Fransiyaning ichki siyosati


Uchinchi Respublika ichki siyosati

Respublika hukumati ichki siyosatda bir qator muhim tadbirlarni amalga oshirdi. Chunonchi, 1881-1882-yilarda ta’lim to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, maktab cherkovdan ajratildi. Ta’limning dunyoviyligi ta’minlandi. 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun majburiy bepul ta’lim joriy etildi. Maktablarda ta’lim maxsus davlat dasturlari asosida olib boriladigan bo‘ldi. Oliy pedagogik bilim yurtlarida o‘qituvchi kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Majburiy ta’lim dasturida o‘g‘il bolalar uchun gimnastika predmeti majburiy deb belgilandi. Bundan o‘smirlarni bo‘lajak harbiy xizmatga jismonan yetuk qilib tayyorlash maqsadi ko‘zda tutilgandi.
Qiz bolalar uchun litseylar ochildi. Maxsus oliy o‘quv yurtlarida ayol o‘qituvchilar tayyorlana boshlandi. 1884-yilda kasaba uyushmalarining erkin faoliyatiga hamda ish tashlashga ruxsat etuvchi qonun qabul qilindi. Ishchilar o‘z kasaba uyushmalari va mehnat birjalarini tuzdi. Bu birjalar ishsizlar va ularning turmushi haqida g‘amxo‘rlik qila boshladi. Mahalliy kengashlarga o‘z rahbarlarini saylash huquqi berildi. Bungacha ular markaziy hokimiyat tomonidan tayinlanardi.

Siyosiy ahvol

Mamlakatda respublikani mustahkamlash tobora chuqur qaror topa bordi.
1876-yilgi Senatga bo‘lgan saylovlarda respublikachilar qo‘li baland keldi. Bungacha davlatni boshqargan monarxiya tarafdori bo‘lgan Mak Magon iste’fo berishga majbur bo‘ldi. Mamlakatda ichki siyosiy hayotning o‘ziga xos bir xususiyati ko‘ppartiyaviylikning qaror topgani edi. Ularning ichida radikallar, sotsialistlar va respublikachilar partiyalari yetakchi nufuzga ega edi. Fransiya siyosiy hayotida, ayni paytda, demokratiyaga qarshi kuchlar ta’siri ham o‘sib borayotgandi. Chunonchi, mamlakatda millatchilik, shovinizm g‘oyalari keng tarqala boshladi. Bu g‘oyalar tarafdorlari qudratli qo‘shingina Elzas va Lotaringiyani qaytarib olishi mumkinligiga ishonardi. Fransiya ichki siyosiy hayotida anarxiyachilar va monarxiyachilar faoliyati ham kuchaydi. Ularning maqsadi — mavjud tuzumni ag‘darish edi. Bu maqsadga erishish uchun anarxistlar kurashning terror usulini qo‘lladi. Ular parlament binosiga bomba tashladi. Buning oqibatida 80 kishi yarador bo‘ldi.

1894-yilda hatto mamlakat prezidenti Sadi Karno ham o‘ldirildi. Fransiya kontrrazvedkasi mamlakat harbiy kuchlari haqida josus tomonidan Germaniyaga maxfiy ma’lumotlar yetkazib berilayotganini aniqladi. Maxsus xizmat bu masalada Fransiya armiyasi Bosh shtabida xizmat qiluvchi, yahudiy millatiga mansub kapitan A. Dreyfusdan shubha qila boshladi. Tez orada u josuslikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Aslida, A. Dreyfus josus emasdi. Biroq soxta hujjatlar va soxta guvohlar yordamida uning ʻʻjosusʼʼligi fosh etildi. Harbiy sud uni umrbod surgun jazosiga hukm qildi.

Siyosiy reaksiya ʻʻDreyfus ishiʼʼdan mamlakatda demokratiyaga qarshi tashviqotni kuchaytirish, millatchilik, shovinistik kayfiyatlarni yanada avj oldirish uchun foydalandi. Mamlakatda A. Dreyfusning josus emasligiga, hali haqiqiy josus fosh etilmaganligiga ishonuvchilar bor edi. Ular haqiqiy josusni fosh etish uchun tekshiruvni davom ettirdi. Va nihoyat, haqiqiy josus aniqlandi. U bosh shtab mayori Estergazi bo‘lib chiqdi. Biroq Bosh shtab va u bilan mustahkam bog‘langan kuchlar bu haqiqatni oshkor etishni o‘zlari uchun katta sharmandalik deb hisobladi. Lekin bu haqiqat sirligicha qolib ketmadi. 1897-yilda u matbuot yuzini ko‘rdi.

Fransiyaning barcha demokratik kuchlari A.Dreyfus ishini qayta ko‘rib chiqishni talab eta boshladi. Sharmanda bo‘lishni istamagan kuchlar soxta guvohning o‘ldirilishini uyushtirdi. Estergazi esa Fransiyadan qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi.
ʻʻDreyfus ishiʼʼ atrofidagi kurash uzoq davom etdi. Oxir-oqibatda hukumat uni ozodlikka chiqarishga majbur bo‘ldi. Biroq u aybsizligi uchun emas, ʻʻsog‘lig‘i yomonlashganiʼʼ uchun ozod qilindi. A. Dreyfus faqat 1906-yildagina to‘la oqlandi.

Iqtisodiy hayotdagi o‘zgarishlar

XX asr boshlariga kelib, mamlakatda mo‘tadil siyosiy barqarorlik ta’minlandi. Bunga XIX asr 90-yillarining o‘rtalaridan boshlangan iqtisodiy yuksalish tufayli erishildi. 1913-yilda Fransiya, xususan, temir rudasi qazib chiqarish bo‘yicha AQSH va Germaniyani ortda qoldirdi. Sanoatda yangi tarmoqlar (elektrotexnika, avtomobil va kimyo) tez rivojlana boshladi. Natijada, sanoatda xizmat qilayotgan aholining soni 36 foizga yetdi. 40 foiz aholi qishloq xo‘jaligida band edi. Fransiya eksportida jun birinchi, ip-gazlama ikkinchi, shoyi gazlama uchinchi, fransuz vinolari to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Fransiyaning chetga kapital chiqarish quvvati yanada ortdi. Bu borada u dunyoda Buyuk Britaniyadan so‘ng ikkinchi o‘ringa chiqdi. 1914-yilga kelganda Rossiyaga 13 mlrd., Buyuk Britaniya va AQSHga 5 mlrd., Janubiy Amerika davlatlariga 6 mlrd. frank miqdorida kapital chiqardi. Bu kapitallar foiz hisobida Fransiyaga juda katta miqdorda daromad keltiribgina qolmay, ayni paytda siyosiy ittifoqchilarni ham vujudga keltirdi.

Ijtimoiy harakat

Fransiya mehnatkashlarining ahvoli esa og‘ir edi. Ular kuniga 10—12 soat, ba’zan 14— 16 soatgacha ishlashga majbur edi. Mehnatkashlar o‘z haq-huquqlari uchun kurasha boshladi. Bunday sharoitda ishchilar harakatini uyushtirish muhim ahamiyatga ega edi. 1880-yilda ishchi tashkilotlari vakillari ʻʻFransiya ishchi partiyasiʼʼni tuzdi. Ayni paytda, ishchilar mehnat birjalari tuzildi. Ular ishsizlar va ish tashlashda qatnashayotganlar haqida g‘amxo‘rlik qila boshladi.

Chunonchi, mehnat qonunlari Kodeksiga ko‘ra, ish vaqtida olingan jarohat uchun to‘lov to‘lanadigan bo‘ldi. Haftada bir kun dam olish kuni joriy etildi. 1910-yilda esa pensiya haqida qonun qabul qilindi. Unda pensiya yoshi 65 yosh deb belgilandi (bu ko‘rsatkich Germaniya va Buyuk Britaniyada 70 yosh edi). Ayni paytda ijtimoiy harakatda ikki asosiy oqim mavjud edi. Ularning biri —jamiyatni parlament yo‘li bilan (islohotlar orqali) qayta qurish, ikkinchisi esa noqonuniy yo‘l bilan (qurolli qo‘zg‘olon) qayta qurish yo‘li edi. Ikkinchi yo‘l bora-bora o‘z ta’sirini butunlay yo‘qotdi.

Anarxizm (yunoncha — hokimiyatsizlik, beboshlik) — alohida bir shaxsning xohish-irodasinigina tan olib, har qanday hokimiyat va davlat tuzumini rad etuvchi ta’limot.

Shovinizm — irqiy ayirmachilik va milliy nizoni avj oldirishga urinuvchi o‘taketgan millatchilik.

Siyosiy reaksiya — taraqqiyotga qarshi, eskirgan ijtimoiy tartiblarni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan siyosiy kuch.