Podsho Rossiyasining tashqi siyosati


Podsho Rossiyasi –– mustamlakachi davlat

Rossiya ham yirik mustamlakachi davlatlardan biri bo‘lgan. Bosqinchilik urushlari yo‘li bilan ulkan imperiya vujudga keltirildi. Ayni paytda Rossiya mustamlakachilik imperiyasi Buyuk Britaniya yoki Fransiya mustamlakachilik imperiyasidan farq qilardi. Bu farq Rossiya bosib olgan hududlarning imperiya tarkibiga bevosita qo‘shib olinishida edi. Shu tufayli Rossiyaning okean yoki dengizorti mustamlakalari yo‘q edi. Chunonchi, O‘rta Osiyoning bosib olingan qismi imperiya tarkibiga qo‘shilib, bu hududda Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilgani sizga ʻʻO‘zbekiston tarixiʼʼdan ma’lum. Rossiya bosqinchilik siyosatining asosiy yo‘nalishlari Bolqon, Uzoq Sharq, Qora dengiz bilan O‘rtayer dengizini bog‘lovchi Turkiyaga qarashli Dardanell va Bosfor bo‘g‘ozlari hamda O‘rta Osiyoda o‘z hukmronligini o‘rnatish edi. Rossiya XIX asrning 70-yillaridan keyin ham O‘rta Osiyoda bosqinchilik siyosatini davom ettirdi. 1873-yilda Xiva xonligi vassal davlatga aylantirildi. O‘rta Osiyo 1885-yilda to‘la bo‘ysundirildi.

Rossiya-Turkiya urushi

1875-yilda Bosniya va Gersegovinada Turkiya mustamlakachiligiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Ular milliy mustaqillik talab qilishdi. Bolgariyada ham shunday qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Biroq qo‘zg‘olon shafqatsizlik bilan bostirildi. Bolqon inqirozi buyuk davlatlarning manfaatini yana bir bor to‘qnashtirdi. 1876-yil Serbiya-Turkiya urushida Turkiyaning qo‘li baland kela boshladi. Shunday sharoitda Rossiya Turkiyadan Serbiya bilan yarash bitimi imzolashni va armiyasini demobilizatsiya qilishni talab etdi. Biroq Turkiya bu talabning bajarilishini paysalga soldi.
Nihoyat Rossiya bu masalada Turkiyaga ultimatum topshirdi. Shu tariqa Serbiya halokatdan saqlab qolindi.

Turkiya Serbiya bilan tinchlik shartnomasi tuzgan bo‘lsa-da, o‘z armiyasini demobilizatsiya qilmadi. Bu Rossiya uchun ayni muddao bo‘ldi. Rossiya 1877-yilning 24-aprel kuni Turkiyaga urush e’lon qildi. Serbiya va Chernogoriya ham urush harakatlarida qatnashdi. Rossiya Turkiyaga katta talafot yetkazdi. 1878-yil yanvarda Rossiya armiyasi Adrianopolni ishg‘ol qildi. Rossiyaning muvaffaqiyatlari Buyuk Britaniyani tashvishga solib qo‘ydi va u o‘z harbiy kemalarini Marmar dengiziga kiritdi. Rossiya armiyasi Konstantinopol shahriga bostirib kirsa, Rossiya bilan diplomatik aloqasini uzishini ma’lum qildi.

San Stefano shartnomasi

1878-yilda San Stefanoda Rossiya-Turkiya shartnomasi imzolandi. Shartnoma Bolqon yarimorolining siyosiy xaritasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Chunonchi, Bolgariya Turkiyaga nomigagina qaram, amalda esa mustaqil davlatga aylandi.
Chernogoriya, Serbiya va Ruminiya to‘la mustaqil davlatlar deb tan olindi. Turkiyaning Rossiyaga katta miqdorda tovon to‘lashi belgilandi. Biroq San-Stefano shartnomasini Buyuk Britaniya tan olmadi. U bu shartnomani qayta ko‘rib chiqishni talab etdi. Germaniya va Avstriya-Vengriya ham bu talabga qo‘shildi. Yakkalanib qolgan Rossiya yangi xalqaro kongress — Berlin kongressi chaqirilishiga noiloj rozi bo‘ldi.

Berlin kongresi

Kongress 1878-yilning 13-iyunida ochildi. Unda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Avstriya-Vengriya, Italiya va Turkiya delegatsiyalari qatnashdi.
Kongressda ʻʻBerlin traktatiʼʼ deb nomlangan hujjat imzolandi. Bu hujjat Rossiyaning San Stefano shartnomasi natijasida qo‘lga kiritgan katta muvaffaqiyatlarining ahamiyatini kamaytirib yubordi. Chunonchi, Buyuk Britaniya harbiy kemalari Qora dengizga kirish huquqiga ega bo‘ldi, Kipr oroli Buyuk Britaniyaga, Bosniya va Gersegovina Avstriya-Vengriyaga in’om etildi. Bolgariya ikkiga bo‘lib yuborildi.
Ayni paytda Turkiya to‘lashi lozim bo‘lgan tovonning katta qismi evaziga Rossiyaga Kavkazning Botumi, Kars va Ardagan hududlari berildi. Chernogoriya, Serbiya va Ruminiyaning davlat mustaqilligi tan olindi.

Uzoq Sharq siyosati

Rossiya savdo-sanoat doiralari Uzoq Sharqning qo‘lga kiritilishidan manfaatdor edi.
Shuning uchun ham Amurbo‘yi va Primorye o‘lkasini bosib oldi. Shu sababli Rossiya Yaponiya bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga intildi. AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiyaning Yaponiyaga qarshi qaratilgan harbiy ekspeditsiyalarida ishtirok etmadi.
1875-yilda Yaponiya hukumati Janubiy Saxalinga bo‘lgan da’vosidan voz kechish sharti bilan Kuril orollarining shimoliy qismini Yaponiyaga berilishi to‘g‘risida shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘rta Osiyo masalasida qarama-qarshiliklar

70-yillarda podsho hukumati bilan Britaniya hukumati o‘rtasida O‘rta Osiyodagi ta’sir doiralarini aniqlash uchun muzokaralar boshlandi va bu 1873-yil bitim tuzish bilan yakunlandi. Unga ko‘ra Rossiya Afg‘onistonni o‘z ta’siridan tashqari deb tan oldi. Buyuk Britaniya esa Xivaga da’vo qilmaydigan bo‘ldi. 1878-yilda Buyuk Britaniya Afg‘onistonga qarshi yangi bosqinchilik harakatlarini boshladi. Biroq afg‘on xalqi bosqinchilarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Qo‘zg‘olonga Afg‘onistonning Rossiya ta’sirida bo‘lgan siyosiy arbobi Abdurahmon boshchilik qildi. Qo‘zg‘olonchilar tez orada inglizlar ustidan g‘alaba qozondi. Bu mag‘lubiyatdan so‘ng Buyuk Britaniya hukumati Abdurahmonni Afg‘oniston amiri deb tan olishga majbur bo‘ldi.

O‘zining strategik maqsadiga erishgan Rossiya hozirgi Turkmaniston hududlarini bosib olishga kirishdi. 1880-yilda Rossiya qo‘shinlari general Skobelev boshchiligida yurish boshladi. 1881-yilda shiddatli janglardan keyin Ko‘ktepa qal’asi egallandi.
Ayni paytda turkman qabilalari o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, ularning yagona kuch sifatida birlasholmagani ham Rossiyaga juda qo‘l keldi. Natijada 1885-yilda Kushka shahri bosib olindi. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya va Rossiya o‘rtasida Afg‘onistonning taqdiri va uning chegarasini belgilash masalasi hal etildi.
1891-yilda Rossiya bosib olgan O‘rta Osiyo hududi va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegaraning Pomirdan o‘tishi haqidagi shartnoma imzolandi.

Rossiya-Yaponiya urushi

Rossiya-Yaponiya munosabatlari Xitoy va uning provinsiyasi Manchjuriya tufayli tobora keskinlashdi. Ertami-kechmi bu ikki davlat o‘rtasida urush kelib chiqishi muqarrar bo‘lib qoldi. Buni yaxshi anglagan Yaponiya endi buyuk davlatlar bilan yaqinlashish yo‘llarini izlay boshladi. Va nihoyat 1902-yilda Yaponiya-Buyuk Britaniya bitimi imzolandi. Ular har qanday sharoitda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashga kelishib olishdi. AQSH Yaponiyani Rossiyaga qarshi urushga tayyorlanishga rag‘batlantira boshladi. Harbiy jihatdan urushga tayyor bo‘lgan Yaponiya floti 1904-yilda urush e’lon qilmay turib, Port Arturdagi Rossiya harbiy dengiz kuchlariga hujum qildi va unga katta talafot yetkazdi (ilovaga qarang).
Rossiya harbiy-iqtisodiy jihatdan urushga tayyor emasdi. Buning oqibatida ham dengizda, ham quruqlikda mag‘lubiyatga uchradi. Nihoyat Port Artur taslim bo‘ldi.
1905-yilda Susima yonida rus floti yakson qilindi. Shu tariqa deyarli butun Tinch okean floti halokatga uchradi. Shunday sharoitda Rossiyaning Yaponiya bilan tinchlik shartnomasini imzolashdan boshqa iloji qolmadi. AQSH vositachiligida 1905-yilning 23-avgustida shunday shartnoma imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, Rossiya Koreyani Yaponiya ta’sir doirasi deb tan oldi. Yaponiya Port Arturni ijaraga olish huquqiga ega bo‘ldi. Saxalin orolining janubiy qismi Yaponiyaga berildi.

Demobilizatsiya — harbiy xizmatdan bo‘shatish.


Traktat — xalqaro shartnoma, bitim.


Ultimatum — bir davlatning ikkinchi davlatga qo‘yadigan qat’iy talabi.