Mustаmlаkаchilik jаbr-zulmining kuchаyishi
Rossiya imperiyasi Turkiston o‘lkasini bosib olgach, mahalliy aholining milliy davlatchilik, ozodlik tuyg‘ularini so‘ndirishni asosiy vazifa deb hisoblagan.
Bu vazifani amalga oshirmay turib, o‘z hukmronligini osongina saqlab bo‘lmasligini podsho hukumati yaxshi bilardi. Har qanday mustamlakachi davlat harbiy va bosqinchilik yo‘li bilan bosib olgan hududning boyliklaridan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga harakat qiladi. Turkistonda ham xuddi shu taxlitda ish yuritilib, o‘lkani Rossiya imperiyasining asosiy xomashyo bazasiga aylantirishga kirishildi. O‘lkada sanoat ishlab chiqarish rivojlana borib, kapitalistik munosabatlarga asta-sekin yo‘l ochilayotgan bo‘lsa-da, bu xalqning moddiy ahvolini yaxshilamadi, balki korxona xo‘jayinlari, savdogarlar, amaldorlarning boyishiga yo‘l ochib berdi. Yer-mulkning boylar va yirik savdogarlar qo‘lida to‘plana borishi kam yerli dehqonlarning, chorakorlarning ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Sudxo‘rlik mislsiz darajada avj oldi.
Qarz beruvchi kassa mablag‘laridan faqat ayrim vositachilar — boylar, sudxo‘rlar, savdogarlar va shunga o‘xshash yulg‘ichlar foydalanib, uni o‘zlari xohlaganicha tasarruf qilishardi. Paxtani sotib oluvchilar dehqonning nihoyat darajada muhtoj bo‘lib qolganidan foydalanib, kelasi yil hosiliga juda past narx belgilab, qarz berardi. Sudxo‘r changaliga tushib qolgan dehqon xo‘jalik mustaqilligidan mahrum bo‘lib, qarz bergan kishi nimani buyursa, shuni ekishga majbur edi. Qarz va nasiyalardan foydalanish avj olgan sari dehqonlarning ahvoli tobora yomonlashib, qashshoqlikka yuz tutgan. Ular qarzlar tufayli o‘z yerlarini sotib yuborishga majbur bo‘lgan.

Turkistonning mustamlakaga aylantirilishi nafaqat dehqonlarning, balki minglab oilaning tirikchiligini tebratib turgan hunarmand-kosiblarning ham ahvolini og‘irlashtirdi. Rossiya sanoati tomonidan ishlab chiqarilgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, ayniqsa, to‘qimachilik mahsulotlari bilan O‘rta Osiyo bozorlarining to‘ldirilishi natijasida hunarmandchilikning ko‘plab turlari inqirozga uchradi. Bu vaqtga kelib iqtisodiy qiyinchiliklar, yashash sharoitining yomonligi, soliqlarning ko‘pligi, mehnat majburiyatlarining og‘irligidan mahalliy aholining ahvoli yomonlashib ketdi. Bunday holat kambag‘allar safining yanada ko‘payishiga olib keldi. Bularning barchasi o‘lka xalqlarining siyosiy mustamlaka zulmiga tushishi, milliy davlatchilikning yo‘qotilishi va hukmron ma’muriyat tomonidan har tomonlama kamsitilishiga sabab bo‘ldi.
Milliy-оzоdlik hаrаkаtlаrining bоshlаnishi
XIX asr oxirida iqtisodiy qiyinchiliklar va xalqning ma’naviy jihatdan kamsitilishi, mahalliy urf-odatlarga zid bo‘lgan qarorlarning qabul qilinishi natijasida Turkiston Rossiya imperiyasining milliy ozodlik harakatlari avj olgan markazlaridan biriga aylandi. (O‘lkaning turli joylarida ko‘tarilib kelayotgan bu qo‘zg‘olonlarning harakatlantiruvchi kuchi, asosan, dehqonlar, shahar hunarmand-kosiblaridan iborat aholining kambag‘al qismi bo‘ldi. Bu harakatlarda vatanparvar ruhoniylar, milliy g‘ururini yo‘qotmagan mulkdorlar, savdogarlar ham ishtirok etdi.) Mustamlakachilikka qarshi o‘lkaning turli joylarida norozilik chiqishlari bo‘lib turdi. Jumladan, 1878-yili Mingtepada (hozirgi Marhamat tumani) mustamlakachilarning siyosiy va iqtisodiy zulmiga qarshi Yetimxon boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Uni mustamlakachi hukumat kuch bilan bostirdi. 1879-yilning kuzida mahalliy aholi Farg‘ona viloyat boshqarmasi binosi oldiga ochiqchasiga norozilik bildirib yig‘ildi. Ular Marg‘ilon uyezdida soliq to‘plash noqonuniy tusga kirganiga qarshi chiqib, soliqlarning kamaytirilishini qat’iy talab qildi. Qo‘zg‘olon kuchayib ketishi ehtimolini sezgan podsho hukumati komissiya tuzib, vaziyatni o‘rganishga kirishdi. Komissiya viloyatda paxta ekishning keng ko‘lamda avj oldirilishi, natijada boshqa muhim ekinlar keskin kamaygani bunga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

1880-yilning noyabrida aholi hamma soliqlarni to‘laganiga qaramay, Xo‘jand uyezdining boshlig‘i Xo‘jand va O‘ratepa tumanlaridagi aholidan qo‘shimcha yer solig‘i olinishini e’lon qildi. Buning oqibatida sabr kosasi to‘lgan aholi Rahmonqulihoji, Mirkarimboylar boshchiligida odamlar uyezd boshlig‘ining mahkamasiga borib, adolatsiz soliqni bekor qilishni talab qildi. Bunga javoban boshliq mirshablarga namoyish rahbarlarini hibsga olishni buyurdi.
Talonchilik, soliqlar va jabr-zulm avjiga chiqqani sababli 1882-yilning boshlarida Namangan aholisi ma’murlarga qarshi bosh ko‘tarib chiqdi. Bu safar ular uyezd boshlig‘ining uyini o‘rab oldi. Uyezd ma’murlari harbiy bo‘linmani yordamga chaqirib, namoyishchilarni qattiq jazoladi. 1885-yilning yozida Farg‘ona vodiysida xalq qo‘zgolonlari qaytadan avj olib, Andijonda Darvishxon boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Endi qo‘zg‘olonchilar kurash usullarini o‘zgartirib, boylar va volost boshliqlarining qarorgohlariga hujum uyushtirdi. Shu yillarda qo‘zg‘olon birin-ketin butun viloyatga yoyildi. 1896-yilda Namangan uyezdining Oqsuv–Shahrixon volostidagi Naymanchi, Ko‘hna mozor, Langarbob qishloqlarida aholining mingboshilar saylovlaridagi noroziligi oshkora qo‘zg‘olonga aylanib ketdi.
Turkistonda podsho hukumatining hukmronligi, amalga oshirayotgan mustamlakachilik siyosatiga qarshi o‘lkaning har bir joyida mahalliy aholi tomonidan turli ko‘rinishdagi norozilik harakatlari olib borildi. Xаlq hаrаkаtlаrigа qаrshi jаzо tаdbirlаrining kuchаytirilishi. Rossiya imperiyasining savdo-sanoat doiralari Turkiston o‘lkasini har tomonlama, ayniqsa, iqtisodiy jihatdan qaram qilishda faol ishtirok etdi. Mustamlakachi hukumat dastlab ko‘chirib keltirilganlar qishloqlarini o‘zbek, qirg‘iz, tojik qishloqlaridan ajratib, mustaqil bo‘lishini ta’minlagan bo‘lsa, keyinchalik bu qishloqlar va mahalliy qishloqlarni birlashtirgan volostlarga rahbarlarni mahalliy aholiga mansub bo‘lmagan shaxslardan qo‘ya boshlashdi. Ular orqali mahalliy aholi ustidan boshqaruv va nazoratni o‘z qo‘llariga to‘liq olish mo‘ljallangandi. O‘lka ma’muriyati qo‘zg‘olonlarning yangi to‘lqin bilan kuchayib ketishidan doimiy ravishda xavfsirab turardi. General-gubernator mahkamasi maxsus bo‘limining boshlig‘i o‘z ma’ruzasida ʻʻisyonga moyilʼʼ aholi vakillarini harbiy sudga berish va bu sud o‘lim jazosini oshkora ijro etishi haqida fikr bildirdi. U xalqni qo‘rquv va tobelikda ushlab turish o‘lkada tartib hamda osoyishtalikni ta’minlashga qodir yagona vosita ekanini uqtirdi. 1892-yildan mustamlakachilar oddiy fuqarolarni ma’murlarga qarshilik ko‘rsatgan taqdirda bevosita harbiy dala sudiga bera boshladi. ʻʻGunohkorlarʼʼni ochiqchasiga qatl etish endilikda odamlarni qo‘rqitish uchun mustamlakachilarga katta huquqlar berdi.
