XIV asrning o‘rtalarida Movarounnahrda ijtimoiy-siyosiy vaziyat


Tayanch tushunchalar: siyosiy tarqoqlik, siyosiy kurash maydoni, mamlakat mustaqilligi uchun kurash, sarbadorlar.


Siyosiy tarqoqlik

XIV asrning 50–60-yillarida Movarounnahr 10 ga yaqin mustaqil bekliklarga bo‘linib ketgan. U yerdagi hokimlar o‘zini hokimi mutlaq deb e’lon qiladi. Shu tariqa mamlakatdagi har bir viloyat alohida hukmdorlikka ajralib ketgan. Viloyatlar o‘rtasida nizolar kuchayib ketadi va qonli urushlarga olib keladi.
Siyosiy tarqoqlik, o‘zaro urush va janjallar iqtisodiy tanglikka sabab bo‘lib, mamlakat aholisini, ayniqsa, dehqonlar xo‘jaligini xonavayron qilgan edi.

Buning ustiga Sharqiy Turkiston va Yettisuvda tashkil topgan Mo‘g‘uliston xonlari bir necha bor Movarounnahr ustiga yurish qiladi va davlatni talaydi.
Mo‘g‘uliston xonlarining vayronagarchilikka olib keluvchi yurishlari, istibdodi va zulmiga qarshi xalq harakatlari boshlanadi.

Mana shunday o‘zaro ichki urushlar qizigan, mo‘g‘ullar zulmiga qarshi mehnatkash xalq harakatlari boshlangan bir davrda mamlakatda yangi siyosiy kuch yetilmoqda edi.


Amir Temurning yoshlik davri

Amir Temur Kesh viloyatidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘i (Yakkabog‘ tumani)da 1336-yil 9-aprel kuni tavallud topgan. Uning to‘liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag‘ay ibn Amir Barquldir. Amir Temurning onasi Takina xotun Kesh yurtining obro‘li beka (bek og‘o)laridan hisoblangan. Uning otasi Amir Tarag‘ay barlos urug‘ining oqsoqollaridan bo‘lib, ajdodlari Kesh va Nasaf viloyatida o‘z mulklariga ega bo‘lgan va yurtda hokimlik qilgan.

Amir Temurning yoshligi ona yurti Keshda kechdi. Amir Tarag‘ay o‘g‘lini yoshligidan aslzodalarga yarasha o‘qitgan va har taraflama bilim bergan: katta-kichik bilan muomala ilmini, ov qilish va harbiy bilimlarni o‘rgatgan.
Temurni yetti yoshidayoq madrasaga o‘qishga berishadi. U madrasaga borguncha alifbodan mukammal xabardor bo‘lgan. O‘n ikki yoshidan boshlab bolalarga xos bo‘lgan o‘yinlardan voz kechib, keyinchalik o‘z tengqurlari davrasida sipohiylikka oid o‘yinlar bilan shug‘ullanadi. Amir Temur yoshlik chog‘laridanoq chavandozlik va ovga ishqiboz bo‘lgan. Kamondan nishonga o‘q uzish, ot choptirib turli mashq va harbiy o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lishni yoqtirgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo‘lib voyaga yetadi. Uning atrofidagi bolalikdagi do‘stlari va maktabdoshlari to‘planishib, birgalikda mashq qilardi. Musobaqalarda ishtirok etar, asta-sekin navkar bo‘lib, harbiy guruhga birlashib borar edi. Keyinchalik ular Amir Temurning safdoshlariga aylanib, uning qo‘shinida lashkarboshilik darajasigacha ko‘tarilgan.

Shunday qilib, Amir Temur o‘z zamonasining o‘qimishli va uquvli hukmdorlaridan bo‘lib yetishadi. Temur tibbiyot, matematika, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmidan ham yaxshigina xabardor bo‘lgan. Amir Temur bilan yuzma-yuz o‘tirib suhbatlashishga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldunning ta’kidlashicha, Amir Temur turk, arab, fors xalqlari tarixini chuqur o‘rgangan, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning eng murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtira olgan zot ekan.

O‘zining ilk harbiy faoliyatini Amir Temur qo‘l ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan. Ularning o‘zaro kurashlarida qatnashib, jasorat ko‘rsatgan va janglarda chiniqqan. Harbiy mahorat va oliyhimmatlik Amir Temur shuhratini oshirib, dong‘i butun Qashqadaryo vohasi, xususan, Kesh viloyatiga yoyilgan.

Amir Temur Chig‘atoy xonlaridan Qazog‘onning nabirasi, Amir Husaynning singlisi Uljoy Turkon Og‘oga uylanadi. Shu tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi Amir Husayn o‘rtasida ittifoq yuzaga keladi.


Amir Temurning siyosiy kurash maydoniga kirib kelishi

XIV asrning 50-yillari oxirida Movarounnahrda amirlarning o‘zaro kurashi kuchayib, mamlakatda siyosiy parokandalik avj oladi. Mo‘g‘uliston xonlari Movarounnahrdagi og‘ir siyosiy vaziyatdan foydalanib, o‘lkada o‘z hokimiyatini o‘rnatishga harakat qiladi. Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temur 1360–1361-yillarda Movarounnahrga birin-ketin ikki marta bostirib kiradi. Movarounnahr beklari birlasha olmay xalqni o‘z holiga tashlab ketadi. Amir Temurning amakisi – Kesh viloyatining hukmdori Amir Hoji Barlos Xuroson tomonga qochadi. 24 yoshli Amir Temur esa boshqacha yo‘l tutadi.

Sohibqiron Amir Temur

Temur o‘z yurtini mo‘g‘ullar tajovuzidan himoya qilish uchun ko‘p o‘ylab, Tug‘luq Temurning huzuriga borishga qat’iy ahd qiladi. Natijada u Tug‘luq Temurning yorlig‘i bilan Kesh viloyatining dorug‘asi (hokim) etib tayinlanadi.

  • Dorug‘a – mo‘g‘ulchadan nazoratchi, shahar boshlig‘i degan ma’noni beradi. Mo‘g‘ullar davlatida mahalliy hokimlar huzuridagi ulug‘ xoqon vakili, noibi. Dorug‘a zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan: aholini ro‘yxatga olish; mahalliy xalqlardan qo‘shin to‘plash; pochta aloqalarini yo‘lga qo‘yish; soliqlar yig‘ish; to‘plangan soliq-to‘lovlarni ulug‘ xoqon saroyiga yetkazish

    Shu tariqa Amir Temur siyosiy kurash maydoniga kirib keldi. Keyinchalik bu xatti-harakatini Temurbek aholini mo‘g‘ullar talon-toroj etishidan himoya qilishning yagona yo‘li – puxta o‘ylangan reja 100 ming kishilik qo‘shindan kuchli deb izohladi.

    Tug‘luq Temur o‘g‘li Ilyosxo‘jani Movarounnahrning hukmdori etib tayinlab, Mo‘g‘ulistonga qaytib ketadi. Ilyosxo‘ja bilan Amir Temurning murosasi to‘g‘ri kelmaydi. Shu sababdan u Movarounnahrning nufuzli amirlaridan biri bo‘lmish Balx hokimi Amir Husayn bilan ittifoq tuzib, mo‘g‘ullarga qarshi kurash olib boradi. 1363-yilda Amudaryoning chap sohilida, Qunduz shahri yonida umumiy dushman ustidan g‘alaba qozoniladi. Keyingi ikki yil davomida ittifoqchilar Ilyosxo‘ja boshliq jeta lashkarlari bilan bir necha marta jang qiladi. Nihoyat 1364-yilda oxirida ular mo‘g‘ullarni Movarounnahrdan quvib chiqaradi.

    Biroq Movarounnahrni qo‘ldan chiqarishni istamagan Ilyosxo‘ja 1365-yilning bahorida yana Movarounnahr ustiga qo‘shin tortadi. Ikki o‘rtadagi jang 1365-yil 22-may kuni Toshkent bilan Chinoz o‘rtasidagi Chirchiq daryosi bo‘yida sodir bo‘ladi. Tarixda u “Loy jangi” nomi bilan shuhrat topadi. Chunki o‘sha kuni kuchli jala quyib, jang maydoni botqoqlikka aylangan, hatto otlar loyga botib qolgan.

    Jangda Amir Temur qo‘shini g‘olibona harakat qilib, dushman qo‘shininining o‘ng qanotiga zarba beradi. Biroq bu paytda Husayn o‘z askarlarini raqibning so‘l tomoniga tashlamay, jang maydonini tark etadi.
    Amir Temur chekinishga majbur bo‘ladi.

    Bu g‘alabada so‘ng Ilyosxo‘ja hech qanday qarshilikka uchramay, Xo‘jand va Jizzax shaharlarini egallab, Samarqand ustiga yurish qiladi. Samarqandda qurolli qo‘shin bo‘lmasa-da, xalq shahar mudofaasini o‘z qo‘liga oladi. Uzoq davom etgan mo‘g‘ullar hukmronligiga qarshi ko‘tarilgan bu jarayon tarixda Sarbadorlar harakati nomi bilan shuhrat topadi.


    Samarqand sarbadorlari

    Sarbadorlar harakati XIV asrning 60-yillarida Movarounnahrda mo‘g‘ul xonlarining hujumi munosabati bilan vujudga keladi. Samarqand sarbadorlariga mudarris Mavlonozoda Samarqandiy, hunarmand Abu Bakr Kalaviy va shahar mahallalaridan birining oqsoqoli, mohir mergan Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladi. Sarbadorlar mo‘g‘ullarga Samarqand shahrida qaqshatqich zarba beradi. Bunig ustiga mo‘g‘ullar otlari orasida o‘lat tarqaydi. Birin-ketin otlar qirila boshlaydi. Chorasiz qolgan Ilyosxo‘ja avval Samarqandni, so‘ngra butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ladi.

    Sarbadorlar amaldorlar mol-mulkining bir qismini musodara qilib, kambag‘allarga taqsimlab beradi. Bu esa hukmdor tabaqalarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan.

    Sarbadorlar boshchiligidagi samarqandliklarning mo‘g‘ullar xoni Ilyosxo‘ja ustidan g‘alabasi va shahardagi beqarorlik to‘g‘risidagi xabar Amir Temur bilan Amir Husaynga ham borib yetadi. 1366-yilning bahorida ular Samarqandga yo‘l oladi va shahar yaqinidagi Konigil mavzeyiga kelib tushadi. Beklar sarbadorlarning yetakchilari bilan muzokara olib boradi. Uchrashuvning birinchi kunida ularga izzat-ikrom ko‘rsatildi. Lekin ertasi kuni Abu Bakr Kalaviy bilan Xurdaki Buxoriylar Amir Husayn buyrug‘iga ko‘ra dorga tortiladi. Bundan kech xabar topgan Amir Temur Mavlonozodaning hayotini Amir Husayndan so‘rab oladi va uni o‘limdan qutqarib qoladi.

    Sarbadorlar (forscha “sar” – bosh, “dor” – dor; boshini dorga tikkanlar) – XIV asrda Eron va O‘rta Osiyoda mo‘g‘ullar zumiga qarshi xalq qo‘zg‘oloni qatnashchilari. Qo‘zg‘olonda keng xalq ommasi ishtirok etgan. Sarbadorlar maqsadga erishish uchun ozodlik yo‘lida dorga osilishga ham tayyormiz degan shior ostida kurash olib borgan

    Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, harakat bostiriladi. Movarounnahrda Amir Husaynning hukmronligi o‘rnatiladi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay Husayn bilan Temur o‘rtasida munosabat keskinlashib, ochidan ochiq nizoga aylanadi. 1366–1370-yillar davomida ular o‘rtasida bir necha bor o‘zaro to‘qnashuvlar sodir bo‘ladi.