Temuriylar saltanatining inqirozga yuz tutishi


Tayanch tushunchalar: siyosiy beqarorlik, saltanat parchalanishi, Xurosondagi vaziyat


Siyosiy beqarorlik

Ulug‘bek qatl etilib, oradan biroz vaqt o‘tgach, Abdulatif taxt da’vogaridan qutulish maqsadida o‘z inisi Abdulazizni o‘ldiradi. Shu tariqa otasiga sodiq bo‘lgan amirlarga ham suiqasd uyushtirib, temuriylarning Movarounnahrdagi toj-taxtini batamom egallab oladi. Mamlakat fuqarolari tomonidan “padarkush” (“ota qotili”) deb la’natlangan Abdulatif va uning tarafdorlari taxtda uzoq vaqt o‘tira olmadi. Oradan olti yarim oy o‘tar-o‘tmas Abdulatif saroyda uyushtirilgan fitna qurboni bo‘ladi.

Muxolafatchi kuchlar Samarqandda Shohruxning nabirasi Mirzo Abdulloni, Buxoroda Mironshohning nabirasi Abu Saidni hukmdor qilib ko‘taradi. Oqibatda ikki temuriyzoda o‘rtasida hokimiyat uchun kurash boshlanadi.

Movarounnahr va Xurosonda muttasil davom etib turgan o‘zaro kurashlar Dashti Qipchoqdagi hukmdorlar uchun juda qo‘l keladi. 1451-yilda Abulxayrxon katta qo‘shin bilan Abu Said yordami va ishtirokida Toshkent, Chinoz va Jizzax orqali Samarqandda turgan Mirzo Abdulloga qarshi yurish qiladi. Sheroz qishlog‘i yaqinidagi Bulung‘ur anhori yoqasida jang bo‘ladi.
O‘zaro to‘qnashuvda Mirzo Abdullo yengiladi va jangda halok bo‘ladi. Abulxayrxon yordamida Abu Said Samarqandni egallab, Movarounnahrga hokim bo‘lib oladi.

Xuroson bu davrda Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur tasarrufida edi.
Xurosonda siyosiy tarqoqlik avj olgan edi. Temuriylar davri muarrixlarining yozishicha, bu davrda Xuroson o‘n bir bo‘lakka ajralib ketgan. Ular o‘rtasida urush va janglar to‘xtovsiz davom etardi. 1457-yilda Abulqosim Bobur vafot etgach, vaziyat yanada mushkullashadi. Xurosonda ham, Hirotda ham hokimiyatga da’vo qiluvchilar ko‘p bo‘lsa-da, lekin birortasi ham davlatni idora qiladigan kuchga ega emas edi. Qulay siyosiy vaziyatdan foydalangan Abu Said 1457-yilda Hirot taxtini egallaydi va saltanatning har ikki qismini birlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Biroq viloyat hokimlarining mustaqil hukmronlikka intilishiga, tarqoqlikka barham bera olmaydi. Ayniqsa, uni Abulqosim Bobur vafotidan keyin Xorazmni egallab olgan Umarshayx Mirzo avlodi Sulton Husaynning isyonlari hammadan ko‘proq tashvishlantirardi.

1469-yilning erta bahorida Abu Said Ozarbayjon, G‘arbiy Eron va Iroqqacha bo‘lgan viloyatlarni egallab turgan turkmanlarga qarshi jangda halok bo‘ladi. Otasi o‘limidan so‘ng Abu Saidning vorislari Sulton Husayn bilan to‘qnashishga jur’at eta olmay, Movarounnahrga qaytib ketadi. 1469-yil 24-martda Sulton Husayn Xurosonning hokimi sifatida tantana bilan Hirotga kirib boradi. Natijada Temuriylar saltanati yana ikki mustaqil qismga: Sulton Husayn hukmronligidagi Xuroson va Abu Said o‘g‘li Sulton Ahmad boshqaruvidagi Movarounnahrga bo‘linib ketadi.


Parokandalik

Movarounnahrda Abu Saidning o‘g‘illari: avval Sulton Ahmad (1469–1494), keyin Sulton Mahmud (1494–1495) va keyinchalik Mahmudning o‘g‘li Sulton Ali (1498–1500) mustaqil hokimlik qiladi. Biroq Movarounnahrda tarqoqlik yanada avj oladi. Bu vaqtda Movarounnahr o‘zaro nizolashayotgan temuriy shahzodalar boshchilik qilgan ko‘pdan ko‘p viloyatlarga bo‘linib ketgan edi. Mamlakat, el-yurt boshiga katta tashvishlar tushgan paytlarda din ulamolaridan biri Xoja Ubaydulloh Ahror musibatlarni daf qilish yo‘lida bir necha bor jonbozlik ko‘rsatgan edi. 1454-yilda Hirot hokimi Abulqosim Bobur Movarounnahrga bostirib kirib, Samarqandni qamalga olganida Xoja Ubaydulloh Ahror mojaroga qat’iyan aralashib, raqiblarni yarashtiradi.


Sulton Husayn va Alisher Navoiy

Sulton Husayn Boyqaro Amudaryoning janubidagi yerlarga hukmron bo‘lib, o‘z tasarrufida Xuroson, Xorazm hamda Shimoliy va Sharqiy Eron viloyatlarini birlashtirgan edi. U qariyb 40 yil hukm surgan temuriylarning so‘nggi yirik hukmdori bo‘lgan. Boyqaro davrida shahzoda va amirlarning boshboshdoqligiga qaramay, mamlakatning xo‘jalik va madaniy hayoti yuksaldi. Xuroson obod etilishi va ravnaq topishida zamonasining tadbirkor va dono hukmdori Sulton Husayn bilan bir qatorda buyuk adib va davlat arbobi Alisher Navoiyning ham xizmati nihoyatda katta bo‘ldi.

Alisher Navoiy 1441-yilda Hirotda dunyoga kelgan. Uning ota-bobosi temuriylar saroyida xizmat qilgan. Sulton Husayn bilan Alisher bir maktabda o‘qigan. Ular bolalik chog‘idayoq Xuroson hukmdori Abulqosim Bobur xizmatida bo‘ladi. Abulqosim vafotidan so‘ng ikki buyuk shaxs 12 yil davomida boshqa-boshqa shaharlarda yashaydi. Husayn bu davrda avval Xorazmda, so‘ngra Xurosonning Obivard, Niso, Mashhad va boshqa viloyatlarida darbadarlikda yurib, kuch to‘playdi va Abu Saidga qarshi isyonlar ko‘taradi. Alisher Navoiy bu davr mobaynida Mashhad va Hirotda o‘qidi. Navoiy o‘sha paytlardayoq shoirlik iste’dodi tufayli katta shuhrat qozongan edi. Yoshlikdan Sulton Husayn bilan yaqin bo‘lgan Alisher o‘ziga nisbatan Abu Saidda adovat kayfiyatini sezib qoladi. Shu sababdan Navoiy Samarqandda ma’lum vaqt yashashga majbur bo‘ladi. Samarqandda u ilm-fan va she’riyat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Mashhur olim, falsafa, mantiq, huquq, arab tili, adabiyot va she’riyatning o‘tkir bilimdoni Fazlulloh Abullays Samarqandiydan saboqlar oladi. 1469-yilda Sulton Husayn Hirotni egallagach, Navoiyni o‘z huzuriga taklif etadi. Alisherni dastlab muhrdor vazifasiga, keyinchalik esa vazir qilib tayinlaydi. Sulton Husayn hukmronligi davrida Alisher Navoiy mamlakatda markazlashgan saltanat vujudga kelishi, viloyatlar obod etilishi, qishloqlarda dehqonchilik, shaharlarda hunarmandchilik va savdoning taraqqiy qilishi yo‘lida xizmat ko‘rsatdi. Alisher Navoiy adabiyot, san’at va ilm-ma’rifatning ravnaqi, aholining tinch va osoyishta istiqomat qilishi tarafdori edi.

Lekin Sulton Husayn davlati Alisher kutganicha taraqqiy etmadi. Suyurg‘ol tartibiga asoslangan bu davlatda, bir tomondan, viloyat hukmdorlari, hatto toj-u taxt valiahdlari Badiuzzamon va Muzaffar Husayn Mirzo isyonlari yuz beradi. Ikkinchi tomondan, zulm oqibatida Hirot va uning viloyatlarida xalq qo‘zg‘olonlari ko‘tariladi. Uchinchidan, o‘z manfaatini ko‘zlagan ochko‘z saroy ma’murlari fitna va fasodni avj oldirib, uning botqog‘iga Sulton Husaynni ham botiradi. Bunday ahvol, shubhasiz, bosh vazir darajasida turgan dono Navoiyning saroydan, hatto poytaxtdan uzoqlashishiga olib keladi. Shunday qilib, XV asrning ikkinchi yarmidagi beqaror siyosiy vaziyat tufayli Temuriylar saltanati inqirozga yuz tutdi.