya, Italiya, Avstro-Vengriya va Rossiya davlatlari Albaniyaning xalqaro nazorat ostidagi betaraf davlat deb e’lon qilinishi toʻgʻrisidagi qarorni qabul qildi.

Birinchi jahon urushi avvalida Albaniya betaraflik e’lon qildi. Lekin qo‘shni mamlakatlar uni buzib, mamlakatga hujumlar uyushtirdi. Albaniyaning shimoliy, janubiy va markaziy qismiga Italiya, Cherniy Drin rayoniga Serbiya, mamlakat janubiga Gretsiya qo‘shinlari bostirib kirdi. Mamlakat bosqinchilar hokimiyati ixtiyorida qoldi. 1918–1920-yillar mobaynida alban xalqi orqasida davlat hududini Italiya, Gretsiya va Yugoslaviya oʻrtasida boʻlib olish o‘tkazildi. Ularga Albaniya hududining muayyan qismlari o‘tdi.

Xalqning norozilik mitinglari 1920-yil 2-avgustda bosqinchilarga qarshi qurolli kurashga aylandi. Italiya Albaniya mustaqilligini tan olishga va uning hududini tark etishga majbur bo‘ldi. 1921-yili alban vatanparvarlari bo‘linmalari mamlakat shimolini yugoslav qoʻshinlaridan ozod etishdi. 1921-yili Italiya, Gretsiya va Yugoslaviya o‘rtasidagi uzoq munozaralardan so‘ng Albaniya mustaqilligi hamda hududiy yaxlitligi haqida e’lon qilinib, boshqaruv regentlik kengashiga berildi.
Amalda hokimiyat Ahmad Zogu qoʻlida saqlanib qoldi.


Albaniyaning respublika deb e’lon qilinishi va monarxiyaga qaytish

1921-yildan 1924-yilgacha bir-birini almashtirgan hukumatlar bitta siyosatni: yoki Yugoslaviyadan yoki Italiyadan moʻljal olish siyosatini yurgizishardi. Mazkur hukumatlarda Ahmad Zogu tarafdorlari rahbarlik rolini o‘ynashardi. Xorijiy kompaniyalar mamlakatda xo‘jayinlik qilishardi. 1921-yili ingliz-eron kompaniyasi aniqlangan neft konlarini tasarruf etishga ruxsat oldi. Mis, temir rudalarini italyan va fransuz firmalari qazib olishardi.

Jamiyatning keng qatlamlarida Ahmad Zogu siyosatidan norozilik kuchayib bordi.
“Bashkimi” (Birlik) jamiyati hukumatga muxolifatning markaziga aylandi. 1924-yil 20-aprelda A. Zogu hukumati josuslari tomonidan “Bashkimi” rahbarlaridan biri — Avni Rustamiy o‘ta og‘ir yarador qilindi. Qotillarni sud qilish talabi hukumat tomonidan rad etildi. Mamlakatda qo‘zg‘olon boshlamb, 1924-yil mayi oxirida qo‘zg‘olonchilarning poytaxtni ishgʻol qilishlari bilan tugallandi. Biroq yangi hukumat mehnatkashlarning yutuqlarini mustahkamlay olmadi va tez orada chet el interventlari yordamida agʻdarib tashlandi. 1924-yili Albaniya diktatorlik huquqlari berilgan Ahmad Zogu boshchiligida rasman respublika deb e’lon qilindi. 1928-yil 1-sentyabrda mamlakatda respublika tuzumi tugatildi va Zogu qirol, Albaniya esa monarxiya deb e’lon qilindi.


Mamlakatning Yevropa davlatlari asoratiga solinishi

Albaniyaga italyan kapitalining ommaviy joriy etilishi Ahmad Zogu bilan bogʻliqdir. 1925-yili Italiyadan boshqariladigan Albaniya Milliy banki tuzildi. Italiya kapitalistlari mamlakatning butun xalq xoʻjaligini egallab olgan turli aksiyadorlik korxonalan tuzishdi. 20-yillar boshlarida neft konlarining ochilganligi mamlakatning boshqa mamlakatlar — Angliya va Fransiya tomonidan ham asoratga solinishiga olib keldi.

Qirol Zogu I saroyi feodal xarakterda boʻlib, alban ishlaridan manfaatdor turli davlatlar josuslarining kurashi maydoniga aylandi. Sobiq nemis zobiti boshchiligidagi armiyada nemischa ta’sir ustun edi, harbiy ministrlikda italyanlar hukmronlik qilishardi, jandarmeriya esa neft kompaniyalarining xodimlari bo’lgan inglizlardan iborat edi. Italiya Zogu I ga muddatsiz yirik qarz berdi. Bu qarz qanday maqsadlarga sarflangani noma’lumligicha qoldi.


Albaniyaning fashistik Italiya tomonidan bosib olinishi

30-yiliar oxirlarida Albaniyaning fashistik Italiya tomonidan bosib olinishi xavfl keskin kuchaydi. Mussolini hukumati Albaniyaning hatto nomiga mustaqilligini ham tugatishga qaror qildi. 1938-yili Gitler bilan Mussolini oʻrtasida ta’sir doiralarini bo‘lib olish haqida kelishuv amalga oshirildi va Albaniya italyan doirasiga kiritildi. Albaniya hududi italyan hukumatiga keyingi bosqinchilik harakatlarda platsdarni sifatida foydalanish uchun ham kerak edi.

1939-yil 7-aprelda Mussolini Durras va Valonga desant tashlashni boshladi.
13-aprelda Albaniyaning bosib olinishi yakunlandi. Milliy kengash yana osongina Zogu I ni taxtdan mahrum qilish haqida qaror chiqardi va bu taxtni endilikda “Italiya va Albaniya qiroli” deb nomlanadigan italyan qiroliga taqdim etdi. Ahmad Zogu mamlakatdan dastlab Salonikiga, soʻngra Londonga qochdi. Bolqon yarimorolidagi yangi istilolar uchun platsdarm sifatida koʻzlangan harbiy obyektlar qurilishi boshlab yuborildi.

Biroq 1939-yil 7-aprel kuni alban xalqining yangi, demokratik Albaniya mustaqilligi uchun kurashi kuchayishining muqaddimasi ham bo‘ldi.


Qisqacha mazmun

  • Albaniyaning Birinchi jahon urushida betaraf boʻlishi;
  • 1921-yil — Mustaqillik e’lon qilinishi. Mamlakatdagi boshqaruv regentlik kengashi qoʻlida;
  • 1924-yil — Albaniyaning respublika deb e’lon qilinishi;
  • 1928-yil — Monarxiya boshqaruviga qaytish;
  • mamlakat iqtisodiyotining chet el davlatlariga qaramligi;
  • 1939-yil 7-aprel — mamlakatning Italiya tomonidan bosib olinishi;
  • Italiya qiroli Viktor — Emmanuel Albaniyani boshqaradi;
  • Albaniya — Italiyaning Bolqon yanm oroliga hujumi uchun platsdarm.