XVI-XVIII asrlarda Usmoniylar imperiyasi (Turkiya)




Imperiyaning yuksalishi

XVI asr boshlarida butun imperiya viloyatlarga, viloyatlar esa sanjoq (tuman)larga bo‘lingan edi. Viloyatlarni vali, sanjoqlarni esa sanjoqbey boshqarardi.

Imperiyaning asosiy tayanchi qo‘shini edi. Imperiya bosib olgan hududlardagi yerlar ham davlat mulki deb e’lon qilindi. Sulton bu yerlarni o‘z sipohiy (otliq askar)lariga harbiy majburiyat evaziga taqsimlab bergan. Ularning miqdori har xil edi. Sipohiylar shu tariqa o‘z xo‘jaligiga ega bo‘lgan. Ular o‘z yerlarini dehqonlarga ijaraga bergan.

Ayni paytda sipohiylar zimmasiga harbiy harakatlarda qatnashish zarurati tug‘ilganida sulton farmon bergan zahotiyoq sanjoqbey qo‘mondonligida belgilangan joyga yetib kelish majburiyati yuklatilgan.

Shuningdek, ular o‘zi bilan birga yeridan oladigan daromadiga mos ravishda qurolli askarlar olib kelishi ham shart bo‘lgan. Sipohiy xo‘jaligining daromadini ijarachi dehqon to‘laydigan soliq tashkil etardi.

Turk yanichari

Bundan tashqari, imperiyaning doimiy piyoda qo‘shini – yanicharlar (yangi qo‘shin), shuningdek, kuchli harbiy dengiz floti ham bor edi. Bu omillar XVI asrda ham Usmoniylar imperiyasiga keng ko‘lamda bosqinchilik urushlari olib borish imkonini berdi. Bu davrda Eron imperiyaning Osiyodagi eng yirik raqibiga aylangan edi. Sulton Salim I 1514-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy qo‘shinini tor-mor etdi. Bu g‘alaba sultonning Eron shohi ittifoqchisi bo‘lgan Misr sultonligiga qarshi yurish boshlashiga yo‘l ochdi.

Sulton Salim I dastlab Suriya va Falastinni bosib oldi. 1517-yilda esa Misr poytaxti Qohira shahri egallandi.

XVI asr turk otliq askari

Imperiya nafaqat Osiyo va Yevropada, hatto Afrikada ham mustamlakalarga ega bo‘ldi.

Imperiya hududining kengayishi yirik savdo yo‘llarining ham Turkiya nazorati ostiga o‘tishiga olib keldi. Bu omillar imperiya markaziy hokimiyati va harbiy qudratining yanada kuchayishini ta’minladi. Natijada Turkiyaning xalqaro ta’sir-e’tibori, Yevropa, Osiyo va Afrika mamlakatlari taqdiridagi o‘rni yanada ortdi.


Ichki ahvol

Imperiya o‘z qudratiga faqat sultonlarning oqilona siyosati tufayligina erishgani yo‘q. Bu qudratga mehnatkashlarni ekspluatatsiya qilishni kuchaytirish, mustamlaka o‘lkalardan tashib kelingan ulkan miqdordagi boyliklar hisobiga ham erishdi.

Ekspluatatsiyaning tobora kuchayishidan tinka-madori qurigan dehqonlar shaharlarga, tog‘larga qochib keta boshladi. Sulton buning oldini olish maqsadida yer egalariga qochib ketgan dehqonlarni majburan qaytarib olib kelish huquqini beruvchi maxsus farmon chiqarishga majbur bo‘ldi.

Dehqonlarning xonavayron bo‘lishi va qochib ketishi XVI asr o‘rtalaridan boshlab qishloq xo‘jaligining inqirozga yuz tutishiga sabab bo‘ldi.

Shu tariqa Turkiya harbiy qudratining pasayish davri boshlandi. G‘arbiy Yevropada markazlashgan davlatlar, kuchli markaziy hokimiyat qaror topgan bir sharoitda Turkiya zaiflasha boshladi. 1684-yilda Yevropa davlatlari Turkiyaga qarshi “Muqaddas Liga” tuzdi. XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida Turkiya avvalgidek hujumkor qudratga ega bo‘lmay qoldi.


Yevropa davlatlariga qaramlikning boshlanishi

Bora-bora Turkiyada iqtisodiy tanglik davri boshlandi. Bunday sharoitda Turkiya Yevropa davlatlari madadiga tayanishni lozim ko‘rdi. Yevropa davlatlari savdogarlariga katta yengillik va imtiyozlar berila boshlandi.

Masalan, Fransiya savdogarlari uchun atigi uch foiz miqdorida bojxona to‘lovi joriy etildi. Natijada Turkiya bozorlari Yevropa tovarlariga to‘ldirib tashlandi.
Bu esa mahalliy hunarmandchilikka o‘nglanmas zarba berdi.

Turkiya tashqi siyosatda, birinchi navbatda, Angliya va Fransiya bilan yaqinlasha boshladi. Sultonlar nazdida ular imperiyaning Rossiyaga qarshi kurashida ittifoqchilari bo‘lishi kerak edi. Angliya va Fransiya hukumatlari ham mavjud vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishga intildi.
Ularning madadidan umidvor bo‘lgan Turkiya XVIII asrda Rossiya bilan bir necha bor urushga kirdi, biroq yengildi. Mag‘lubiyat Turkiyada hukm surayotgan o‘rta asr munosabatlarining butunlay chiriyotganining namoyishi bo‘ldi.

Liga — ittifoq, birlashma.