Tasviriy san’at


Tayanch tushunchalar: kitobat, tasviriy san’at, xattotlik, musavvirlik, Hirot maktabi.


Kitobat san’ati.

XV asrda kitobat san’ati, ya’ni qo‘lyozma asarlarni ko‘chirib yozish va u bilan bog‘liq bo‘lgan xattotlik, musavvirlik, lavvohlik va sahhoflik san’ati ham nihoyatda yaxshi taraqqiy etdi.

Lavvohlik – lavha chizish

Sahhoflik – qog‘ozni sahifalash va kitobni muqovalash

Bosmaxona va kitob nashr etish hali vujudga kelmagan zamonda kitob yaratish va nusxalarini ko‘paytirish og‘ir mehnat va ko‘p vaqt sarf etiladigan nihoyatda mushkul ish bo‘lgan.

Har bir kitob qog‘ozidan tortib muqovasigacha, siyohidan tortib to bo‘yoqlari-yu zarhaligacha ma’lum qoida asosida tayyorlanar edi. Xattot bo‘lish uchun uzoq vaqt sabr-matonat va ishtiyoq bilan mashq qilish, mukammal savodli, badiiy didi baland kishi bo‘lishi lozim edi. Mohir xattotlar o‘z usuli va uslubini shogirdlariga o‘rgatardi. Shu tariqa xattotlik an’analari davom ettirilar va rivojlantirilar edi.

Mashhur xattot Mirali Tabriziy (1330–1404) nasta’liq deb nomlangan yangi uslubdagi xatni kashf qiladi. Xushnavis xattotlardan biri Sultonali Mashhadiy (1432–1520) edi. Sultonali tomonidan ko‘chirilgan 50 dan ziyod kitob va ko‘pgina qit’alar hozirgi vaqtgacha yetib kelgan. Sultonali o‘ymakorlik san’atida ham mohir bo‘lgan. U xattotlik turlari haqida maxsus asar ham yozgan. Sultonali Mashhadiy “Qiblat ul-kuttob” (“Kotiblar qiblasi”) va “Sulton ul-xattotin” (“Xattotlar sultoni”) nomlari bilan shuhrat topadi.

Samarqand va Hirotda maxsus saroy kutubxonalari tashkil etilgandi. Kutubxona ishlariga kutubxona dorug‘asi yoki kitobdor boshchilik qilgan.
Uning qo‘l ostida xattotlar, naqqoshlar-u musavvirlar, mohir lavvohlar-u sahhoflar buyurtmalarni bajargan. Masalan, Hirotda Ulug‘bekning ukasi Boysung‘ur kutubxonasida qirqta xattot va bir qancha naqqoshlar qo‘lyozma asarlardan nusxalar ko‘chirish va bezash bilan band bo‘lgan. 1429-yilda bu kutubxonada Abulqosim Firdavsiyning mashhur “Shohnoma” dostoni ko‘chirtirilib, 20 ta turli mazmun va manzarali rangdor miniatyuralar bilan bezatilgan.

Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy saroy kutubxonasini nodir asarlar bilan boyitishga g‘amxo‘rlik qiladi.


Tasviriy san’at

XV asrda ulkan yutuqlarga erishgan tasviriy san’at – portretlar, hayotiy lavhalar, tabiat manzaralari, bino va badiiy asarlarga ishlangan tasvirlardan iborat bo‘lgan. Siymolar qiyofasi tasvirlari orasida Jomiy, Navoiy, Abdullo Xotifiy, Behzod, Husayn Boyqaro, Bobur va boshqalarning tasvirlari bizgacha saqlanib qolgan. Musavvirlar bu tarixiy shaxslarning tashqi qiyofasini aniqroq va mukammalroq tasvirlashga, ayrim hollarda hatto ularning ma’naviy dunyosini ochishga intilgan. Masalan, mashhur rassom Mahmud Muzahhib tomonidan chizilgan Navoiy tasvirida shoir hassaga tayangan, qomati birmuncha bukchaygan, qarashlarida ham horg‘inlik alomatlari, ham ulug‘vorlik va oliyjanoblik ko‘zga yaqqol tashlanib turadi.

Musavvir Mahmud Muzahhib qalamiga mansub Navoiy surati

Kamoliddin Behzod (1455–1536) XV asr tasviriy san’atining ulug‘ namoyandasidir. U musavvirlikda “Hirot maktabi” deb nomlangan yangi bir ijodiy usubning asoschisi bo‘ldi.

Behzod o‘z davrida Moniyi Soniy (Ikkinchi Moniy) deb ulug‘langan. U ustoz san’atkor sifatida O‘rta Osiyo, Eron, Ozarbayjon va boshqa o‘lkalar tasviriy san’atining taraqqiyotiga samarali ta’sir etdi. Behzodning ijodi xilma-xil mazmunga ega bo‘lib, tarixiy siymolar (Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Alisher Navoiy) portretlaridan tortib to serjilo hukmdor saroylaridagi qabul marosimlari va jang maydoni manzaralarigacha haqqoniy va ta’sirli qilib tasvirlagan. Ayniqsa, Dehlaviyning “Layli va Majnun” dostoniga bag‘ishlangan lirik manzaralari yoki Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari uchun chizilgan jang maydonidagi shiddatli jang tasvir etilgan miniatyuralari nihoyatda jozibador va ta’sirchandir.

Behzod an’analari keyingi davr rassomlari ijodiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Uning ijodi va merosi san’atshunoslar, rassomlar tomonidan keng o‘rganiladi. Behzod nomini abadiylashtirish maqsadida Birinchi Prezident Islom Karimovning 1997-yil 23-yanvardagi farmoniga binoan Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi, Milliy rassomlik va dizayn institutiga Behzod nomi berildi.

Kamoliddin Behzod

2000-yil noyabrda Toshkent, Samarqand shaharlarida va xorijiy mamlakatlarda YUNESKO homiyligida Behzod tavalludining 545 yilligi keng nishonlandi. Toshkent shahrida Behzod nomidagi memorial bog‘ barpo etildi. Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyida Behzodga bag‘ishlab Buyuk Britaniya, Turkiya, Hindiston, Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekiston san’atshunos olimlari ishtirokida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Temuriylar davrida tasviriy san’at asarlari bilan badiiy adabiyot o‘zaro uzviy aloqada ravnaq topdi, ikki soha bir-biriga samarali ta’sir ko‘rsatdi.