Xorazmshoh va Chingizxon munosabatlari


Tayanch tushunchalar: ichki va tashqi siyosat, elchilik va diplomatik munosabatlar, Xorazmshohlar davlati inqirozi.


O‘zaro elchilik aloqalari

Mo‘g‘ul urug‘ va qabilalari qudratli davlatga birlashuvi va jipslashuvi Temuchin (1155–1227) nomi bilan bog‘liq. 1206-yilda Onon daryosi bo‘yida chaqirilgan mo‘g‘ul urug‘ va qabila boshliqlarining qurultoyida Temuchin ulug‘ xon (qoon) deb e’lon qilinadi. Unga “Chingiz” laqabi beriladi hamda Mo‘g‘ullar davlatiga asos solinadi.

Chingizxon
Chingizxon olib borgan urushlar natijasida Gobi sahrosining sharqiy chegarasidan to Tangritog‘ (Tyanshan) tizmasining g‘arbiy etaklarigacha bo‘lgan viloyatlar Mo‘g‘ullar davlati hukmronligi ostida birlashtirilgan edi. Endilikda Mo‘g‘ullar davlatining g‘arbiy hududlari Sulton Muhammad Xorazmshoh saltanatining chegarasiga bevosita tutashib ketgan edi.

Chingizxon va Xorazmshoh o‘rtasida bir-birining kuch-qudratini bilib olishga va ma’lumotlar to‘plashga harakat qilinadi. Ikki o‘rtada hatto elchilik aloqalari o‘rnatiladi. 1216-yilda Chingizxon huzuriga Xorazmshoh Bahouddin Roziy boshchiligida elchilarini yuboradi. Elchilarni Chingizxon iltifot bilan qabul qiladi. Hatto elchilardan Sulton Muhammadni G‘arbning sohibqironi (G‘arb mamlakati yerlarining sultoni), o‘zini esa Sharqning podshosi deb hisoblashini Xorazmshohga yetkazishini so‘raydi.

Chingizxon qimmatbaho sovg‘alar va mollar ortilgan katta karvon bilan elchilarini Xorazmga yuboradi. Elchilarga xorazmlik savdogar Mahmud Yalavoch boshliq qilib tayinlanadi. Chingizxon elchilarini Sulton Muhammad 1218-yilning bahorida Buxoro shahrida qabul qiladi. Elchilar Chingizxon Sulton Muhammadni qudratli podshoh sifatida bilib, uni o‘zining eng ardoqli o‘g‘illari qatorida ko‘rishi hamda u bilan do‘stona shartnoma tuzishga roziligini aytadi. Eng ardoqli o‘g‘illari qatorida ko‘rish “iltifoti”, shubhasiz, Sharq ustomonligida “Chingizxonning Xorazmshohni qaram qilib olish niyati bor” degan ma’noni anglatardi. O‘zini Iskandari soniy (Ikkinchi Iskandar) deb hisoblab yurgan podshoga bunday “istiqbol” sira yoqmas edi. Xorazmshoh Mahmud Yalavochni tunda xufiyona huzuriga chaqirtirib keladi. Elchiga xorazmlik bo‘lgani uchun Chingizxonga emas, balki Xorazmshohga xizmat qilishini so‘raydi. Chingizxon to‘g‘risidagi bor haqiqatni aytishini, keyinchalik xon qarorgohida Xorazmshohning josusi bo‘lib qolishini talab qiladi. Chingizxon o‘z elchilarining ish natijalaridan mamnun bo‘ladi. Chunki Mahmud Yalavoch mo‘g‘ullar to‘g‘risida Xorazmshohga aytgan ma’lumotlariga qaraganda Xorazm davlati va uning podshosi to‘g‘risida ko‘proq axborot to‘plab qaytgan edi.


Munosabatlarning keskinlashuvi

Chingizxon Sulton Muhammadga o‘z minnatdorchiligini izhor etish va ikki buyuk davlatlar o‘rtasida shartnoma tuzish uchun 1218-yilning o‘zidayoq Xorazmga juda katta savdo va elchilar karvonini jo‘natadi. Karvon ko‘p miqdorda oltin, kumush buyumlar, xitoy ipak matolari, suvsar va qunduz mo‘ynalar va boshqa har xil qimmatbaho mollar ortilgan 500 tuyadan hamda 450 musulmon savdogarlardan tashkil topgan edi. Bu ulkan savdo karvoni mamlakat poytaxti Urganch shahri tomon borar edi. Ammo karvon yo‘lda chegara shahar O‘trorda ushlanib qoladi. Shaharning noibi G‘oyirxon (Inolchiq) tomonidan karvon talanadi va savdogarlarning hammasi qirib tashlanadi. Faqat bir tuyakashgina o‘limdan qutulib qoladi. U Chingizxonning qarorgohiga zo‘rg‘a yetib borib, karvonning daxshatli qismatidan xabar beradi.

Chingizxon Xorazm ma’murlaridan O‘tror noibining xiyonatkorona xatti-harakatidan nihoyatda qattiq g‘azablanadi. Ammo Chingizxon g‘azabini bosadi. Ibn Kafroj Bug‘roni ikki ishonchli mulozim kuzatuvchilar bilan Xorazmshoh huzuriga elchi qilib yuboradi. Chingizxon Sulton Muhammaddan aybdorlarni jazolashni va Inolchiqni ixtiyoriga jo‘natishni talab qiladi. Xorazmshoh Chingizxonning talabiga javoban elchini o‘ldiradi. U bilan birga kelgan ikki mulozimning soqol-mo‘ylovini qirdirib, sharmanda qilib qaytarib yuborishni buyuradi. Bu voqealar ikkita eng katta davlatlar o‘rtasida savdo aloqalari va elchilik munosabatlari tamomila uzilganini bildirar edi. Xorazmshoh uyushtirgan bu voqea har ikki buyuk davlatlar o‘rtasida urush boshlanishiga bahona bo‘ldi.


Xorazmshohlar davlatining inqirozga yuz tutishi

XIII asrning boshlarida Xorazmshohlar saltanati qo‘shinining umumiy soni Chingizxon harbiy kuchiga nisbatan birmuncha oshiqroq edi. Xorazmshoh hokimiyati siyosiy, xususan, ma’muriy boshqaruv jihatdan mustahkam emas edi. Chunki mansabdorlar davlat tang ahvolga tushib qolgan paytlarda o‘z vazifasini tashlab ketgan. Podshoga itoatsizlik qilgan va o‘zboshimchalik bilan bilganicha yo‘l tutgan. Hatto ayrim viloyat hokimlari Xorazmshohga nomiga bo‘ysungan. Amalda esa deyarli mustaqil bo‘lgan. Buning ustiga oliy dargoh ichida kuchli nizo hukm surar edi. Turkon xotun, ya’ni “turklar onasi” nomi bilan shuhrat topgan Sulton Muhammadning volidasi qo‘shinning oliy sarkardalari hisoblangan qipchoq oqsuyaklari bilan urug‘-qabila aloqalari orqali mustahkam bog‘langan edi. U o‘z qabiladoshlari manfaati yo‘lida saroyda ko‘tarilgan barcha fitnalarga boshchilik qilar, hatto ularda shohga qarshi adovat ruhini uyg‘unlashtirib qo‘ygan edi.

Ichki nizo, boshboshdoqlik va fuqarolarning noroziligi kuchayib, mamlakat siyosiy hayoti inqirozga yuz tutgan edi. Yuzaga kelgan xavfli vaziyatni bartaraf etish maqsadida Sulton Muhammad hukmronligining so‘ngida “Davlat kengashi”ni ta’sis etadi. Kengashga 6 nafar bilimdon vakillar jalb etilgan. Kengashda eng dolzarb masalalar muhokama etilib, qaror qabul qilinsa-da, ammo amalda ijobiy natija bermaydi. Ana shunday vaziyatda Xorazmshoh jangari mo‘g‘ul qabilalarining Chingizxon boshliq bosqiniga duchor bo‘ldi.