So‘nggi paleolit davri
So‘nggi paleolit davrida (miloddan avvalgi 40–12-ming yilliklarda) toshga ishlov berish texnikasi va mehnat qurollari yasash usullari o‘zgardi. Odamning aqliy qobiliyati ham, tashqi qiyofasi ham o‘zgarib bordi. Mazkur davrda hozirgi qiyofadagi odam – kromanyon odami yashagan.

So‘nggi paleolit davri odami manzilgohlari Samarqand shahri hududidan Toshkent viloyati Ohangaron daryosi vohasidagi Ko‘lbuloq makonidan, shuningdek, Farg‘ona vodiysidan topilgan. So‘nggi paleolit davrida odamlar ancha takomillashgan kesuvchi va arralovchi mehnat qurollari yasaydigan bo‘lishgan. Inson endilikda taqinchoqlar – munchoqlar, tumorlar va uzuklar ham yasay boshlagan.

Shunday qilib, so‘nggi paleolitda insoniyat o‘z rivojida yana bir pog‘onaga yuksaldi. Odamlar qarindoshlardan tarkib topgan ixcham guruhlarga – urug‘ jamoalariga birlashdi.

Urug‘ a’zolari bitta manzilgohda yashagan. Bir joyda yashab turgan bir qancha urug‘lar qabilani tashkil etgan. Turar joylar qurilishi so‘nggi paleolit davri odamlarining muhim ixtirosi bo‘ldi. Kiyim-kechak tayyorlashda hayvonlar terisidan foydalanishgan. Inson bu davrda sun’iy tarzda (yog‘ochni bir-biriga ishqalash, chaqmoqtoshni bir-biriga urish orqali) olov hosil qilishni ham o‘rganib oldi.



Mezolit davri
Mezolit davri (o‘rta tosh davri) miloddan avvalgi 12–7-ming yilliklarni o‘z ichiga oladi. Mezolit davri boshlanishi bilan Muzlik davri poyoniga yetdi. Bu voqea iqlim ancha ilishiga va odamlar turmushining o‘zgarishiga olib keldi. Mezolit davrida inson o‘q-yoy yasashni o‘rganib oldi. O‘q-yoy kashf etilishi bilan odamlarda chopqir hayvonlar va qushlarni ovlash imkoniyati vujudga keldi.

Mezolit davri oxirida inson hayvonlarni qo‘lga o‘rgata boshladi. Ovchilar itni qo‘lga o‘rgatdi. Itlar bilan birga ov qilinganda o‘lja oldingisiga qaraganda mo‘l-ko‘l bo‘ldi. Tiriklay tutib olingan hayvonlar (qo‘zichoqlar, uloqchalar, to‘ng‘izchalar)ni endi odamlar o‘ldirmasdan, yegulik zaxirasi sifatida saqlab qo‘yadigan bo‘ldi. Mezolit davri oxirida Old Osiyoda xo‘jalikning yangi tarmoqlari – ibtidoiy ziroatchilik va chorvachilik vujudga keldi. Bugungi kunda O‘rta Osiyoda mezolit davriga oid yuzdan ziyod manzilgohlar ochilgan. Farg‘ona vodiysining tog‘oldi va tog‘li tumanlarida, Toshkent vohasida hamda O‘zbekistonning janubida bunday manzilgohlar ko‘plab uchraydi. Obishir, Qo‘shilish va Machay manzilgohlari, shuningdek, Zarautsoy darasidagi qoyatosh rasmlari ancha mufassal o‘rganilgan.
Dehqonchilik va сhorvachilikning rivojlanishi
Neolit – yangi tosh davrida inson Qadimgi Sharqning turli viloyatlarida ishlab chiqaruvchi xo‘jalik – dehqonchilik va chorvachilikka o‘ta boshlaydi. Chorvachilik va dehqonchilik neolit davrining eng katta ixtirosi hisoblanadi. O‘rta Osiyoda neolit davri miloddan avvalgi 6–4-ming yilliklar hisoblanadi. Arxeologlar neolit davri boshlanishini sopol idishlar yasashning kashf etilishi bilan belgilaydi. Bu davrda qadimgi odamlar mezolit davrida kashf qilingan mayda tosh qurollari – mikrolitlardan foydalanib, toshga ishlov berishning oldin ma’lum bo‘lmagan silliqlash va parmalash usullarini kashf qilishgan.


Neolit davrida qabilalar o‘troq turmush tarziga o‘tib, doimiy turar joylar qura boshlagan. Shu davrda paxsadan uylar qurila boshlangan. Asta-sekin urug‘ jamoalarining manzilgohlari shakllanib borgan. O‘troq turmush tarzi va mehnat qurollarining yanada takomillashishi jamoalarning dehqonchilikka o‘tib borishiga imkon yaratgan. Dehqonchilik va chorvachilikning rivojlanishi hunarmandchilikning shakllanishiga olib keldi. Loydan yasalgan va olovda pishirilgan idishlarni yasash sohasi – kulolchilik, tolalar va jundan kiyim-kechak tayyorlash tarmog‘i – to‘quvchilik neolit davrining muhim kashfiyot va ixtirolaridir.

