Tayanch tushunchalar: Madrasai umumiy, Madrasai oliya.
Madrasalar faoliyati
Temur va temuriylar davrida madrasa oliy ma’lumot beradigan markaz vazifasini bajargan. Movarounnahr va Xurosonda asosan davlat va davlatmand shaxslarning mablag‘lariga qurilgan ko‘plab madrasalar bor edi. Madrasada ilohiyot bilan birga dunyoviy fanlar: qonunshunoslik (fiqh), mantiq, matematika (riyozat), geometriya (handasa), falakiyot, tibbiyot, tarix, jo‘g‘rofiya, adabiyot, she’riya (ilmi aruz), arab tili va morfologiyasi (qofiya) o‘qitilgan. Madrasada eng yetuk mutaxassislar dars bergan. Ularga alohida ish haqi to‘lanar edi.
1404-yilda Saroymulkxonim Samarqandda qurdirgan madrasa o‘z hashamati bilan o‘z davridagi boshqa inshootlardan ajralib turgan. Saroymulkxonim madrasasida zamonasining mashhur olimlari mudarrislik qilgan.
Hirot hududining o‘zidagina 36 ta madrasa mavjud bo‘lgan. Bu madrasalarda va xonaqohlarda ta’lim olish uchun turli mamlakatlardan talabalar kelar edi. Hirot tevaragida joylashgan Amir Feruzshoh madrasasi va xonaqohi shuhrat qozongan edi. Injil anhori bo‘yida joylashgan Ixlosiya madrasasi va Xalosiya xonaqohi Husayn Boyqaro hukmronligi davrida barpo qilingan. O‘qitish tanlov asosida olib borilib, har oylik tanlovda bo‘sh o‘zlashtirgan talabalar qoldirilib, o‘qishni faqat kuchlilar davom ettirgan.
Ulug‘bek farmoni bilan 1417-yilda Buxoroda, 1420-yilda Samarqandda, 1433-yilda G‘ijduvonda madrasalar qad ko‘taradi. Hatto Buxoro madrasasining darvozasiga “Bilim olish har bir musulmon ayol va erkakning burchidir” xitobnomasi o‘yib yozib qo‘yiladi. Movarounnahrning bu uchta qadimiy shaharlarida barpo etilgan ilmgohlar, xususan, Samarqand madrasasi zamonasining dorilfununi edi.
Ulug‘bek madrasasi
1420-yilda ochilgan Samarqand madrasasi ikki qavatli, ellik hujradan iborat bo‘lgan. Har bir hujra uch xonaga: qaznoq (omborxona), yotoqxona va darsxonalarga bo‘lingan. Madrasada zamonasining iqtidorli olimlaridan mavlono Shamsiddin Muhammad Xavofiy yetakchi mudarris bo‘lgan. O‘rta asrlarning mashhur olimlari Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshoniy, Mirzo Ulug‘bek va uning shogirdi Alouddin Ali Qushchilar turli fanlardan dars bergan. Madrasa ochilgan kuni birinchi darsni Shamsiddin Muhammad Xavofiy o‘qigan. Darsda tolibi ilmlardan to‘qson nafari ishtirok etgan. Madrasada ilmi hay’at (astronomiya)dan darsni Qozizoda Rumiy bergan.
Madrasada kamida 15-16 yil tahsil ko‘rib, dastur bo‘yicha fanlarni to‘la o‘zlashtirgan va imtihonlarda o‘z bilimini namoyish qila olgan tolibi ilmlarga sanad (shahodatnoma) yozib berilgan.
O‘sha davrda Samarqandda Ulug‘bek madrasasidan tashqari Xonim, Qutbiddin Sadr va Muhammad Sadr madrasalari ham mavjud edi.
Madrasa va xonaqoh tinglovchilari fanning turli sohalaridan ko‘pgina kitob tahlil qilar edi. Amir Temur va uning avlodlari saroylarida ko‘hna dunyo va o‘rta asrning noyob asarlari saqlanib kelayotgan boy kutubxonalari bor edi.
Samarqandda Amir Temur va Ulug‘bekning, Hirotda Shohrux, Boysung‘ur, Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning boy kutubxonalari ziyo tarqatish bilan mashg‘ul edi.