
Salibchilarning Konstantinopolga kirib kelishi.
Ammo mahalliy yunonlarning mardonavor qarshiligi tufayli lotinlar Vizantiya yerlarini to‘liq bo‘ysundira olmaydi. Lotin imperiyasining o‘zi ham tez orada bir necha mayda knyazliklarga bo‘linib ketadi.
Vizantiyaning tiklanishi
Vizantiyaliklarning lotinlarni tez orada haydab yuborishga bo‘lgan umidlari zoye ketmagan. Bo‘ysundirilgan aholi salibchilarni yoqtirmaganб lotinlar esa o‘zaro kelisha olishmagan. Kunlardan birida nikeyaliklar harbiy bo‘linmasi lotinlarni «qo‘rqitish» uchun Konstantinopolga keladi. Ayni paytda lotinlar qo‘shini nikeyaliklarga qarshi dengizdan hujum qilishga ketgan va shaharni himoyasiz qoldirgan edi. Konstantinopol yunonlari nikeyaliklar qo‘shini yaqinlashganini eshitib, ularga shahar darvozasini ochib beradi. Ularning yordami bilan nikeyaliklar shaharga kirib, poytaxtni osongina egallaydi. Tez orada ortga qaytgan lotinlar shahar qo‘ldan ketganiga guvoh bo‘ladi. Nikeyaliklar bilan jangda mag‘lubiyatga uchragan lotinlarga kemalarga o‘tirib, Yevropaga qaytishdan boshqa chora qolmaydi. Nikeya imperatori Mixail VIII Paleolog 1261-yilning 15-avgustida Konstantinopolga tantanali kirib keladi.
Shu tariqa Vizantiya imperiyasi tiklanadi.
Endi Vizantiya dunyoning qudratli mamlakatidan unchalik katta bo‘lmagan yunon davlatiga aylanadi. Salib yurishlarining tugashi va oqibatlari. So‘nggi salib yurishlari Yaqin Sharqdagi vaziyatni o‘zgartira olmaydi. Fransiya qiroli Lyudovik IX ning 1269–1270-yillardagi sakkizinchi salib yurishlari so‘nggisi bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay salibchilarning Sharqdagi mulklari birin-ketin musulmonlar qo‘liga qaytadi. Salib yurishlari to‘xtatilishining asosiy sababi XIII asrning oxiridan G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida boshlangan o‘zgarishlar bo‘ladi.
Ishlab chiqarish kuchlari o‘sadi. O‘rmonlar kesilib, ekinzorlarga aylantirila boshlaydi. Qishloq aholisining yersiz bir qismi tobora yuksalayotgan shaharlarga ketadi. Qirol hokimiyatining kuchaya boshlashi va mamlakatni markazlashtirish siyosati ritsarlarga qirol qo‘shinida xizmat qilish imkonini yaratadi.
Savdogarlar tinch yo‘l bilan savdo-sotiq olib borishning afzalligiga yana bir bor ishonch hosil qiladi. Salib yurishlari o‘zining asosiy, ya’ni Sharqda kuchli xristian davlatini yaratish maqsadiga erisha olmaydi. Unda qatnashgan 100 minglab kishilar halok bo‘lib, katta moliyaviy zarar ko‘riladi. Lekin Sharqning yuksak madaniyati bilan tanishish Yevropa feodallari turmush tarzini keskin o‘zgartiradi. Yevropa mamlakatlarida soliqlarni mahsulot bilan emas, pul bilan olish o‘sib boradi. Ayrim feodallar qaram dehqonlarini to‘lov evaziga ozodlikka chiqara boshlaydi.