O‘zbekiston SSRning tashkil topishi


O‘zbekiston SSRning tuzilishi, uning hududi va aholisi

1925-yil 13-fevralda Buxoroda maxsus qurilgan Xalq uyida Butuno‘zbek (O‘zbekiston SSR) Sovetlarining I ta’sis qurultoyi ochildi. Qurultoy faoliyatida Moskvadan maxsus kelgan Butunittifoq (SSSR) Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi Mixail Kalinin qatnashdi va nutq so‘zladi. Qurultoy qatnashchilari tomonidan 17-fevralda “O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tashkil etish to‘g‘risida Deklaratsiya” qabul qilindi. Deklaratsiyada yangi tashkil topgan O‘zbekiston SSR tarkibiga Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo, Zarafshon (Buxoro), Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Tojikiston ASSR kirganligi alohida ta’kidlandi.


Qurultoyda respublikaning oliy organlari: O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi (O‘zSSR MIK) va O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti (O‘zSSR XKS) tuzilgan. Taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi, “Qo‘shchi” uyushmasi faoli Yo‘ldosh Oxunboboyev O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi lavozimlariga saylanishdi. Bu paytda O‘zbekiston SSR hududi 312 394 km2, aholisi 3 963 285 kishi bo‘lgan (unga Tojikiston ASSR va Qoraqalpog‘iston avtonom viloyatining hududi va aholisi kirmaydi). 1924-yil oxirida O‘rta Osiyo respublikalarida hammasi bo‘lib 8 131 062 kishi yashagan bo‘lib, ularning qariyb yarmisi O‘zbekistonda istiqomat qilgan.

Yo‘ldosh Oxunboboyev


Qurultoyda respublikaning oliy organlari: O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi (O‘zSSR MIQ) va O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti (O‘zSSR XKS) tuzilgan. Keyinchalik bu miqdor doimiy ravishda o‘zgarib turgan.

O‘zbekiston hukumatining Samarqanddan Toshkentga ko‘chirilishi
Milliy-hududiy chegaralanishdan so‘ng O‘rta Osiyo respublikalari


O‘zbekiston SSR tashkil topgan paytda qisqa muddat (1925-yil fevral–aprel) davomida Buxoro shahri poytaxt bo‘ldi. So‘ngra 1925-yil apreldan 1930-yil sentyabrgacha Samarqand shahri O‘zbekiston SSR poytaxti sanalgan. Bu paytda Toshkentda Markazning yangi tuzilgan O‘rta Osiyo respublikalarini nazorat qilishga mo‘ljallangan turli tashkilotlari (VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi, O‘rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi, Turkiston fronti, O‘rta Osiyo harbiy okrugi va b.) joylashtirilgan edi. Samarqand respublikaning markazida joylashgan bo‘lib, bu holat yangi tashkil qilingan O‘zbekiston SSR hududining barcha qismlarini amalda bir butun qilib birlashtirishga hamda sovet tashkilotlari ishini jonlantirishga yordam berdi.


Mahalliy hokimiyat organlari mustahkamlanib, ularning markaziy hukumat muassasalari bilan aloqalari kuchaygandan so‘ng O‘zbekiston poytaxti 1930-yil 20-sentyabrda respublikaning eng muhim iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi bo‘lgan Toshkent shahriga ko‘chirildi. O‘zbekiston SSR hukumatining raisi Fayzulla Xo‘jayev bir kechada poytaxtni Samarqanddan Toshkentga ko‘chirib keltirgan edi.
O‘zbekiston SSRda 1925-yil 29-yanvarda ilk bor ma’muriy-hududiy bo‘linish o‘tkazildi. Dastlabki 7 viloyat (Zarafshon, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm), alohida Konimex tumani tashkil topdi. Bu paytda O‘zSSR tarkibida 23 ta uyezd va 241 ta volost bo‘lgan.


1926-yil 29-sentyabrda O‘zbekiston SSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi V sessiyasining rayonlashtirish to‘g‘risida qarori qabul qilindi. Unga muvofiq O‘zbekiston SSRda mavjud bo‘lgan 7 ta viloyat, 23 ta uyezd, 241 ta volost va 1 163 ta qishloq jamoasi o‘rniga yangi ma’muriy bo‘linish o‘tkazilib, 10 ta okrug (Xorazm, Buxoro, O‘rta Zarafshon, Samarqand, Toshkent, Xo‘jand, Qo‘qon, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo), alohida qozoq-qoraqalpoq Konimex tumani, 87 ta tuman va 1 720 ta qishloq sho‘rosi tuzildi.

O‘zbekiston Kommunistik partiyasining tashkil topishi

O‘zSSR tuzilishi arafasida, 1925-yil 6–12 fevralda eski Buxoro shahrida O‘zbekiston Kommunistik partiyasining I ta’sis syezdi ham bo‘lib o‘tdi. Syezd ishida SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi M. I. Kalinin qatnashdi va ma’ruza qildi. Syezdda O‘zbekiston Kommunistik (bolsheviklar) partiyasi tashkiliy jihatdan rasmiylashtirildi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti mas’ul sekretarlari qilib Vladimir Ivanov va Akmal Ikromov saylandi. O‘zbekiston Kompartiyasi aslida Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS)ning O‘zbekiston SSRdagi filiali hisoblangan. Sovet hokimiyati yillarida respublika siyosiy hayotida O‘zbekiston Kommunistik partiyasi yetakchi rol o‘ynagan. O‘zbek xalqi tarixida XX asrda yuz bergan ko‘plab fojiali voqealar kommunistik partiya faoliyati bilan bog‘liqdir. O‘zbekiston partiya tashkiloti respublika va o‘zbek xalqi manfaatlarini hisobga olmasdan Moskvada ishlab chiqilgan qarorlarni bajarib keldi.

O‘zbekiston SSR — Sovet Ittifoqi tarkibidagi milliy ittifoqdosh respublika

O‘zbekiston SSR Butunittifoq Sovetlarining III syezdida 1925-yil 13-may kuni SSSR tarkibiga qabul qilindi. SSSR 1922-yil 30-dekabrda 4 ta ittifoqdosh sovet respublikasi (RSFSR, Ukraina, Belorusiya, ZSFSR – Kavkazorti) asosida tashkil topgan edi. 1927-yil 30-martda O‘zSSR Sovetlarining II syezdida O‘zbekiston SSRning birinchi Konstitutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston SSR tashkil qilinganidan so‘ng respublika davlat boshqaruvi organlari Ittifoq organlari tartibida va ulardan andoza olingan holda tuzilgan. Bu ittifoqdosh respublikalarning Markazdan turib boshqarishning eng oson va oddiy, shu bilan birga mustahkam shakli edi.


Butun Ittifoqda bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham mehnatkashlarning eng ommaviy tashkiloti kasaba uyushmalari (profsoyuzlar) ham partiya komitetlariga to‘la-to‘kis qaram bo‘lib qoldi. 1925-yil 21-martda bo‘lgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari I ta’sis syezdida unga asos solindi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari respublika soveti (Uzsovprof) Butunittifoq Kasaba uyushmalari Markaziy Soveti (VSSPS) rahbarligida ish olib borgan. Sovet hokimiyati yosh avlodni kommunistik ruhda tarbiyalashga muntazam e’tibor qaratgan. Bu ishlar bilan Butunittifoq leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (VLKSM)ning O‘zbekistondagi organi — O‘zbekiston leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (O‘zLKSM) shug‘ullangan. O‘zbekiston komsomoliga Samarqand shahrida 1925-yil aprelda bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida asos solindi. O‘zbekistondagi dehqonlarni g‘oyaviy jihatdan birlashtirib turgan tashkilotlardan biri “Qo‘shchi” ittifoqi bo‘lgan. U 1920–1933-yillarda faoliyat ko‘rsatgan. 1925-yilda 200 000 kishini o‘ziga birlashtirgan bu ittifoq ham asta-sekin bolsheviklarning qishloqdagi zo‘ravonlik siyosatining asosiy tayanchiga aylantirilgan.

O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSRning tashkil topishi

1926- yil 1–12-dekabrda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Tojikiston ASSR Sovetlarining I ta’sis syezdida O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (Tojikiston ASSR) tuzilganligi haqida deklaratsiya qabul qilingan. Bu paytda Tojikiston ASSR hududi 135 620 km2, aholisi 739 503 kishi bo‘lgan. 1929-yil 16-oktyabrda Tojikiston ASSR o‘rniga Tojikiston SSR tashkil topdi va u O‘zbekiston SSR tarkibidan chiqdi. Markazning buyrug‘i bilan o‘zbeklarning azaliy yurti bo‘lgan O‘zbekiston SSRning Xo‘jand okrugi Tojikiston SSRga berildi.

Qoraqalpoq avtonom viloyatining tuzilishi va Qoraqalpog‘iston ASSRning O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritilishi

1925-yil 12–19-fevralda To‘rtko‘lda dehqon, batrak va qizil askar deputatlari Qoraqalpoq avtonom viloyati Sovetlarining I ta’sis syezdi bo‘lib o‘tdi. Syezdda Qoraqalpoq avtonom viloyati tuzilganligi va uning Qozog‘iston ASSR tarkibiga kirishi qonun yo‘li bilan mustahkamlandi.
Qoraqalpog‘iston 1925–1932-yillarda Qozog‘iston, 1932–1936-yillarda RSFSR tarkibida bo‘ldi. 1936-yil 5-dekabrda Qoraqalpog‘iston ASSR hududi O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritildi. Bugungi kunda qoraqalpoq xalqi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidagi suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashab, bunyodkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.
VKP (b) — Butunittifoq kommunistlar (bolsheviklar) partiyasi. KPSS (Sovet Ittifoqi kommunistik partiyasi)ning 1925–1952-yillardagi nomi.
“Qo‘shchi” — Qo‘sh haydovchi kishi, dehqon. “Qo‘shchi” dehqonlarni g‘oyaviy jihatdan birlashtirib turgan ittifoq bo‘lganligi uchun shunday nomlangan.