Tayanch tushunchalar: ilm-fan markazlari, matematika va astronomiya fanlari rivoji, ilmiy meros, Samarqand akademiyasi, rasadxona.
Ilm-fan markazlari.
XV asrda Samarqand va Hirotda olimlar-u fuzalolar, shoirlar-u bastakorlarning kattagina guruhi to‘plangan edi. Ilm-fan va san’atning taraqqiyotida zamonasining madaniy muhitida tarbiyalanib, yoshligidayoq mashhur olim sifatida shuhrat qozongan Ulug‘bekning hissasi nihoyatda buyukdir. Ulug‘bek mamlakatni boshqarish bilan bir qatorda, ilmiy ishlar bilan shug‘ullandi. Olimlarning munozalarida qatnashdi. Ulug‘bek ajdodlari Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Farobiy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino asarlarini batafsil o‘rgandi. Bu buyuk mutafakkirlarning asarlari orqali u qadimgi yunon olimlari Aflotun, Arastu, Gipparx, Ptolomeylarning mumtoz asarlari bilan ham tanishadi.
Astronomiya va matematika sohasida erishilgan buyuk muvaffaqiyatlar Temuriylar davlatiga katta shuhrat keltiradi. Bu shuhrat avvalo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liqdir.
Ulug‘bek rasadxonasi
Samarqandda atrofiga to‘plangan taniqli olimlarning bevosita ishtiroki va yordamida Mirzo Ulug‘bek 1424–1429-yillarda shahar yaqinidagi Obirahmat anhori bo‘yida rasadxona qurdirdi. Hanuzgacha olimlarning qiziqishini uyg‘otib kelayotgan bu ulkan imoratning balandligi 31 metr edi.

Ulug‘bek rasadxonasining ichki ko‘rinishi.
G‘iyosiddin Jamshid boshchiligida rasadxonaning asosiy o‘lchov asbob-uskunasi – ulkan sekstant o‘rnatilgan. Samarqand sekstanti o‘sha davrda Sharqda ma’lum bo‘lgan sekstantlarning eng kattasi hisoblangan. Ulug‘bek rasadxona qoshida zamonasining boy kutubxonasini tashkil etadi. Bu kutubxonada fanning deyarli hamma sohalariga tegishli qariyb o‘n besh ming jild kitob saqlangan.
Ulug‘bekning faol ishtiroki bilan Ulug‘bek rasadxonasi o‘sha zamon sharoitida mukammal astronomik asbob va uskunalar bilan jihozlangan oliy darajadagi ilmgohga aylanadi. Rasadxonada Ulug‘bek bilan birga mashhur matematik va astranomlardan “Aflotuni zamon” deb nom olgan Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshoniy, “o‘z davrining Ptolomeyi” nomi bilan shuhrat qozongan Ali Qushchi va ko‘pgina boshqa olimlar ilmiy kuzatishlar va tadqiqotlar olib boradi. Xullas, Ulug‘bek Samarqandda butun bir astronomiya maktabini yaratdi.
- Akademiya – oliy ilmiy tashkilot
- Rasadxona (observatoriya) – osmon jismlari tadqiqoti uchun maxsus jihozlangan ilmiy muassasa va shu muassasa joylashgan bino
- Sekstant – osmon yoritqichlarining balandligini belgilash uchun mo‘ljallangan ko‘zgu – qaytargichli asbob
Rasadxonada olib borilgan kuzatish va tadqiqotlar tufayli 1018 ta qo‘zg‘almas (turg‘un) yulduzlarning o‘rni va holati aniqlanadi va astronomik jadvali tuziladi. Rasadxonada olib borilgan tadqiqotlarning natijalari asosida matematika va astronomiyaga oid qator nodir asarlar yaratildi.
Ulug‘bekning shoh asari “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” (“Ko‘ragoniyning yangi astronomik jadvali”) nomli kitobidir. “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asosan ikki qismdan: keng muqaddima va 1018 ta qo‘zg‘almas yulduzlarning o‘rni va holati aniqlab berilgan jadvallaran iborat. Shu davrdagi boshqa astronomik jadvallardan Ulug‘bekning yaratgan ma’lumot yuksak darajada aniqligi bilan ajralib turardi. Shuningdek, Ulug‘bekning yil hisobini hozirgi hisob-kitoblarga solishtiradigan bo‘lsak, u bor-yo‘g‘i bir minut-u ikki sekundga farq qiladi. Bu XV asr uchun g‘oyat yuksak aniqlik bo‘lib, hozirgi zamon o‘lchovlariga juda yaqindir.
Ulug‘bek “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) nomli tarixiy asar hamda musiqa ilmiga bag‘ishlangan beshta risola ham yozgan. Ulug‘bekning astronomiya maktabi zamonasining o‘ziga xos akademiyasi edi. Ulug‘bek tevaragida uyushgan 100 dan ortiq olimlarni o‘z bag‘rida yetishtirgan nomi jahonga mashhur Samarqand rasadxonasi shu vazifani o‘tagan. Mashhur fransuz faylasufi, yozuvchi va tarixchi olim Volter (1694–1778): “Ulug‘bek Samarqandda bo‘lib akademiyaga asos soldi. Yer sharini o‘lchashni buyurdi va astronomiyaga oid jadvalarni tuzishda ishtirok etdi”, – deb yozgan edi. Ulug‘bek akademiyasi o‘rta asrlar musulmon Sharq astronomiyasining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
“Samarqand akademiyasi” – 1004-yilda Xorazmda tashkil etilgan “Donishmandlar uyi”dan (“Ma’mun akademiyasi”) keyingi ikkinchi “Dor ul-ilm” edi.