Temuriylar davridagi siyosiy jarayonlar


Tayanch tushunchalar: muxolafat, taxt uchun kurash, Shohrux hukmronligi.


Taxt uchun kurash

Sohibqiron 1405-yil 18-fevral kuni Xitoy tomon yurish vaqtida qahraton qish payti O‘tror shahrida vafot etadi. Amir Temur vafot etgach, uning bir necha o‘n yillar davomidagi sa’y-harakatlari natijasida barpo etilgan yirik saltanat parchalana boshladi. Buning asosiy sababi saltanat tasarrufiga olingan yerlar shu qadar xilma-xil, uzoq masofalarga cho‘zilgan ediki, yagona bir markazdan turib boshqarish murakkab edi. Buning ustiga ulardagi muxolafatchi kuchlar ajralib chiqish uchun qulay payt kutar edi.

Saltanatning parchalanishiga Amir Temur vorislari o‘rtasida uzoq vaqt davom etgan toj-taxt uchun kurash va ziddiyatlar sabab bo‘ldi. Amir Temur vafoti oldidan taxt vorisi etib nabirasi Pirmuhammadni (Kobul, Qandahor va Hindiston viloyatlarining hukmdori) tayinlagan edi. Biroq Mironshohning o‘g‘li Xalil Sulton Mirzo o‘zboshimchalik bilan 1405-yilning 18-mart kuni Samarqandni egallaydi va o‘zini Movarounnahrning oliy hukmdori deb e’lon qiladi. Pirmuhammadning rejalarini buzib yuborish niyatida hatto Amudaryoning o‘ng sohilidagi yerlarni ham hokimiyatiga qo‘shib oladi.

Xalil Sulton bobosidan qolgan xazinalar vositasida Sohibqironning nufuzli a’yon va kiborlaridan ma’lum qismini o‘z tarafiga og‘dirib, Movarounnahr taxtini egalladi. Biroq ko‘p o‘tmay Amir Temurning sadoqatli amirlari, viloyat noiblari va shahzodalarning kuchli noroziligi va isyoniga duch keladi
Birinchi bo‘lib Turkiston hamda Farg‘onaning hokimi amir Xudoydot bilan Shayx Nuriddin Xalil Sultonga qarshi isyon ko‘taradi. Hatto Xalil Sultonning ukasi Sulton Husayn Mirzo Amudaryoning chap sohilidagi viloyatlarda o‘z hokimiyatini o‘rnatmoq niyatida akasiga qarshi bosh ko‘taradi. O‘z navbatida, Amir Temur taxtining qonuniy valiahdi Pirmuhammad Amudaryodan kechib o‘tib, Xalil Sultonga qarshi Nasaf tomonga askar tortadi. Movarounnahrda boshlangan sulola kurashlari shu tariqa avj olib ketdi.

Oqibatda davlat parchalanishni boshlaydi. Ayrim viloyat hukmdorlari hokimi mutlaq bo‘lib oladi. Pirmuhammad 1407-yil 22-fevralda vaziri Pir Ali Toz boshliq fitnachilar qo‘lida halok bo‘ladi. 1408-yil 22-aprel kuni Qoraqo‘yunli turkmanlarning qabila boshlig‘i Qora Yusuf bilan bo‘lgan jangda Mironshoh halok bo‘ladi. Ozarbayjon va Iroq viloyatlari temuriylar qo‘lidan ketadi.

1409-yil bahorida Movarounnahrda vaziyat yanada keskinlashdi. Amir Xudoydot O‘ratepa va Shohruxiya shaharlarini osongina qo‘lga kiritib, Samarqand tomonga askar tortadi. Sheroz yaqinidagi Zarafshon daryosi bo‘yida sodir bo‘lgan jangda Xalil Sulton qo‘shini mag‘lubiyatga uchraydi, o‘zi esa asirga olinadi.


Shohrux hokimiyatining o‘rnatilishi

Bu davrda Xurosondagi amirlar isyonini bostirishga ulgurgan Shohrux endi butun e’tiborini Movarounnahrga qaratadi. Chunki Shohrux ota yurtidagi hodisalarga loqayd qaray olmasdi. 1409-yil 25-aprelda Amudaryodan o‘tib, Samarqand sari yurish qiladi. Qariyb besh yil davom etgan o‘zaro kurash va isyonlar xalqning jiddiy noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Temuriyzodalar va amirlar o‘rtasidagi kurashga xotima berish maqsadida Shohrux boshlagan harakat mamlakat fuqarolarining ko‘pgina tabaqalari tomonidan quvvatlanadi. Shu tariqa Shohrux Movarounnahr va Xurosonda hukmronligini o‘rnatadi, mamlakatda tinchlik va osoyishtalik qaror topadi.

Shohruxning uzoq hukmronligi davrida Amir Temur saltanatining asosiy qismi qo‘l ostida saqlanib qolsa-da, ammo ulkan mamlakat ikki davlatga bo‘lingan edi. Ulardan biri Amudaryodan janubda joylashgan Shohrux boshchiligidagi davlat bo‘lib, markazi Hirot shahri edi. Ikkinchisi esa Amudaryodan shimolda Movarounnahr va Turkiston hududida Ulug‘bek boshchiligidagi davlat bo‘lib, poytaxti Samarqand edi.