Qoraxoniylar


Tayanch tushunchalar: Qoraxoniylar davlati, Movarounnahrning egallanishi, Qoraxoniylar davlatining bo‘linib ketishi, davlat boshqaruvi, qoraxitoylar hujumi, “dehqon” atamasining mazmuni.


Davlatning tashkil topishi

X asr o‘rtalarida qarluqlar yag‘mo, chigil, o‘g‘uz va boshqa qabilalar bilan yagona ittifoqqa birlashdi. Bu ulkan hududda dastavval “Xoqoniya o‘lkasi” deb yuritilgan davlat tashkil topadi. Mazkur davlat hukmdorlari “jabg‘u” deb yuritilgan unvonning o‘rniga o‘zlarini “qoraxon”, ya’ni “buyuk xon” deb ataydi. XI–XII asrlarda Xoqoniya rivoj topib kuchaygach, “Qarluq-Qoraxoniylar” davlati nomini olgan. Mazkur yirik davlat qator qabilalar ittifoqi asosida tashkil topgan. Shu bois davlat hukmdorlari “arslonxon”, “bug‘roxon” va “tavg‘achxon” unvonlari bilan yuritilgan. Bu uchta atama oliy darajali hukmdor ma’nosini anglatgan. Buyuklik yoki ulug‘lik esa qadimgi turkiy xalqlarda “qora” so‘zi bilan sifatlangan. Shu boisdan taxtga o‘tirgan Arslonxon, Bug‘roxon va Tavg‘achxonlar “qoraxon” deya e’tirof etilgan. Ular boshqargan davlat esa tarixda ramziy ravishda “Qoraxoniylar davlati” nomi bilan shuhrat topgan.

  • Qoraxoniylar davlati, Xoqoniya – Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Tyanshanning janubiy yonbag‘rida tashkil topgan davlat. Qoraxoniylar sulolasi boshqargan. Qoraxoniylar davlatining barpo etilishida qarluq, chigil va yag‘mo qabilalari yetakchi rol o‘ynagan. Asoschisi – Abdulkarim Sotuk Bug‘roxon (859–955)


    Qoraxoniylarning Movarounnahrga hujumi

    992-yilda Horun Bug‘roxon boshliq qoraxoniylar Movarounnahrga hujum boshlaydi. Bu davrda somoniylar sulolasi chuqur ichki ziddiyatlar girdobiga tushib qolgan edi. Qoraxoniylar Buxoroni qarshiliksiz ishg‘ol qiladi. Nuh ibn Mansur qoraxoniylarga qarshi kurashish uchun G‘aznadagi noibi Sobuqteginni yordamga chaqiradi. U yigirma minglik qo‘shin bilan Movarounnahrga yetib keladi. Nuh va Sobuqtegin qo‘shinlari birlashadi. Bir necha janglardan so‘ng qoraxoniylar qo‘shini tor-mor qilinadi. Buning evaziga Nuh Sobuqteginni Xuroson noibi etib tayinlaydi. Natijada G‘azna va Xurosonda Sobuqtegin va o‘g‘li Mahmudning siyosiy hukmronligi mustahkamlanadi.

    996-yilda qoraxoniylar Movarounnahr tomon yana hujum boshlaydi. Shunday og‘ir siyosiy vaziyat paytida xiyonat yuz beradi. Ya’ni Sobuqtegin qo‘shini Buxoro shahrini egallaydi. So‘ngra u qoraxoniylar bilan muzokaralar olib boradi. Natijada ular o‘rtasida shartnoma tuziladi. Shartnomaga muvofiq Sirdaryo havzasi qoraxoniylar qo‘liga o‘tadi. Sobuqtegin esa Amudaryodan janubdagi yerlarga, shu jumladan, Xurosonga hukmdor bo‘lib oladi. Somoniylarga Movarounnahrning markaziy qismi beriladi xolos. Biroq ko‘p o‘tmay somoniylar hukmronligi batamom barham topadi. Bu voqeaga 999-yilda Buxoroning Nasr Eloqxon boshchiligida qoraxoniylar tomonidan zabt etilishi sabab bo‘ladi.


    Qoraxoniylar davlatining bo‘linishi

    Qoraxoniylar endi Xurosonni ham o‘z davlati hududiga qo‘shib olish uchun harakat qiladi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay qoraxoniylar va g‘aznaviylar o‘rtasida shiddatli urush boshlanadi. 1006- va 1008-yillarda qoraxoniylar Xuroson ustiga ikki marta qo‘shin tortadi. Lekin Mahmud G‘aznaviy qoraxoniylarga zarba berib, Xurosonni o‘z davlati tasarrufida saqlab qolishga muvaffaq bo‘ladi.

    G‘aznaviylarning saljuqiylar bilan jiddiy kurashi boshlanadi. Vaziyatdan foydalangan qoraxoniylarning mahalliy hukmdori Ibrohim Bo‘ritegin 1038-yilda Amudaryo bo‘yi viloyatlari – Xuttalon, Vaxsh va Chag‘oniyonni g‘aznaviylardan tortib oladi. Birozdan so‘ng Bo‘ritegin Movarounnahr va Farg‘onani bo‘ysundirib, mustaqil siyosat yurita boshlaydi. Natijada qoraxoniylar ikki mustaqil davlatga ajralib ketadi. Biri poytaxti Bolosog‘unda bo‘lgan Sharqiy qoraxoniylar, ikkinchisi markazi Samarqand bo‘lgan Movarounnahrdagi Qoraxoniylar davlati edi. Bu g‘alabalardan so‘ng Ibrohim Bo‘ritegin “bug‘roxon” unvonini oladi.


    Davlat boshqaruvi

    Qoraxoniylar davlatni viloyatlarga bo‘lib idora qilgan. Ularni eloqxon yoki takin (yoki tegin)lar boshqargan. Hokimlar faqat qoraxoniylar xonadonining eloqxon unvoniga sazovor bo‘lgan a’zolaridan saylangan. Eloqxonlar o‘z nomi bilan chaqa-tangalar zarb qilar va viloyatlarning mustaqilligi uchun intilar edi. Movarounnahr eloqxoni qoraxoniy eloqxonlari orasida katta obro‘ga ega edi. U Samarqandda taxtga o‘tirgan. Viloyat boshqaruv ma’muriyatida somoniylar davridagidek boshqaruv mahkamasi bo‘lgan. Shaharlar esa shahar hokimi, raislar tomonidan boshqarilardi. Qoraxoniylar mamlakatda o‘z hukmronligini mustahkamlab olishda musulmon ruhoniylari bilan yaqin va do‘stona munosabat o‘rnatadi. Bu davrda imomlar, sayyidlar, shayxlar va sadrlarga e’tibor kuchaygan, ularning obro‘yi har qachongidan ham balandga ko‘tarilgan.

    Qoraxoniy hukmdorlari garchi bu davrda hali o‘troq hayotga ko‘chmagan bo‘lsa-da, dehqonchilik vohalari va shaharlarning madaniy ahamiyatini yaxshi anglar edi. Ular Bolasog‘un, Koshg‘ar, Taroz, O‘zgan, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarni davlat yoki viloyat poytaxtiga aylantirib, shaharlar bilan aloqa bog‘lashga harakat qiladi.


    Qishloq xo‘jaligi

    XI asrda Movarounnahrga kirib kelgan ko‘chmanchi chorvadorlar dehqonchilik maydonlarini toptab tashlaydi. O‘tloq va yaylovlarga aylantirilgan ekinzorlar qoraxoniylar xonadonining tayanchi hisoblangan qabilalarning asosiy mulkiga aylantiriladi.

    Mahalliy mulkdor dehqonlar bilan chorvador ko‘chmanchilar o‘rtasida ziddiyat kuchayib, dehqonlarga qarshi kurash keskin tus oldi. Qoraxoniylarning tazyiqi oqibatida mulkdor dehqonlar jon saqlash maqsadida o‘z yerlarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Qoraxoniylar hukmronligi davrida mahalliy mulkdor dehqonlar yer-suv mulklaridan hamda mamlakatda tutgan siyosiy mavqelaridan ajralgan. Jamiyat hayotida o‘zining ilgarigi o‘rni va ahamiyatini butunlay yo‘qotgan.
  • XI–XII asrlarda “dehqon” degan tushuncha o‘zining “qishloq hokimi”ni anglatuvchi asl ma’nosini yo‘qotdi.


    Iqto yerlarining kengayishi

    XI asrdan boshlab yerdan foydalanishda iqto tartiboti juda keng yoyiladi. Qoraxoniylar hukmron sulola namoyandalaridan tashqari oliy darajali harbiylar, davlat ma’murlari va mahalliy zodagonlarga ham katta-katta yer maydonlarini iqto tarzida hadya qilgan. Iqto tartibi qoraxoniylar uchun qaram mamlakatlardan soliqlarni undirishning eng qulay shakli hisoblangan.

    Shunday qilib, XI–XII asrlarda Movarounnahrda va Xurosonda iqto yerlari kengayib, mulkchilikning asosiy shakllaridan biriga aylanadi.

    Bu davrga kelib vaqf yerlari ham ancha ko‘payadi. Bunga musulmon ruhoniylariga bo‘lgan e’tiborning kuchayishi va ularning mamlakatda siyosiy ta’siri tobora ortib borishi sabab bo‘ladi. Qoraxoniylar davrida barzikorlar ilk o‘rta asrlardagi kadivarlarga nisbatan ozod hisoblangan. Biroq ularning zimmasiga davlat tomonidan turli soliq va har xil majburiyatlar yuklangan. Sug‘orish tarmoqlari, to‘g‘onlar, yo‘l va qal’alar qurish va ta’mir qilishda ishtirok etishi shart bo‘lgan.


    Shaharlar, savdo va hunarmandchilik

    XI–XII asrlarda aholi soni ko‘payib, shaharlar gavjumlashdi. Samarqand, Buxoro, Termiz, O‘zgan, Toshkent kabi shaharlar ichki va tashqi savdo uchun xilma-xil hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan hamda chaqa-tangalar vositasi bilan olib boriladigan bozor tijoratining markaziga aylanadi. Hozirgacha saqlanib qolgan Raboti Malik, Masjidi kalon, Minorai kalon, Vobkent minorasi, Jarqo‘rg‘on minorasi, Mag‘oki attor masjidi hamda ko‘plab saroy, masjid, madrasa, minora, xonaqoh, maqbara, tim va karvonsaroy kabi inshootlar quriladi.

    Hunarmandchilik mahsulotlari o‘zining xilma-xilligi va yuqori darajada nafisligi bilan ajralib turgan. Bu davrda shaharlarda, ayniqsa, kulolchilik, shishasozlik, miskarlik va chilangarlik rivoj topadi. Hunarmandchilikning taraqqiy etishi hamda ichki va tashqi savdoning kengayishi bilan bozor tijoratida pulga talab oshadi. Natijada kumush va misdan ko‘plab chaqa va tangalar zarb qilinadi.


    Qoraxitoylar hujumi

    Siyosiy jihatdan tobora zaiflashib borayotgan Qoraxoniylar davlati o‘zining avvalgi mavqeyini yo‘qotib, saljuqiylar tazyiqiga uchraydi va unga qaram bo‘lib qoladi. XII asrning 30-yillari oxiriga kelganda Qoraxoniylar davlati sharqdan kelgan yangi istilochilar – ko‘chmanchi qoraxitoylar (mo‘g‘ullarga mansub qabila) hujumiga duchor bo‘ldi. Qoraxitoylar hukmdori Go‘rxon Bolosog‘un shahrini davlat poytaxtiga aylantirgan.

    Yettisuvga joylashib olgan qoraxitoylar tez orada Sirdaryoning o‘rta oqimiga tomon yurish boshlaydi. Jangovar qo‘shinlar avval Shosh va Farg‘onaga, so‘ngra Zarafshon va Qashqadaryo viloyatiga bostirib kiradi. 1137-yilda Xo‘jand shahri yaqinida qoraxoniylarning eloqxoni Mahmudga qaqshatqich zarba beradi. O‘zaro sulh tuzilib, qoraxoniylardan katta tovon olingach, o‘z yurtiga qaytib ketadi. Lekin sulh uzoqqa cho‘zilmaydi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, qoraxitoylar yana Movarounnahrga hujum qiladi. 1141-yilda bo‘lib o‘tgan jangda qoraxitoylar g‘alaba qozonadi. Oqibatda Qoraxoniylar davlati tugatiladi.