Tayanch tushunchalar: Turk xoqonligi, boshqaruv tizimi, Eftallar davlatining barham topishi, Xoqonlikning bo‘linishi.
Xoqonlikning bo‘linishi
VI asr o‘rtalarida Oltoy va Janubiy Sibirda yashagan turkiy qabilalarni birlashtirgan yangi davlat vujudga keldi. Bu davlat tarixga Turk xoqonligi nomi bilan kirgan. Uning asoschisi Bumin edi. 552-yilda Bumin “xoqon” deb eʼlon qilindi.
Xoqonlikning markazi etib Oltoy shahri belgilanadi. Turklarning g‘arbga tomon yurishlariga Istami boshchilik qiladi. Unga “Yabg‘u xoqon” degan unvon beriladi. Tez orada Yettisuv va Sharqiy Turkistonga tutashgan hududlarda yashovchi turkiy qabilalar bo‘ysundiriladi. 555-yildayoq turklar Sirdaryo va Orol dengizigacha bo‘lgan yerlarni egallaydi. Xoqonlik chegarasi Eftallar davlati chegarasigacha tutashib ketgan. Natijada Eftallar davlatining shimoliy hududlari xavf ostida qolgan. Qulay vaziyatdan foydalangan sosoniylar Toxariston va Chag‘oniyonni eftallardan tortib oladi.
Turk xoqonligining eftallar bilan to‘qnashishi muqarrar edi. Bunday murakkab siyosiy vaziyat xoqonlikni Eron, so‘ngra Vizantiya bilan yaqinlashtiradi. Uzoq vaqt eftallar tazyiqida yashagan sosoniylar bu davlatning tamomila barbod bo‘lishidan manfaatdor edi. Shu tariqa Sosoniylar shohi Xusrav I Anushervon (O‘lmas) tashabbusi bilan yangi ittifoq yuzaga keladi. O‘zaro harbiy ittifoq Eron shohining Istamiga kuyov bo‘lishi orqali mustahkamlanadi. 563-yilda Eron askarlarining Balxga hujumi ko‘magida turklar Eftallar davlati yerlariga bostirib kiradi. Parak (Chirchiq) vodiysi va uning markazi Choch shahri ishg‘ol qilinadi. Sirdarodan o‘tib, Zarafshon vodiysiga kirib boradi. Turklar Samarqand, Kesh va Naxshabni egallab, Buxoroga yaqinlashadi. Sakkiz kun davom etgan jangda eftallar qo‘shini yengiladi.
Shunday qilib, 563–567-yillarda janubda Eron sosoniylaridan, shimolda esa Turk xoqonligidan zarbaga uchragan Eftallar davlati tamomila barbod bo‘ladi.
Davlatning merosi o‘zaro bo‘linib, Amudaryoning janubiy qirg‘oqlarigacha bo‘lgan viloyatlar Eron, uning o‘ng sohillari bo‘ylab Kaspiy dengizigacha cho‘zilgan yerlar Turk xoqonligi tasarrufiga o‘tadi.
Eftallar davlati qulagach, vaziyat tubdan o‘zgardi. Endilikda Eron o‘z chegarasini shimoli sharqqa tomon kengaytirib oldi. Amudaryodan to Suriyaga qadar Ipak yo‘li ustidan nazoratini o‘rnatdi. Turklar esa Uzoq Sharqdan Eron hududlarigacha bo‘lgan karvon yo‘li nazoratini qo‘lga oldi. Eron orqali Vizantiya bilan bevosita savdo qiladigan bo‘ldi.
Turk xoqonligining boshqaruvi
Turk xoqonligi qanchalik katta bo‘lmasin, chinakam markazlashgan davlat emas edi. Uning asosiy qismi turkiy tilda so‘zlashuvchi qabilalar ittifoqidan iborat bo‘lgan. Bu ittifoqni xoqon boshqargan. Hukmdorning hokimiyati urug‘-aymoq udumlariga tayangan harbiy-ma’muriy boshqaruvga asoslangan. Mamlakat aholisi ko‘chmanchi chorvador va o‘troq dehqonlarga bo‘lingan. Ko‘chmanchi chorvador aholi “budun” yoki “qora budun” nomlari bilan yuritilgan. Budun o‘z navbatida qabilalar ittifoqi birlashmasini tashkil etardi. O‘n o‘q budun yoki elning hokimi “yabg‘u” yoki “jabg‘u” nomi bilan atalardi. Yabg‘u darajasiga faqat xoqon urug‘iga qon-qarindosh bo‘lganlar ko‘tarilgan. O‘n o‘q el sardori bir tuman (o‘n ming) suvoriyni safga tortar edi. Bunday harbiy bo‘linmaning tumanboshisi “shod” deb yuritilgan.
«Budun – chorvador aholi
Xoqon – buyuk hukmdor, podshoh, imperator
Yabg‘u xoqon – xoqon urug‘idan bo‘lgan yurt hokimi
Shod – o‘n ming qo‘shin qo‘mondoni
Yasoq – dehqonlar va chorvadorlardan olinadigan soliq»
VI asrda Chirchiq, Zarafshon, Qashqadaryo va Amudaryo havzalarida o‘ndan ortiq voha hokimliklari mavjud edi. Ularning iqtisodiy va siyosiy boshqaruvi mahalliy sulola hukmdorlari qo‘lida qoldirilgan. Turklar ulardan faqat boj va yasoq undirish bilan cheklangan.
Xoqonlikning bo‘linishi
Katta-katta qabilalar yoki qabilalar ittifoqi markaziy hokimiyatga bo‘ysunmaslikka intilgan. Turk xoqonligi tasarrufida bo‘lgan hududlardagi hokimlar mustaqil bo‘lishni istar edi. Bu omillar xoqonlikning mustahkam markazlashgan davlatga aylanishiga imkon bermagan.
Bo‘ysundirilgan hududlarni mahalliy hokimlar orqali boshqarish tartibi xoqonlikni tobora zaiflashtirgan. Buning ustiga, Vizantiya, Xitoy va Eron bilan doimiy raqobat xoqonlik ahvolini yanada og‘irlashtirgan. Oqibatda Turk xoqonligi VI asrning 80-yillari oxirida ikkiga: Sharqiy turk xoqonligi va G‘arbiy turk xoqonligiga bo‘linib ketadi. Turk xoqonligining Oloy tog‘lari sharqidan to Uzoq Sharqqacha bo‘lgan hududi, yaʼni Janubiy Sibir, Urxun havzasi (Mo‘g‘uliston) va Shimoliy Xitoy Sharqiy xoqonlik tasarrufida bo‘lgan. Mazkur xoqonlikning poytaxti O‘tukan vodiysi (Mo‘g‘uliston)da qaror topgan. Oloy tog‘larining g‘arbida joylashgan o‘lkalar: Yettisuv, Sharqiy Turkiston, Sirdaryo va Amudaryo havzalari hamda ularga tutashgan hudud G‘arbiy xoqonlik tarkibiga kirgan. Qarorgohi Yettisuvda joylashgan.
Mustahkam markazlashgan davlat — bu barcha hududlari yagona hukmdor hokimiyati tomonidan idora qilinuvchi davlat