Somoniylar


Tayanch tushunchalar: somoniylar hukmronligi, davlat boshqaruv tizimi, mudofaa ishlari, devonlar, Islom dini rivoji.


Somoniylar hukmronligi

IX asrda Movarounnahr siyosiy hayotida ham o‘zgarishlar yuz beradi. Yurtga avval Nuh, so‘ngra Ahmad boshchilik qiladi. Har biri hukmronligi davrida o‘z nomidan misdan chaqalar zarb etadi. Ahmad vafotidan (865-yil) keyin o‘g‘li Nasr taxtga o‘tiradi va Samarqandni markazga aylantiradi. U Movarounnahrning barcha viloyatlarini birlashtirish va uni Xurosondan ajratib olish choralarini ko‘radi.

IX asrning oxirgi choragida Movarounnahrning deyarli barcha viloyatlari somoniylar tasarrufiga o‘tadi. Nasr butun Movarounnahrning hukmdoriga aylanadi. U kumush dirham zarb ettiradi.

Ko‘p o‘tmay aka-uka Nasr va Ismoil o‘rtasida toj-taxt uchun kurash boshlanadi. Unda Ismoil g‘alaba qozonadi. Ismoil Somoniy 888-yilda butun Movarounnahrni o‘z qo‘l ostida birlashtiradi.


Ismoil Somoniy

Ismoil Somoniy o‘rta asrlarning qobiliyatli, serg‘ayrat va nihoyatda zukko davlat arbobi edi. U Movarounnahrni birlashtirib, mustahkam davlat tuzishga intildi.

Shu maqsadda shimoli sharqiy hududlarga yurish qiladi. 893-yilda Taroz shahrini zabt etib, dashtliklarga qaqshatqich zarba beradi.

Movarounnahr aholisining mustaqillikka erishishi, shubhasiz, Arab xalifaligiga yoqmas edi. Shu boisdan xalifalik safforiylar bilan somoniylar orasidagi munosabatni buzishga harakat qiladi. Bu orqali viloyatlarda o‘z ta’sirini qayta tiklamoqchi bo‘ladi. Xalifa Mu’tazid (892–902) safforiylar hukmdori Amir ibn Laysga Xuroson bilan birga Movarounnahr ustidan ham hukm yuritish huquqi berilgani haqida farmon chiqaradi va uni Ismoilga qarshi gijgijlaydi. Natijada 900-yilda ular o‘rtasida urush boshlanadi. Urush Ismoilning g‘alabasi bilan tugaydi. Butun Xuroson somoniylar qo‘l ostiga o‘tadi. Noilojlikdan xalifa Ismoilga hukmdorlik yorlig‘ini yuborishga majbur bo‘ladi.

Ismoil Somoniy butun Movarounnahr va Xurosonni qo‘l ostida birlashtiradi.
Buxoro shahri bu ikki davlatning poytaxtiga aylanadi.

*Somoniylar davlati (865–999) – Movarounnahr va Xurosondagi o‘rta asr davlati. Somoniylar davlatining tashkil topishi Arab xalifaligining qulashi hamda Movarounnahr va Xurosonni bosib olgan Somoniylarning davlat tepasiga chiqishi bilan bog‘liq. Ravnaq topgan davrida Movarounnahr, Xuroson, Shimoliy va Sharqiy Eronni o‘z ichiga olgan.


Boshqaruv tizimi

Somoniylar mamlakatni boshqarishda dastavval ixcham boshqaruv ma’muriyatini tashkil etdi. U amir dargohi va devonlar (vazirliklar)dan iborat edi.

Dargohda amir qarorgohi va harami hamda saroy a’yonlari, navkar va xizmatkorlarning turarjoylari bo‘lgan. Narshaxiyning yozishicha, somoniylar boshqaruvi asosan o‘nta devon orqali idora etilgan. Ular orasida vazir devoni bosh boshqaruv mahkamasi hisoblanardi. Nasr II (914–943) davrida Buxoroning Registon maydonida amir qasri qarshisida devonlar uchun saroy qurilgan. Mahkama mana shu maxsus binoda joylashgan. Mahkama xizmatchilari arab, fors tillarini puxta egallagan, Qur’onni va shariatning asosiy qoidalarini yaxshi biladigan, turli fanlardan xabardor bo‘lgan savodli aslzodalardan tanlab olingan. Movarounnahr ravnaqida Islom dini ruhoniylarining hissasi katta bo‘ldi. Shu boisdan ularning obro‘yi oshib, poytaxt Buxoro Sharqda Islom dinining eng nufuzli markazlaridan biriga aylandi. Shaharlarda ko‘plab ibodatxonalar, shu jumladan, jome masjid, xonaqoh va namozgohlar bino qilindi. Bu davrda Buxoro shahrida O‘rta Osiyodagi ilk ilmgoh – madrasa bunyod etildi. Buxoroning bu qadimiy madrasasi X asrda bino qilingan. U Farjak madrasasi deb yuritilgan.
Mamlakat ma’naviy hayotida “ustod” deb atalgan din va ilm peshvolari rahnamolik qilardi. Keyinchalik bu nom “shayx ul-islom” nomi bilan yanada ulug‘lanadi. Ustoddan keyin xatiblar turardi.

*Madrasa (arabcha – o‘rganmoq) – musulmonlarning o‘rta va oliy o‘quv yurti.

Somoniylar masjid, madrasa va xonaqohlar qurish uchun maxsus joylar va ularning sarf-u xarajatlari uchun katta-katta mulklar ajratib bergan. Islom dini ravnaqi, shubhasiz, O‘rta Osiyo aholisining mustaqil xalq bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.

*Vazir – devonxona boshlig‘i, bosh vazir
*Ulamo – din olimlari
*Hojib – harbiy unvon
*Xonaqoh – g‘aribxona, musofirxona



Mudofaa ishlari

Ismoil Somoniy saroyning maxsus, muntazam sarbozlaridan iborat yaxshi qurollangan harbiy qo‘shin tuzadi. Yaxshi va uzoq xizmat qilgan sarbozlar “hojib” lavozimiga ko‘tarilgan. Hojiblarning boshlig‘i “hojib ul-hijob” yoki “hojib ul-buzruk” deb yuritilar edi. Bunday unvon Somoniylar saroyidagi oliy unvon hisoblanardi.