Mahalliy hokimlikning tashkil topishi



Tayanch tushunchalar: Mahalliy hokimlar, Sug‘d ixshidlari, Toxariston, Farg‘ona, Choch, Eloq, shahar me’morchiligi.


Mahalliy hokimliklar

V–VII asrlarda mamlakat 15 dan ortiq hokimliklarga bo‘linib ketgan edi. Bu viloyat hokimliklari avval eftallar, so‘ngra Turk xoqonligiga bo‘ysundirilgan. Biroq eftallar ham, turk xoqonlari ham ularning ichki hayotiga deyarli aralashmagan. Markaziy hokimiyatga boj to‘lab turish bilan ular o‘z mustaqilligini ma’lum darajada saqlab qolgan.


Sug‘d


Mustaqil hokimliklar orasida eng yirigi Sug‘d ixshidlari – voha hukmdorlari edi. O‘rta asr davlatlari birlashmasi ittifoqida Sug‘d ixshidlari katta siyosiy nufuzga ega edi. Mazkur ittifoqda Zarafshon va Qashqadaryo vodiylarida joylashgan Samarqand, Buxoro va Kesh vohalarining o‘n bitta yirik mulklari birlashgan edi. Ularning har biri o‘z hokimi, harbiy chokarlari va mis pul birligiga ega edi.

Sug‘dda aholi gavjum yashardi. Sug‘diylar dehqonchilik va bog‘dorchilik, ayniqsa, uzumchilikda nihoyatda sohibkor bo‘lgan. Chorvachilikda Sug‘dning hisori qo‘ylari va otlari juda mashhur edi.

Sug‘d shaharlari bu davrda hunarmandchilik markaziga aylanadi. 718-yilda hadya tariqasida Samarqanddan yuborilgan dubulg‘adan nusxa olib, Xitoy qurolsozlari qo‘shinni temir qalpoq (dubulg‘a)lar bilan ta’minlagan.


Toxariston

Toxariston hozirgi Janubiy O‘zbekiston va Janubiy Tojikiston, Shimoliy Afg‘onistonni o‘z ichiga olgan. Bu tarixiy viloyat shimolda Hisor tog‘lari, janubda Hindikush, g‘arbda Murg‘ob va Xerirud vodiysi, sharqda Pomir bilan chegaralangan. Toxariston Balx, Qunduz, Termiz, Chag‘oniyon, Xuttal va boshqa 27 ta tog‘ va tog‘oldi viloyatlaridan iborat bo‘lgan. Toxariston poytaxti Balx shahri bo‘lgan.

Toxariston nomi qadimda Yunon-Baqtriya davlatini qulatgan chorvador qabila – yuechjilar nomidan olingan. Toxariston hukmdorlari dastlab “malikshoh”, keyinchalik “yabg‘u” nomi bilan atalgan.

Toxariston aholisining asosiy qismi o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullangan.
Hunarmandchilikda qurolsozlik, shishasozlik va to‘qimachilik yuksalgan. Toxariston Hindiston, Yaqin va Uzoq Sharq mamlakatlari bilan savdo-madaniy aloqalar o‘rnatgan. Ichki savdoda o‘z chaqa-tangalari muomalada bo‘lgan.


Farg‘ona

Farg‘ona hukmdorlari “ixshid” deb atalgan. Farg‘ona yerlari juda sohibkor bo‘lib, aholisi dehqonchilik bilan kun kechirgan, paxta va sholi ekkan. Koson, Axsikat (Xushkat) va Quva (Qubo) kabi yirik markaziy shaharlar mavjud bo‘lgan. Ularda hunarmandchilikning turli sohalari rivoj topib, mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarda juda xaridorgir bo‘lgan. Qo‘shni mamlakatlarga bo‘yoq, rangli shisha buyumlar va dori-darmonlar chiqarilgan.

Farg‘ona vodiysida o‘troq aholi bilan bir qatorda chorvadorlar ham yashagan.
Qurama va Qoramozor tog‘ yonbag‘irlarida qadimdan yilqichilik bilan shug‘ullanilgan. Bu vodiyda ko‘paytirilgan tulpor va otlarning dong‘i jahonga taralgan.


Choch va Eloq

Chirchiq va Ohangaron vodiylarida ikkita hokimlik mavjud bo‘lgan. Manbalarda ulardan biri Choch, ikkinchisi Eloq nomlari ostida tilga olinadi.
Chochning markazi Choch shahri bo‘lib, hukmdori “tudun” deb yuritilardi. Eloqning markazi Tunkat, hookimlari esa “dehqon” deb atalardi.

VII asrning dastlabki choragida G‘arbiy turk xoqonligi hukmdorlik qarorgohini Choch viloyatiga ko‘chiradi. Hukmdor va malika uchun bu yerda o‘ziga xos qarorgohlar bino qilingan.

Choch o‘lkasi o‘z tanga pullariga ega bo‘lgan. Tangalarning old betida hukmdor surati, teskari tomonida ot, gajak dumli bars yoki qoplon tasviri, ba’zan sulolaviy ayri tamg‘a tushirilgan.

Ayrim tangalarda esa hatto hukmdorga yonma-yon malika tasviri ham chekilgan. Bunday tasvir hukmdorning malikasi – xvatun (xotun) vazirlik darajasiga ega bo‘lib, davlat boshqaruvida faol ishtirok etganligidan dalolat beradi. Saroyda u xoqondan keyingi o‘rinni egallagan.

Choch va Eloq sertarmoq xo‘jalikka ega bo‘lgan. Sug‘orma dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, konchilik va savdo rivoj topgan. Karvon yo‘lining o‘lka orqali o‘tishi Choch va Eloqqa ichki va tashqi savdo-sotiqning kengayishiga xizmat qilgan. Shuningdek, shaharlar aholisining ko‘payishiga imkon bergan.


Boshqaruv ma’muriyati

Ilk o‘rta asrlarda O‘rta Osiyo hokimliklarida ma’lum tartibdagi boshqaruv ma’muriyati tashkil topgan edi. Boshqaruv ma’muriyatining asosiy vazifasi fuqarolardan boj, soliq va yasoqlarni o‘z vaqtida yig‘ib olish, jamoat ishlariga ularni safarbar etishdan iborat bo‘lgan. Kirim-chiqimlar aniq va ravshan qayd etilgan va hujjatlashtirilgan. Ularga barmoq bosilib, muhr bilan tasdiqlab qo‘yilgan.


Shahar me’morchiligi

V–VII asrlarda O‘rta Osiyoda, bir tomondan, yergalik qilish munosabatlari o‘rnatilib va mustahkalanib boradi. Ikkinchi tomondan, ko‘chmanchi chorvadorlarning kirib kelishi va o‘troqlashuvi kuchayadi. Bu ikki holat shahar va qishloq larning qiyofasi hamda aholining turmush tarzi va ijtimoiy ahvoliga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ziroatkor yerlar kengayib, dehqonchilik vohalarining suv ta’minoti tubdan yaxshilandi. Tog‘oldi maydonlariga suv chiqarilib, yangi yerlar o‘zlashtirildi. Shaharlar aholisi ko‘paydi. Qishloqlarda “ko‘shk”, “qasr”, “qo‘rg‘on” va “qo‘rg‘oncha” kabi istehkomli turarjoylar qad ko‘tardi.

Istehkomli qasr, qo‘rg‘on va ko‘shklar asosan tashqi dushman hujumiga qarshi mudofaa inshooti, chokarlar to‘planadigan joy, ma’muriy markaz hamda oziq-ovqat va qurol-yarog‘ saqlanadigan ombor vaizafisini o‘tagan.

O‘rta asrlarda shaharlar uch qismdan iborat bo‘lgan. Ular “ko‘handiz”, “shahriston”, “rabot” deb yuritilgan. Shaharlarning uchala qismi ham alohida-alohida devorlar bilan o‘rab olingan. Ularning bir nechta darvozalari bo‘lgan.
Shahar devorlari bo‘ylab oqib o‘tgan anhor xandaq vazifasini bajargan. O‘rta asrlarda yashagan arab mualliflari (Ibn Xavqal va Ishtaxriy) qayd etishicha, birgina Binkat (Toshkent)ning yigirma ikkita darvozasi bo‘lgan.

Ixshid – viloyat hokimi
Ko‘handiz (ark) – shaharning hokim qasri joylashgan qismi
Rabot – shaharning tashqi mavzesi
Shahriston – shaharning ichki qismi