Qarluqlar, O’g’uzlar, Tohiriylar


Tayanch tushunchalar: qarluqlar, o‘g‘uzlar, tohiriylar, davlat boshqaruvi.


Xalifalikning zaiflashuvi

VIII asr oxiri – IX asr boshlarida Arab xalifaligi og‘ir siyosiy tanglikka uchradi.
Bo‘ysundirilgan xalqlarni itoatda tutib turish arablar uchun tobora qiyinlashdi.
Movarounnahr va Xuroson aholisining tez-tez qo‘zg‘olon ko‘tarib turishi, uzluksiz davom etgan o‘zaro urush va ichki ziddiyatlar Arab xalifaligi hokimiyatini zaiflashtirdi. Bu esa mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Movarounnahrning shimoliy va shimoli sharqiy hududlaridagi hali xalifalikka bo‘ysundirilmagan chegaradosh yerlarda bir nechta davlatlar tashkil topdi. Ulardan biri Qarluqlar davlatidir.


Qarluqlar davlati

Qarluqlar qadimiy turkiy qabilalardan hisoblanadi. Ular qadimda Oltoyning g‘arbida, so‘ngra Irtish daryosining o‘rta oqimida yashagan. VI–VII asrlarda ular Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. VIII asr o‘rtalarida Yettisuv o‘lkasida Qarluqlar davlati tashkil topdi. Bu davlatning poytaxti Chu daryosidan shimolroqda joylashgan Suyob shahri edi. Qarluqlar davlati hukmdori “yabg‘u” yoki “jabg‘u” deb yuritilgan.

X asr o‘rtalariga borganda qarluqlarning kattagina qismi musulmon bo‘lgan.
Bu davrda bir nechta shaharlarda jome masjidlar bino qilingan.

Qarluqlar davlati shimol va sharqdan Elsuvi daryosi vodiysigacha, chigil qabilasi yaylovlarigacha; g‘arbdan o‘g‘uz yurti va Farg‘ona vodiysi; janubda esa yag‘molar vohasi va Sharqiy Turkiston bilan chegaralangan. Bu diyorda poytaxtdan tashqari Jo‘l, Navkat, Karmankat, Yor kabi shaharlar va qator qishloqlar qad ko‘targan. Aholi qo‘ychilik, tog‘ jilg‘alari bag‘rida esa dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Sharqiy Turkiston va Movarounnahr bilan savdo-sotiq olib borgan. Chetga asosan jun va junli mahsulotlar: gilam, sholcha, namat kabi buyumlar olib chiqilgan.

X asrda qarluqlar Movarounnahrning shimoliy hududlarini egallaydi. So‘ngra Shosh atrofi hamda Farg‘ona va Zarafshon vodiylariga kelib o‘rnashadi. Keyinchalik qarluqlar o‘troq tarzda yashaydigan mahalliy aholiga singib ketadi.

*Qarluqlar – turkiy qabilalardan biri. Dastlab Oltoyning g‘arbida, so‘ngra Irtish daryosining o‘rta oqimida yashagan

*VIII asr o‘rtalarida Qarluqlar davlati Yettisuv o‘lkasida tashkil topdi. Poytaxti Suyob shahri bo‘lgan


O‘g‘uzlar

Turk xoqonligi hukmronligi davrida o‘g‘uzlar uning tarkibida edi. Turk xoqonligi yemirilgach, o‘g‘uzlarning kattagina qismi Sirdaryo havzasi hamda Orol dengizi bo‘yida muqim o‘rnashib oladi. Ular IX asr oxiri va X asr boshlarida O‘g‘uzlar davlatiga asos soladi.

Sirdaryoning quyi oqimi bo‘yidagi Yangikent shahri O‘g‘uzlar davlatining poytaxti bo‘lgan. X asrdan boshlab o‘g‘uzlar Islom dinini qabul qiladi.

*O‘g‘uzlar – O‘rta Osiyoda yashagan turkiy qabila. IX asr oxiri va X asr boshida O‘g‘uzlar davlati Sirdaryo havzasi hamda Orol dengizi bo‘yida tashkil topdi. Poytaxti Yangikent shahri bo‘lgan

X asrning birinchi choragida O‘g‘uzlar davlati shimoli sharqdan qo‘zg‘algan qipchoqlar tomonidan qaqshatqich zarbaga uchrab, bo‘linib ketadi. Ular o‘z yurtini tark etib, bir qismi g‘arbga, Shimoliy Kavkaz dashtlariga borib o‘rnashadi. Ularning ikkinchi qismi esa avval Movarounnahrga kirib boradi. So‘ngra janubi g‘arbga siljib, yangi sulola – saljuqiylar boshchiligida Old Osiyo mamlakatlarini istilo qilishga kirishadi.

Bu ikki turkiy davlat faqat Movarounnahrning emas, balki butun O‘rta Sharq hamda Old Osiyo aholisining siyosiy hayotiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Bu davlatlarning aholisi shu hududda yashovchi xalqlarning etnik tarixiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Masalan: qarluqlar o‘zbek va tojiklarning, o‘g‘uzlar turkman, ozarbayjon, qoraqalpoqlarning etnogenezida muhim rol o‘ynadi.


Tohiriylar davlati

VIII asr oxiri – IX asr boshida xalifalikni larzaga keltirgan og‘ir vaziyat abbosiylarni Movarounnahr va Xurosonda olib borayotgan siyosatini o‘zgartirishga majbur qiladi. Mahalliy zodagonlar Movarounnahr va Xurosonni o‘z tasarrufiga o‘tkazib oladi. Shu bilan birgalikda xalifalik markazida ham hokimiyatni boshqarishda tobora ko‘proq rol o‘ynaydigan bo‘ladi. Bunga, ayniqsa, xalifa Horun ar-Rashid (786–809) vafotidan so‘ng o‘g‘illari Ma’mun bilan Amin o‘rtasida 809–813-yillarda taxt uchun bo‘lgan kurash katta yo‘l ochib berdi.

Xalifalikning markaziy qismidagi arablar Aminni xalifalik taxtiga ko‘taradi.
Bundan norozi bo‘lgan Ma’mun ukasi Aminga qarshi kurash boshlaydi. Hirot viloyatining zodagonlaridan Tohir ibn Husayn boshliq Xuroson va Movarounnahr mulkdorlari unga yordam beradi. 813-yilda ular Bag‘dodga yurish qiladi. Poytaxt qo‘lga kiritilib, Ma’mun xalifalik taxtiga o‘tiradi. Buning evaziga Tohir 821-yilda Xuroson va Movarounnahr noibi etib tayinlanadi. Shuningdek, Ma’mun Movarounnahr zodagonlarining ham yordamini unutmadi. Somonxudotning nabiralarini ayrim shahar va viloyatlarga noib qilib tayinlaydi. Nuhga Samarqand, Ahmadga Farg‘ona, Yahyoga Shosh va Ustrushona, Ilyosga esa Hirot tegadi. Buning evaziga aka-uka somoniylar Movarounnahrning har yilgi xirojidan juda katta mablag‘ni tohiriylar orqali davlat xazinasiga yuborib turgan.

Tohir davlat ishlarini mustaqil idora etish maqsadida 822-yilda xalifa nomini xutbadan chiqartirib yuboradi.

Bu amalda Bag‘dod bilan aloqani uzish va o‘zini mustaqil deb e’lon qilish edi.
Biroq ko‘p o‘tmay u to‘satdan vafot etadi. Tohirning o‘g‘illari Talxa va Abul Abbos Abdulloh otasining o‘rniga birin-ketin noiblik qiladi. Shunday qilib, Xuroson va Movarounnahr boshqaruvi tohiriylar xonadoniga meros bo‘lib qoladi. Abul Abbos Abdulloh noibligi (830–844) davrida poytaxt Marvdan Nishopur shahriga ko‘chiriladi.

Movarounnahr shaharlarida noiblik qilayotgan Somonxudot avlodlarining mahalliy noibligi tohiriylar tomonidan tan olinadi. Somoniylar esa, o‘z navbatida, tohiriylarga tobe sifatida Movarounnahrni idora etadi. Bu, shubhasiz, Xuroson va Movarounnahrda bir asrdan oshiqroq hukm surgan xalifalik hukmronligi tugaganligini bildirardi.

*Tohiriylar – Xurosondagi Tohiriylar davlatida hukmronlik qilgan sulola (821–873). Rasman abbosiylarga qaram hisoblangan. Sulolaga 821-yil Tohir ibn Husayn asos solgan

*Safforiylar – Safforiylar davlatida hukmronlik qilgan sulola. Safforiylar nomi uning asoschisi Ya’qub ibn Lays as-Saffor nomidan olingan. Safforiylarning yirik hukmdorlari: Ya’qub ibn Lays (873-879); Amr ibn Lays (879-900)

*Xutba – juma namozida hukmdor nomini aytib, uning haqiga duo o‘qish, olqishlash

*G‘oziy – Haq din uchun kurashuvchi jangchi


Tohiriylar hokimiyatining barham topishi

Tohiriylar davrida ham mehnat ahlining ahvoli og‘irligicha qolaverdi. Mulkdor dehqonlarning jabr-zulmidan, davlatning og‘ir soliqlaridan bezor bo‘lgan xalq qo‘zg‘olon ko‘taradi. Ularga “g‘oziylar” ham qo‘shiladi. Qo‘zg‘olonga safforiylar – miskar hunarmand aka-uka Ya’qub va Amr ibn Layslar boshchilik qiladi. 873-yilda Xuroson poytaxti Nishopur egallanadi. Natijada tohiriylar hukmronligi tugatilib, hokimiyat safforiylar qo‘liga o‘tadi.