Xalifalikka qarshi xalq noroziligi


Tayanch tushunchalar: G‘urak va Divashtich qo‘zg‘olonlari, moliyaviy islohot, umaviylar, “Oq kiyimlilar” qo‘zg‘oloni, Muqanna, Rofe ibn Lays.


Qo‘zg‘olonning sabablari

Xalifalikning talonchilik siyosati mahalliy xalqni barcha haq-huquqlardan mahrum etdi. Arablar tomonidan madaniyat oyoqosti qilindi. Arab tili, yozuvi va xalifalik qonun-qoidalari joriy etildi. Buning natijasida mahalliy xalq orasida norozilik tobora kuchayib boradi va qo‘zg‘olonlar ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

Xalifa Umar ibn Abdulaziz (717–719) murakkab vaziyatni hisobga olib, yerli xalqlar bilan kelishish siyosatini amalga oshirishga majbur bo‘ladi. U yangi yerlarni bundan buyon zabt etishni to‘xtatish hamda moliyaviy islohot o‘tkazish to‘g‘risida farmon beradi.

Bunga binoan musulmon arablar bilan bir qatorda islomni yangi qabul qilgan mahalliy xalqlardan xiroj va jizya soliqlarini olish bekor qilindi. Biroq Movarounnahrdagi zodagonlarning ko‘pchiligi o‘zini haqiqiy musulmon deb hisoblab, soliq to‘lamay qo‘yadi. So‘ngra xalifalik ma’muriyati bir yo‘la hammadan jizya olish haqida buyruq beradi. Natijada Movarounnahrda yoppasiga islomdan chiqish va eski dinlarga qaytish boshlanadi. Buning oqibatida mahalliy mulkdorlar bilan arab ma’muriyati o‘rtasida ziddiyat keskinlashgan. Butun mamlakatda bosqinchilarga qarshi xalq qo‘zg‘olonlari ko‘tarilgan.

*Islohot – mavjud tartibni o‘zgartirish
*Farmon – qonun kuchiga ega bo‘lgan buyruq»


Qo‘zg‘olonlarning boshlanishi

Bunday qo‘zg‘olonlardan biri 720-yilda Sug‘dda boshlandi. Qo‘zg‘olonga Sug‘d ixshidi G‘urak va Panjikent hokimi Divashtich boshchilik qiladi.

Sug‘dliklarga yordam berish uchun Yettisuvdan turk lashkarlari keladi. Sug‘ddagi barcha hokimliklar aholisi qo‘zg‘olonga qo‘shiladi. Qo‘zg‘olonchilarning birlashgan kuchlari arablarga qattiq zarba beradi. Faqat ayrim shahar va qal’alar ichida qurshovda qolgan arab istilochilari jon saqlab qoladi. Ular bu natijaga katta o‘lpon va e’tiborli vakillarini qo‘zg‘olonchilar ixtiyoriga garovga berish bilan erishadi.


Qo‘zg‘olonchilarga yon berilishi

Bu vaziyatda Movarounnahr aholisini tinchlantirish va arablar hokimiyatini mustahkamlash kerak edi. Shu maqsadda Xuroson noibi Ashros Islom dinini qabul qilganlardan xiroj va jizya soliqlarini olmaslikka qaror qiladi. Bu aholini tinchlantirishga qaratilgan vaqtinchalik tadbir edi. Zodagon dehqonlarning ko‘pi o‘z chokarlari va kadivarlari bilan islomni qaytadan qabul qiladi va arablar tomoniga o‘tadi.

Xurosonning yangi noibi Nasr ibn Sayyor (738–748) mamlakatda o‘z mavqeyini mustahkamlab olish maqsadida moliya islohoti o‘tkazadi. Islomni yangi qabul qilgan kishilar jizyadan ozod etiladi. Barcha musulmonlar huquq jihatdan tenglashtiriladi. Yer egasining e’tiqodidan qat’i nazar xiroj to‘lashi shart qilib belgilanadi.

Oliy martabali arab lashkarboshilari bilan mulkdor dehqonlar o‘rtasidagi qon-qarindoshlik aloqalari o‘rnatiladi. Ayni vaqtda o‘zi ham namuna ko‘rsatib, Buxorxudotning qiziga uylanadi. Bunday siyosat natijasida arablar bilan mahalliy zodagonlar o‘rtasida ma’lum darajada ittifoq yuzaga kela boshladi. Ammo bu ozodlik yo‘lida olib borilayotgan xalq harakatlariga barham bera olmadi. Movarounnahr xalifalikdagi eng notinch va isyonkor o‘lkalardan biri bo‘lib qolaverdi.


“Oq kiyimlilar” qo‘zg‘oloni

Movarounnahrda yana bir xalq qo‘zg‘olonlaridan biri 769–783-yillarda bo‘lib o‘tgan. Qo‘zg‘olonchilar oq libos kiyganlari uchun ozodlik harakati tarixda “Oq kiyimlilar” qo‘zg‘oloni nomi bilan tilga olinadi. Bu harakatning rahbari hunarmand Hoshim ibn Hakim bo‘lgan. U boshi va yuziga ko‘k parda tutib yurgan. Shuning uchun uni “Muqanna”, ya’ni “Niqobdor” deb atashgan.

Muqanna Xurosonda kichik lashkarboshi lavozimidan vazirlik darajasigacha ko‘tarilgan. Muqanna ajnabiylar hukmronligi va zulmiga qarshi qo‘zg‘alishga da’vat qilib, Movarounnahrga boradi. O‘z yaqinlari bilan Naxshab va Kesh shahriga yetib boradi. Kesh yaqinidagi tog‘ tepasida qurilgan Som qal’asini qarorgohiga aylantiradi. Tez orada butun Qashqadaryo vohasi “Oq kiyimlilar” qo‘liga o‘tadi. Natijada “Oq kiyimlilar” harakati kengayib, katta xalq qo‘zg‘oloniga aylanib ketadi. Harakat ayniqsa Sug‘dda avj olib, Eloq (Ohangaron) vodiysi va Shoshga ham ta’sirini o‘tkazadi. Qo‘zg‘olonda turli tabaqa vakillari ishtirok etadi.

“Oq kiyimlilar” qo‘zg‘oloniga zarba berish uchun xalifa Mansur 775-yilda katta harbiy kuchni Movarounnahrga safarbar qiladi. Dastlabki to‘qnashuvlarda arab qo‘shinlari katta talafotlar bergan va Samarqandga chekingan. Biroq to‘rt oy davom etgan kurashdan so‘ng qo‘zg‘olonchilar mag‘lubiyatga uchraydi.

Narshax va Samarqandda “Oq kiyimlilar” yengilgach, mahalliy mulkdor tabaqa vakillari arablarga yordam bera boshlaydi. Kurashning oxirgi bosqichi Kesh vodiysida bo‘lib o‘tadi. 783- yilda Muqannaning Som qal’asidagi qarorgohi qamalga olinadi. Uzoq davom etgan qamaldan so‘ng kurashdan tinkasi qurigan qo‘zg‘olonchilar taslim bo‘ladi. Istilochilarga taslim bo‘lishni istamagan Muqanna o‘zini yonib turgan tandirga tashlab halok bo‘ladi. Ikkinchidan, xalq harakatining ommalashib ketishidan cho‘chigan mahalliy mulkdorlar birin-ketin arablar tomoniga o‘tib ketgan. Uchinchidan, qo‘zg‘olonnning uzoq davom etgani mehnatkashlarni holdan toydirgan.

Muqanna (taxm. 719–783) – Movarounnahrda Arab xalifaligi hukmronligiga qarshi ko‘tarilgan ozodlik harakatining boshlig‘i. Marv shahri yaqinidagi Koza qishlog‘ida tug‘ilgan. Asl ismi Hoshim ibn Hakim bo‘lib, Narshaxiyning yozishicha, ko‘p o‘qigan, g‘oyat ziyrak bo‘lib, sehr va tilsim ilmlarini o‘rgangan. Arab, fors tillarini yaxshi bilgan. “Muqanna” laqabi bilan mashhur bo‘lgan. Mazdak g‘oyalariga asoslangan ijtimoiy tenglik va erkin hayotga da’vat etuvchi ta’limotni targ‘ib etgan. Qo‘zg‘olon mag‘lubiyatga uchragach, o‘zini olov yonib turgan tandir ichiga tashlab, halok bo‘lgan. Hamid Olimjon Muqanna jasoratiga bag‘ishlangan “Muqanna” dramasini, Sadriddin Ayniy “Muqanna isyoni” tarixiy-adabiy ocherkini yozgan.


769–783-YILLARDA «OQ KIYIMLILAR» QO‘ZG‘OLONI


Qo‘zg‘olon bostirilgan bo‘lsa-da, istilochilarga qarshi mahalliy xalq harakati uzil-kesil to‘xtab qolmadi. 806-yilda arab lashkarboshisi Rofe ibn Lays boshchiligida xalifalikka qarshi yana qo‘zg‘olon ko‘tariladi. Qo‘zg‘olon Samarqanddan boshlanib, Shosh, Farg‘ona, Buxoro, Naxshab va Xorazm viloyatlariga tarqagan. Tez orada mazkur viloyatlar xalifalik qo‘lidan ketadi.
Xuroson noibi Ma’mun dehqonlardan bo‘lgan Somonxudotning nabiralari: Nuh, Ahmad va Yahyolardan yordam so‘raydi. Ular Rofe ibn Laysni qo‘lga olib, xalifaga taslim bo‘lishga majbur qiladi. Shu tariqa navbatdagi xalq harakati ham bostiriladi.

Mahalliy xalqlarning istilochilarga qarshi kurashlari behuda ketmadi. Asta-sekin xalifalik hukmronligi zaiflasha boshladi. Bu hol Movarounnahr aholisining ozodlikka erishuvini tezlashtirdi.