Bolqon xalqlarining Turkiya tomonidan ezilishi
XIX asrning 70-yillariga kelganda janubiy slavyanlarning ko‘pchiligi hamon chet el zulmi ostida ezilmoqda edi. Faqat Chernogoriya va Serbiya yerlarining bir qismigina mustaqil edi. Janubiy slavyanlar—bolgarlar, makedoniyaliklar, Bosniya va Gersegovina slavyanlari, serblarning talaygina qismi hamon turkiya hukmronligi ostida edi. Xorvatlar, slovenlar, g‘arbiy slavyanlar (chex, slovak, polyak) ning bir qismi ham Gabsburglar hukmronligi ostida edi. Polyaklarning ikkinchi qismi Germaniya, uchinchi qismi esa podsho Rossiyasi zulmidan azob chekishardi.
Chet el zulmi slavyan xalqlarining siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga to‘sqinlik qilardi.
Milliy-ozodlik harakati
XIX asrning 70-yillaridan boshlab slavyan xalqlarining milliy-ozodlik kurashi kuchaydi. Jasur bolgar inqilobchisi Vasil Levskiy mustaqil demokratik Bolgariya Respublikasini barpo etish rejasini ilgari surdi. U Bolgariya hududida yashirin qo‘zg‘olonchi qo‘mitalar tuzdi. 1872-yilda V. Levskiyni qatl etishgan bo‘lsa-da, ozodlik harakati pasaymadi. 1876-yil Bolgariyada qo‘zg‘olon boshlandi. Qo‘zg‘olonchilar o‘z bayroqlariga ʻʻOzodlik yoki o‘limʼʼ shiorini yozishardi. Iste’dodli publitsist va shoir Xristo Botev ozodlik harakatiga yo‘lboshchilik qildi. U 1876-yil turklar bilan bo‘lgan jangda qahramonlarcha halok bo‘ldi. U halok bo‘lgan kun Bolgariyada Xotira kuni sifatida nishonlanadi. Bolgar xalqining kurashi juda og‘ir kechdi. Kuchlar teng emasdi. Turklar ozodlik harakati qatnashchilarini beayov qilichdan o‘tkazdilar va ko‘plab qishloqlarni kultepaga aylantirishdi. Bu vahshiyliklar ko‘plab mamlakatlar jamoatchiligini qattiq g‘azablantirdi.
Rus hukumati Bolqonda o‘z ta’sirini mustahkamlash uchun qo‘zg‘olonlardan foydalanishga qaror qildi va Bolqon slavyanlarini yoqlab chiqdi. Turkiya Chernogoriya va Serbiyaning mustaqilligini tan olishga majbur bo‘ldi. Ularning hududi ancha kengaydi. Ruminiya mustaqil davlat deb e’tirof etildi. Rossiya hukumati 1877-yil 24-aprelda turkiyaga qarshi urush e’lon qildi. Urushda Turkiya mag‘lubiyatga uchradi. Ikki o‘rtada imzolangan San Stefano shartnomasiga ko‘ra, mustaqil Bolgariya davlati tashkil topdi.
Bolgariyaning qayta tiklanishi
Yangidan vujudga keltirilgan Bolgariyaning davlat tuzumini 1878-yilda qabul qilingan Bolgariya konstitutsiyasi belgilab berdi. Konstitutsiyaga muvofiq Bolgariya konstitutsiyaviy monarxiya deb e’lon qilindi. Konstitutsiya Bolgariya mustaqilligini amalda tasdiqladi. Biroq Buyuk Britaniya va Avstriya-Vengriya Bolqonda Rossiya mavqeyining mustahkamligidan hamda qudratli Bolgariya davlati tashkil topganidan tashvishda edi. Shuning uchun ham ular Rossiyani San Stefano sulh shartnomasini qayta ko‘rib chiqishga rozilik berishga majbur etishdi. Berlinda chaqirilgan xalqaro kongress aynan shu masalaga bag‘ishlandi. Kongress ko‘pgina masalalar qatori Bolgariya masalasini ham ko‘rib chiqdi va uning San-Stefano shartnomasiga ko‘ra ega bo‘lgan hududlarini qisqartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Mustaqillikdan keyingi ichki siyosiy ahvol
Rossiya imperatori Aleksandr II qaynisi hamda bir vaqtning o‘zida Pruss zobiti bo‘lgan Aleksandr Battenbergni Bolgariya davlati boshlig‘i etib saylashni taklif etdi. Bolgariya Buyuk xalq majlisi bu taklifni ma’qulladi. Biroq yangi hukmdor Rossiyadan mustaqil siyosat yuritishga urindi. Buning uchun unga tayanadigan davlatlar ham kerak edi. Shuning uchun ham A. Battenberg G‘arb davlatlari bilan yaqinlashish siyosatini yurita boshladi. Uning asl niyati — Bolgariya armiyasida xizmat qilayotgan rus zobitlarini nemis zobitlari bilan almashtirishda yaqqol namoyon bo‘ldi. Endi Rossiya hukumati unga Rossiyaning dushmani sifatida qaray boshladi. Mamlakatda o‘z mavqeyini mustahkamlashga intilgan Aleksandr Battenberg janubiy va shimoliy Bolgariyaning yangidan yagona davlatga birlashganini e’lon qildi. Bu holni Bolqondagi boshqa slavyan davlatlari o‘z manfaatlariga zid harakat deb baholadi.
Rossiya ularning ham manfaatlarini hisobga olishi kerak edi. Shuning uchun ham Aleksandr II hukumati norozilik belgisi sifatida Bolgariyadan o‘z zobitlarini chaqirib oldi. Shunday sharoitda Rossiya talafdorlari bo‘lgan oliy zobitlarning bir guruhi 1886-yilda Aleksandr Battenbergni taxtdan voz kechishga majbur etdi. Ammo hukumat kuchlari bu zobitlarni hibsga oldi. Oxir-oqibat Rossiya va Bolgariya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar uzildi. Buning ustiga Bolgariya taxtiga Avstriya-Vengriya nomzodi Ferdinand Koburg o‘tqazildi. Rossiya-Bolgariya diplomatik munosabatlari 1896-yildagina tiklandi xolos. 1908-yilda Avstriya-Vengriya madadiga tayangan Bolgariya o‘zini Turkiyadan to‘la mustaqil davlat deb e’lon qildi. Ikkinchi Bolqon urushida Bolgariyaning mag‘lubiyatga uchrashi uning keyingi tashqi siyosatining yo‘nalishini belgilab berdi. 1913-yilda hokimiyat tepasiga germanparast hukumat keldi. Bu hukumat tashqi siyosatda Bolgariyaning milliy manfaatlarini ʻʻUchlar ittifoqiʼʼ (Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiya) yordamida himoya qilishini ma’lum qildi. Bu bayonot Yevropada bo‘lajak katta urushda Bolgariya ʻʻUchlar ittifoqiʼʼ tarafida turishini anglatardi.
Serbiyaning mustaqillikka erishishi
XIX asr oxirlarida Serbiya Turkiyaga nomigagina qaram edi xolos. Serbiya tashqi siyosatining asosiy maqsadi — Turkiya qo‘l ostida qolayotgan serb yerlarini to‘la qaytarib olish va ularni yagona Serbiya davlatiga birlashtirishdan iborat edi. Shuning uchun ham Serbiya Rossiyaning Turkiyaga qarshi urushlarida faol qatnashgan. Berlin kongressi Serbiyaning Turkiyadan mustaqil ekanini tasdiqladi. Ayni paytda Serbiya zimmasiga chet el tovarlaridan tranzit boj olmaslik va unga Turkiyadan olib berilgan yangi hududlarga mutanosib miqdorda Turkiyaning chet el davlatlari oldidagi qarzini to‘lash majburiyati yuklandi. Serbiyada Rossiya tarafdorlari bo‘lgan kuchlar katta ta’sirga ega bo‘lgan. Natijada shu omillar qachonlardir Avstriya-Vengriya va Rossiya manfaatlarining qattiq to‘qnashuvini keltirib chiqarishi muqarrar edi.
Albaniyaning mustaqillikka erishishi
Bolqonning boshqa xalqlari qatori Turkiya mustamlakasi bo‘lgan Albaniya ham o‘z mustaqilligi uchun kurashni kuchaytirdi. Albaniyadagi barcha siyosiy kuchlar Albaniyani taqsimlab olish rejalarini tuzayotgan chet el davlatlari siyosatiga qarshi chiqishdi. Bolgariyada chiqayotgan ʻʻKalendari kombiarʼʼ (Milliy kalendar) jurnali 1902-yilda shunday deb yozgan: ʻʻBiz uyquda yotibmiz, bu vaqtda esa bizning ustimizda savdolashmoqdalarʼʼ. 1909-1911-yillarda Albaniyada qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Bunda xalqning barcha tabaqalari ishtirok etdi. Birinchi Bolqon urushida Turkiyaning yengilishi natijasida 1912-yil 28-noyabrda Albaniya mustaqillikka erishdi. Turklarning qariyb besh asr davom etgan hukmronligiga barham berildi.