Tayanch tushunchalar: Amir Temurning O‘zbekiston va jahon tarixida tutgan o‘rni, jahon va milliy tarixchilarning e’tirofi, Amir Temur xotirasining tiklanishi.
Amir Temurning O‘zbekiston va jahon tarixida tutgan o‘rni
Amir Temur 35 yil davomida mamlakatni boshqardi. Hindiston va Xitoydan Qora dengizgacha, Orol dengizidan Fors qo‘ltig‘iga qadar g‘oyat katta hududni qamrab olgan ulkan saltanat tuzdi. Bundan tashqari, Kichik Osiyo, Suriya, Misr va Quyi Volga, Don bo‘ylari, Balxash ko‘li va Elsuvi daryosi, Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan mamlakatlarni o‘ziga bo‘ysundirdi. Temur nafaqat Movarounnahr va Turkistonni obod qildi, balki bo‘ysundirilgan mamlakatlar shaharlarini ham qayta qurdirdi. Bag‘dod, Darband va Baylakon shaharlari shular jumlasidandir. Eng muhimi, Eron, Ozarbayjon va Iroqdagi tarqoqlik va boshboshdoqlikka barham berib, Sharq bilan G‘arbni bog‘lovchi qadimiy karvon yo‘llarini tikladi. Bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, xalqlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qo‘shdi.
Amir Temur Yevropaning Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik qirolliklari bilan bevosita savdo va diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Siyosiy tarqoqlik tugatilib, markazlashgan davlatning tashkil topishi ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi. Mo‘g‘ullarning bir yarim asr hukmronligi natijasida tanazzulga uchragan iqtisod va boshqa sohalarni tiklash uchun qulay sharoit vujudga keldi. Ayni vaqtda xo‘jalikning asosi bo‘lgan sug‘orma dehqonchilikda muayyan siljishlar ro‘y berdi. Yangi-yangi kanallar qazilib, sug‘orma dehqonchilik maydonlari kengaydi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi. Fan va madaniyat ravnaq topib, shaharlar obodlashdi, aholi soni ko‘paydi.
Amir Temur jahon va milliy tarixchilar e’tirofida
Sohibqiron Amir Temur mashhur davlat arbobi, mohir sarkarda sifatida O‘zbekistonda davlatchilik yuksalishida muhim o‘rin tutadi. Tarixiy manbalarda Amir Temur Sohibqiron nomi bilan bir qatorda “Sohibi jahon” hamda “Sohibi adl” – “Adolat sohibi” nomlari bilan ulug‘lanadi. Xalqaro YUNESKO tashkilotining tashabbusi bilan 1996-yilda Toshkent, Samarqand va xorijiy mamlakatlarda Amir Temur tavalludining 660 yilligi keng miqyosda nishonlandi. O‘zbekistonda “Amir Temur yili” deb e’lon qilindi.
Amir Temurning asosiy tarixiy xizmati shundan iboratki, aynan uning hukmronligi davrida Yevropa va Osiyo qit’alari ilk bor o‘zlarining bir geosiyosiy maydonda yashayotganliklarini his etdilar. Bu, xususan, bugun juda muhim. Chunki insoniyat shuni tushundiki, biz hammamiz bir-birimizga chambarchas bog‘liq, o‘zaro aloqadorlikda yashar ekanmiz, demak, endi yangi va xavfsiz dunyo tartiboti o‘rnatish uchun imkoniyat paydo bo‘ldi.
I.A.Karimov, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti.
1402-yilda jahonga, ayniqsa, Boqon yarimoroli hamda Yevropadagi xalqlarga tahdid solayotgan Turkiya sultoni Boyazid I Yildirim tor-mor qilinadi. Shundan so‘ng fransuzlar Amir Temurning oltindan haykalchasini quydirishadi va ostiga “Yevropa xaloskoriga” deb yozib qo‘yiladi. Bugun bu ulug‘ zotni buyuk bunyodkor, davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida butun dunyo tan oldi. Davlat arboblari, olim-u fozil kishilar hazrat Sohibqiron haqida iliq fikrlar aytmoqda, hayoti va faoliyatiga yuksak baho bermoqda.
Yevropa olimlarining Amir Temur shaxsi va faoliyatiga qiziqishi XVI asrdan boshlangan edi. 1553-yili Italiyaning Florensiya shahrida italiyalik olim Perondinoning “Skifiyalik Tamerlanning ulug‘vorligi” asari bosilib chiqdi. Bu Yevropa olimlarining Amir Temur haqidagi birinchi ilmiy tadqiqoti edi. Ushbu asrda ispan tarixchisi Pero Meksikaning “Buyuk Temur tarixi” asari chop etiladi. 1582-yili Seviliyada mashhur Ispaniya elchisi Klavixoning “Esdaliklar” kitobi nashrdan chiqdi. Ingliz dramaturgi Xristofor Morloning “Buyuk Temur” nomli sahna asari ham shu asrda yaratildi. Shundan beri buyuk Sohibqironga atalgan asarlarning keti uzilmaydi. Hozirgacha Amir Temur va temuriylar haqida 33 mamlakatda 500 dan ziyod chet ellik tadqiqotchilarning asarlari chop etilgan.
Sho‘rolar tuzumi davrida Amir Temur shaxsi va faoliyatiga adolatsizlik bilan yondashilib, bir yoqlama baho berib kelindi. Shunga qaramasdan, 1968-yilda faylasuf olim I.M.Mo‘minovning “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” risolasining nashr etilishi jamoatchilikning Temurga qiziqishini yanada avj oldirib yubordi. Asar keskin tanqidga uchradi. Ammo I.M.Mo‘minovning Amir Temur shaxsini o‘rganish tashabbusi bilan chiqishi ilmiy jasorat va yuksak vatanparvarlik fazilatining yorqin namunasi edi.
…bunday shaxsning yuzaga kelishi davrning, zamonning taqozosi, Chig‘atoy ulusining zulmi, mayda feodal beklarning vahshiyona ezishi, mo‘g‘ul xonlari, Oltin O‘rda beklarining Movarounnahrga to‘xtovsiz bosqinchilik yurishlari azoblangan, xonavayron bo‘lgan, 150 yil davomida chet el hukmronligidan tinkasi qurigan mamlakatning, xalqning mustaqillikka erishish talabi edi.
Bu tarixiy zaruriyat Temurda, uning lashkarboshilarida ravshan ko‘rindi, Temur davlat arbobi sifatida ma’lum darajada bu ehtiyojni, talabni, zaruriyatni o‘zida aks ettirdi, ya’ni Movarounnahrda mustaqil markaziy birlashgan davlat tuzdi, mamlakat ehtiyojlariga javob berdi.
I.M.Mo‘minov.
Mustaqillik yillarida Amir Temur xotirasining tiklanishi. O‘zbekiston mustaqilikka erishgandan so‘ng Birinchi Prezident Islom Karimov sa’y-harakati bilan Amir Temurning jahon tarixida tutgan o‘rni o‘z joyiga qo‘yila boshlandi. O‘zbekistonda uning faoliyatini o‘rganishga va ommalashtirishga keng yo‘l ochildi. Amir Temurning nomi O‘zbekistonda abadiylashtirildi. Ko‘plab shahar va qishloqlardagi shohko‘chalar, maydonlar, jamoa xo‘jaliklari, maktablar, kinoteatrlar va boshqalarga nomi berildi.
Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlarning markaziy maydonlarida Amir Temurga haykal o‘rnatildi. 1995-yilda Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi tashkil qilindi.
1996-yilda Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Temuriylar davri muzeyi barpo etildi, “Amir Temur” ordeni ta’sis etildi.
2017-yil 30-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida so‘zlagan nutqi davomida yoshlarga harbiy ta’lim-tarbiya beradigan kursantlar maktablariga Temurbeklar maktabi nomini berish taklifini ilgari surdi. Taklif yoshlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.