Xorazm davlati va uning yuksalishi


Tayanch tushunchalar: mustaqillik uchun kurash, Xorazmshohlar davlati, ichki ziddiyatlar.


Ma’muniylar davrida Xorazm

995-yilda Gurganch miri Ma’mun ibn Muhammad Kat shahrini ishg‘ol qiladi. Xorazmning ikkala qismini birlashtiradi va Xorazmshoh unvoniga sazovor bo‘ladi. Shu tariqa afrig‘iylar sulolasi barham topib, ma’muniylar hukmronligi boshlandi. Ko‘hna Urganch Xoraazmshohlar davlatining poytaxtiga aylandi. Qisqa davr ichida ma’muniylar Xorazmshohlar davlatini ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlantirdi. Mamlakat viloyat, shahar va qishloq (qal’a)larga ajratib boshqarilgan.

Xorazmshoh davlatning oliy va mutlaq hokimi hisoblangan. Gurganchda shoh qarorgohi, markaziy boshqarma – devonxona tashkil etildi. Uning tarkibida ziroat, savdo-tijorat, moliya, soliq, shahar va qishloqlarda osoyishtalikni saqlash uchun harbiy ishlar bilan shug‘ullanadigan mahkamalar faoliyat ko‘rsatgan. Davlatning eng yuqori lavozimlaridan biri vazirlik – xo‘jayi buzruk unvoniga ega bo‘lgan. U devonxona ishlariga mas’ul bo‘lgan. Harbiy safarlar vaqtida hukmdor nomidan davlatni idora etgan.


Mustaqillik uchun kurash

1017-yilda Mahmud G‘aznaviy tomonidan zabt etilib, mustaqillligidan mahrum bo‘lgan Xorazm 1040-yilda Saljuqiylar davlatiga qaram bo‘lib qoladi. Saljuqiylar hukmdori Malikshoh ma’murlaridan Anushteginni Xorazmga noib qilib tayinlaydi. Anushtegin vafotidan so‘ng Xorazmda vorisi Qutbiddin Muhammad (1097–1127) noiblik qiladi. Garchi u “xorazmshoh” unvonini tiklab, bunday nom bilan ulug‘lansa-da, Saljuqiylar davlatining sadoqatli noibligicha qolaverdi. Xorazmning mustaqilligi Qutbiddin Muhammadning o‘g‘li Otsiz (1127–1156) nomi bilan bog‘liqdir.

Dastavval Otsiz turkman va qipchoqlarni o‘ziga bo‘ysundiradi. Xorazm bilan iqtisodiy jihatdan bog‘liq bo‘lgan Sirdaryo etaklari va Mang‘ishloq yarimorolini egallaydi. Otsiz Kaspiy dengizi sohillaridan to Sirdaryoning o‘rta oqimiga qadar bo‘lgan yerlarda Xorazmshohlar davlatining poydevorini barpo etdi.


Xorazmshohlar davlatining tashkil topishi

Otsizning siyosatini uning vorislari Elarslon (1156–1172), Sultonshoh Mahmud (1172) va Takash (1172–1200) davom ettiradi. XII asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr va Xurosonda siyosiy vaziyat yanada keskinlashdi. 1153-yilda Sulton Sanjarga qarshi ko‘chmanchi o‘g‘uzlar isyon ko‘taradi. Buning oqibatida Saljuqiylar davlati keskin zarbaga uchraydi va zaiflashib qoladi.

Dastavval undan Kichik Osiyo va Kermon ajralib ketadi. So‘ngra Fors, Ozarbayjon va Xuroson viloyatlari mustaqil bo‘lib oladi. Qulay siyosiy vaziyatdan foydalanib qolgandan so‘ng Xorazmning hukmronlik doirasi kengayadi. Mustaqilligi yanada mustahkamlanadi. Xorazm davlati, ayniqsa, Otsizning nabirasi Takash davrida juda kengayadi. 1187–1193-yillarda Takash Nishopur, Ray va Marv shaharlarini zabt etadi. 1194-yilda esa saljuqiylar sultoni To‘g‘rulga qaqshatqich zarba berib, Eronni Xorazmga bo‘ysundiradi.


Davlat hududining kengayishi

Takashdan so‘ng uning o‘g‘li Alovuddin Muhammad (1200–1220) ham Xorazm davlatini kengaytirish siyosatini yuritdi. 1206-yildan boshlab Movarounnahrni qoraxitoylarning qaramligidan ozod etishga kirishildi. 1210-yilda Talos vodiysida qoraxitoylar mag‘lubiyatga uchraydi. Yettisuvgacha bo‘lgan yerlar Xorazmshohlar tasarrufiga o‘tadi.

XIII asr boshida Xorazm juda keng maydonni egallagan buyuk davlatga aylangan edi. Uning shimoli g‘arbiy va g‘arbiy chegarasi Orol va Kaspiy dengiz sohillaridan janubi g‘arbda Iroqqa qadar borar edi. Janubi sharqiy hududlari G‘azna viloyatidan, shimoli sharqiy chegarasi esa Yettisuv va Dashti Qipchoqdan o‘tar edi. Sharqdagi bu ulkan davlatning poytaxti Urganch shahri edi. Hukmdor Muhammad Xorazmshoh esa “Iskandari soniy” deb ulug‘langan. Uning saroyida 27 hukmdor va ularning vakillari doimo itoatda bo‘lgan.


Ichki ziddiyatlar

Mamlakat qoraxitoylar zulmidan qutulgan bo‘lsa-da, mehnatkash aholining ahvoli yengillashmadi. Aksincha, xorazmshohlarning harbiy yurishlari, soliq siyosatidagi beboshlik, amir va ma’murlarning jabr-u zulmi mamlakat fuqarolarining moddiy ahvolini g‘oyat og‘irlashtirdi, xalq xo‘jaligini yanada zaiflashtirdi. Bu, shubhasiz, shahar va qishloq aholisining Xorazmshohga qarshi noroziligini oshirdi. Natijada 1210-yilda O‘tror aholisi, 1212-yilda esa samarqandliklar qo‘zg‘olon ko‘taradi. Muhammad Xorazmshoh qo‘zg‘olonlarni shafqatsizlik bilan bostiradi. Viloyat hukmdorlarining isyonlari, xalqning ko‘pgina tabaqalari noroziligi, qo‘shin va saroyda fitnalarning avj olishi davlatning beqarorlik holatini yaqqol ko‘rsatar edi. Shuning uchun ham bu davlat ko‘p yashamadi.