Tayanch tushunchalar: yozuv, diniy e’tiqodlar, san’at, musiqa
Yozuv
Bu davrda Sug‘d, Xorazm va Toxariston aholisining alohida-alohida yozuvlari bo‘lgan. Sug‘d va xorazm yozuvlari qadimgi oromiy yozuvi asosida vujudga kelgan edi. Toxar yozuvi baqtriya yozuvi asosida shakllangan bo‘lib, 25 harfdan iborat edi.
Xat, hujjat va ayrim axborotlar kabi maktubotlar asosan charm, yog‘och, sopolga va kamdan kam hollarda qog‘ozga bitilardi. Chunki qog‘ozning bahosi nihoyatda qimmat edi. Ayrim bitiklar esa hatto podshoh podsho saroylari va ibodatxona devorlariga ham yozilardi. Ular orasida elchilik maktublari, xo‘jalik kirim-chiqimlari, huquqiy shartnomalar, astronomik hujjat, tarixiy yodnomalar hamda diniy aqidalar bitilgan nodir qo‘lyozma topilmalar bor.

Sug‘d yozuvi.
Bizning zamonamizgacha saqlanib qolgan sug‘d yozuvlari Panjikent yaqinidagi Mug‘ qal’asida, Sharqiy Turkistondagi Turfan shahri yaqinida, Samarqandning qadimiy xarobasi Afrosiyobda qayd etib o‘rganilgan. Ularda Sug‘dning siyosiy tarixi, huquq va qonunlari, iqtisodiy va diniy e’tiqodlari to‘g‘risida muhim ma’lumotlar keltirilgan.
Sug‘dda bolalar besh yoshga to‘lgach, yozuv va hisobga o‘rgatilar, so‘ngra yigirma yoshga kirganida savdo ishlarini o‘rganish uchun o‘zga mamlakatlarga jo‘natilar edi.
Shuningdek, bu davrda turkiy run (ko‘kturk) xati ham keng qo‘llanilgan.
Turklarning bu yozuvi bir ikkinchisiga ulanib ketadigan 38–40 harfdan iborat edi. U tosh va yog‘ochga o‘yib yozishga nihoyatda qulay edi. Qadimgi ko‘kturk bitiklari (Kultegin va Bilga xoqon bitiklari) Oltoy va Sharqiy Turkistondan tashqari, Yettisuv, Farg‘ona va Zarafshon vodiylaridan topilgan hamda o‘rganilgan. Ular qabrtoshlar, sopol va metall buyumlar, yog‘och hamda tanga pullarga bitilgan. Ilk o‘rta asrlarda yurtimizda sug‘d, xorazm, toxar va turkiy run (ko‘kturk) yozuvlari mavjud bo‘lgan.
Diniy e’tiqodlar
VI–VII asrlarda O‘rta Osiyoda zardushtiylik, buddaviylik, nasroniylik, moniylik, qam (shomoniylik) kabi bir nechta mahalliy va boshqa o‘lkalardan kirib kelgan dinlar mavjud bo‘lgan. Aholining ko‘pchiligi zardushtiylik diniga e’tiqod qilgan.

Varaxsha. Devoriy tasvir
Manbalarda e’tirof etilishicha, Toxariston aholisi buddaviylik diniga e’tiqod qilgan. Toxariston Markaziy Osiyoda budda va moniylik dinlarining tarqalishi va rivojida muhim ahamiyat kasb etgan. O‘rta Osiyo xalqlarining mafkuraviy hayotida moniylik dini ham keng tarqalgan edi. Moniy dini ta’limoti bo‘yicha olamning ibtidosi ikki qarama-qarshi yaratuvchi – yorug‘lik va ezgulik hamda zulmat va yovuzlikdan iboratdir. Ibodat, ro‘za, sadaqa moniy dinining arkoni hisoblangan. Samarqand viloyatining Urgut tumani Sug‘ddagina emas, balki butun O‘rta Osiyoda nasroniylik markazlaridan bo‘lgan.
Turk xoqonligining chorvador aholisi qadimdan shomoniylik diniga sig‘inib kelgan. Bu din jon va ruhlarga, ota-bobolar ruhiga sig‘inish e’tiqodini tarbiyalagan. Qadimgi turklar o‘z dinini “qam” deb yuritgan. Chunki ularda “shomon” degan so‘z bo‘lmagan. Bu din koinotni yo‘qlikdan bor qilgan Ko‘k Tangriga e’tiqod qiluvchi yakkaxudolik dini hisoblanadi. Chorvador ko‘chmanchi aholi Ko‘k Tangriga bag‘ishlangan marosimlar o‘tkazib, qurbonliklar qilgan.
Arkon – dindagi eng muhim vazifa, suyanchiq, ma’muriyat.
Qam-shomon – Ko‘k Tangriga sig‘inuvchi yakkaxudolik dini.
Masalan, Ko‘k Tangri sharafiga qurbonlik uchun qora qashqa ot so‘yilgan.
Shaharsozlik
V–VII asrlarda dehqonchilik maydonlari kengayib, mahsulotlarning soni ortib borgan. Hunarmandchilik buyum va jihozlariga bo‘lgan ehtiyoj ortib, savdo-sotiq avj olgan. Bu esa shaharlarning ravnaqiga ta’sir ko‘rsatgan. Shaharsozlikning o‘zagi bo‘lgan shahristonlar, atrofidagi rabotlar, bog‘-u rog‘lar, asosan, sersuv manzillarda bunyod etilgan. Shahriston maydoni dastlab 15 gektardan oshmagan. Unda, asosan, boy tabaqa vakillari istiqomat qilgan. Shahar atrofidagi rabotda hunarmand va dehqonlar yashagan. Buxoro va Poykand shaharlarining maydoni 20 gektardan oshmagan. Bu davrda O‘rta Osiyoda eng katta shaharlardan biri Samarqand edi. Uning umumiy maydoni qariyb 200 gektar bo‘lgan. Shahriston qurilishi Afrosiyob, Varaxsha, Panjikent shaharlaridagi arxeologik tadqiqotlar orqali o‘rganilgan. Ko‘cha tarmoqlari qatoriga oddiy uy-joy binolari, hunarmand ustaxonalari, do‘konlar, ibodatxonalar, saroylar qurilgan. Devorlar, xususan, mudofaa devorlari paxsa va xom g‘ishtdan qurilib, burchaklariga baland qilib burjlar ishlangan.
San’at
Tasviriy san’atning rassomlik va haykaltaroshlik kabi tarmoqlari ravnaq topdi.
Surxon vohasida Bolaliktepa va Zarafshon vodiysida Panjikent, Varaxsha va Afrosiyob, Farg‘ona vodiysida Quva xarobalaridan topib o‘rganilgan yodgorliklar mavjud. Ulardan devoriy sur’atlar, haykallar va ganchkori naqshlar o‘sha davrning yuksak san’at asarlaridan hisoblanadi. Devoriy tasvirlar zamonasining o‘ta murakkab hayoti, din-u e’tiqodi va tashqi mamlakatlar bilan olib borilgan aloqalaridan hikoya qiluvchi manbadir.

Varaxsha, Ganchkor Humo qushi. VI–VII asrlar.
Haykaltaroshlik rivojiga ayniqsa buddaviylik dini kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Farg‘ona vodiysidagi Quvadan hamda Qo‘rg‘ontepa yaqinidagi Ajinatepadan buddaning bahaybat haykallari topilgan va o‘rganilgan. Ajinatepa buddasi haykalining bo‘yi 12 metrga boradi. Bu davrda badiiy yog‘och o‘ymakorligi san’ati ham yuqori darajada rivojlangan. Ilk o‘rta asr ganchkorligi san’atining nodir yodgorligi namunalari Varaxsha topilmalari orqali tadqiq etildi.
Musiqa san’ati
O‘rta Osiyoda musiqa, raqs, qo‘shiqchilik, qiziqchilik va dorbozlik kabi san’atning turli sohalari ham rivojlangan edi. Bu davrda san’at sohasida Buxoro qiziqchilari, Samarqand naychilari, Toshkent raqqos yigit va qizlari bilan shuhrat topgan edi. Choch raqqoslari ijro etgan mashhur “Choch raqsi” yoki doira chertmasiga imo bilan yelka uchurib tushadigan o‘ynoqi “Doira raqsi” Xitoy ayonlarini maftun etib, hayratga solgan. Birgina Buxoro shahrida usta hunarmandlar tomonidan o‘n turdagi cholg‘u asboblari yasalgan.