Tayanch tushunchalar: mudofaa rejasi, O‘tror qamali, Buxoro va Samarqandning egallanishi, Temur Malik jasorati, Urganch qamali, Najmiddin Kubro jasorati.
Xorazmshohning mudofaa rejasi
Chingizxon Movarounnahr yurishiga katta ahamiyat berib, puxta tayyorgarlik ko‘rgan edi. Hali harbiy yurish boshlanmasdanoq o‘z dushmanining kuch-qudrati va urushga tayyorgarligi to‘g‘risida savdogarlar orqali to‘plangan ma’lumotlarni sinchiklab o‘rgangan. Chingizxon Xorazmshohlar davlatining ichki ziddiyatidan to‘la xabardor edi.
Xorazmshoh bilan sarkardalar o‘rtasidagi ixtilof mavjud ustunlikdan foydalanishga imkon bermadi. Urush boshlanishi arafasida bo‘lgan harbiy kengashda ular o‘rtasidagi kelishmovchilik yaqqol namoyon bo‘ldi. Kengashda dushmanga zarba berishning yagona rejasini belgilab olish o‘riga fikrlar bo‘linib ketdi. Sulton Muhammadning o‘g‘li Jaloliddin, Xo‘jand hokimi Temur Malik singari sarkardalar harbiy kuchlarni asosiy nuqtalarga
to‘plab, dushmanga zarba berishni taklif qiladi. Biroq Sulton katta qo‘shinni bir joyga to‘plashdan qo‘rqar edi. Sulton nazarida bir joyga to‘plangan qo‘shin uni taxtdan ag‘darishi mumkin edi. Shuning uchun harbiy kengashda sulton qo‘shinni turli shaharlarga bo‘lib yuborib, urushda mudofaa taktikasini qo‘llashga qaror qiladi. Shu tariqa mamlakat katta xavf ostida qoldi.
O‘tror qamali
1219-yilning kuzida Chingizxon Xorazmshohga qarshi yurish boshlaydi.
Chingizxonning o‘trorliklardan o‘chi borligidan mo‘g‘ullar qo‘shini dastlab Sirdaryo bo‘yida joylashgan O‘tror shahri ustiga yurish qildi. O‘tror mustahkam qal’ali chegara shahar edi. Qal’a noibi G‘oyirxon (Inolchiq) va sarkarda Qoracha Hojib boshchiligida o‘trorliklar mo‘g‘ullarga qarshi jang qiladi. Manbalarga ko‘ra, O‘tror qamali 5 oy davom etgan. O‘tror mudofaasining eng og‘ir paytida Qoracha Hojib qo‘shini bilan shahar darvozasidan chiqib, mo‘g‘ullarga taslim bo‘lgan. Biroq xiyonatkorlarni mo‘g‘ullar ham kechirmagan. Ular Qoracha Hojib va uning askarlarini qatl etadi. G‘oyirxon o‘zini Chingizxon savdogarlari va sarbonlarini o‘ldirishda aybdor his qilib, so‘nggi nafasigacha dushmanga qarshi kurashadi.
G‘oyirxon boshliq askarlarning bir qismi O‘tror arkiga joylashib olib, mudofaani yana bir oygacha davom ettiradi. G‘oyirxon qurshovga olinib, asirga tushiriladi va Samarqandda qiynab o‘ldiriladi.
Buxoro fojiasi
1220-yilning fevralida Chingizxon musulmon sharqidagi yirik madaniy markaz Buxoro ustiga qo‘shin tashlaydi. Buxoro qamali 12 kun davom etadi.
Shahar dushman kuchini qaytarishga tayyor emas edi. 1220-yilning 16-fevralida mo‘g‘ullar Buxoro shahrini egallaydi va talon-toroj qiladi. Behisob xazinalar talanadi, asriy qo‘lyozma asarlar, muqaddas kitoblar gulxanga uloqtiriladi. Ilm va ma’rifat egalari bo’lgan ulamolar va shayxlar mo‘g‘ul jangchilariga xizmatkor qilib beriladi. Chingizxon amri bilan Buxoro yoqib yuboriladi.
Samarqand jangi
Buxoro zabt etilgandan so‘ng 1220-yilning mart oyida mo‘g‘ullar Movarounnahrning eng mashhur va yirik shahri bo‘lgan Samarqand tomon yo‘l oladi. Chingizxon shahardan tashqarida joylashgan Ko‘ksaroy qasrida turib shaharni qamal qilish ishiga boshchilik qiladi. Shahar ostonasida uch kun shiddatli janglar davom etadi. Uch kunlik qattiq qarshilikdan so‘ng Chingizxon hiyla ishlatishga majbur bo‘ladi. Qang‘li qo‘shinlariga shahar olingach omonlik va’da qiladi. Ular taslim bo’lib, shahar talangach, 30 minglik qang‘li qo‘shini qolgan himoyachilar bilan birga qirib tashlanadi. Samarqand mo‘g‘ullar tomonidan egallangach, Buxoro kabi vayron etiladi va yoqib yuboriladi.
Temur Malik jasorati
Xo‘jand shahri Sirdaryo ikkiga ayrilgan yerda joylashgan edi. Uning tabiiy joylashishi hamda shahar hokimi Temur Malikning qahramonligi bilan xo‘jandliklar mo‘g‘ullarga kutilmagan qarshilikni ko‘rsatadi. Xo‘jand shahri himoyachilari Temur Malik boshchiligida qariyb bir oy davomida o‘z shahrini mudofaa qiladi. Oxiri ilojsiz qolgan paytda o‘t ichida qolgan shaharni ming nafarga yaqin bahodir tark etadi. Temur Malik bilan Sirdaryo o‘rtasidagi orolda joylashib olib, dushman bilan mardlarcha olishadi. Maxsus kemalar yasab, daryo oqimi bo‘ylab Xorazm tomon suzib ketadi. Yo‘l-yo‘lakay dushman bilan jang qilishgan. Xalq qahramoni Temur Malikning bundan keyingi vatanparvarlik jasorati Xorazm va ona yurtining boshqa hududlarini himoya qiluvchilar safida kechdi. Sirdaryo (Sayhun) havzasi, Zarafshon va Qashqadaryo vodiylari, Amudaryo (Jayhun) o‘rta oqimining o‘ng sohilidagi
viloyatlar zabt etilgach, Chingizxon asosiy kuchni Xorazmshohlar davlatining markaziy qismi – Xorazmga tashlaydi.
Urganch qamali
1221-yilning boshlarida Chingizxon qo‘shinining Urganchga yurishi boshlandi. Xorazmshohlar poytaxtida xorazmliklarning 110000 nafar qo‘shini turar edi. Urganchliklar dushmanning harbiy kuch va zirhli qurollarining ustunligiga qaramay ona shahrini yetti oy mudofaa qiladi. Jaloliddin Manguberdi va Temur Malik singari sarkardalar xalq qasoskorlari bilan bir safda jang qiladi. Janglarda zamonasining buyuk allomasi shayx Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur bo‘lgan 76 yoshli Ahmad ibn Umar Xivaqiy do‘st-u shogird va izdoshlari bilan ishtirok etdi. Xivaqiy muridlarini yovga qarshi kurashga ilhomlantirib turdi. Najmiddin Kubroning iltijo bilan “Yo Vatan, yo sharofatli o‘lim” degan xitobi rahnamoligida har bir mahalla, ko‘cha-ko‘y, guzar-u rasta, masjid-u madrasa va har bir xonadon janggohga aylandi. Ko‘cha janglarida minglab mo‘g‘ul askarlari halok bo‘ldi. Mo‘g‘ullar to shu paytgacha Movarounnahrning hech bir shahrida bunchalik qurbon bermagan edi.
Chingizxon Najmiddin Kubroga ahli a’yonlari, barcha yor-u do‘stlari bilan shahar tashqarisiga chiqib, jon saqlashni taklif qiladi. Ammo shayx Chingizxon taklifini rad qilib, “Shu tuproqda tug‘ilibmiz, shu tuproqda o‘lamiz!” degan ekan. Oqibatda son jihatidan teng bo‘lmagan dushman bilan olib borilgan shiddatli jangda og‘ir yaralangan Najmiddin Kubro o‘lim oldida tig‘ tutgan mo‘g‘ul sarboziga tashlanib, qahramonlarcha halok bo‘ladi. Jangchi mo‘g‘ullar jonsiz shayx qo‘lidan bayroqni tortib ololmaydi.
Mo‘g‘ullar shaharni egallashda hiyla ishlatib ham ko‘radi. Bir cho‘ponga 100-150 qo‘y va echki beriladi hamda shahar darvozasi yonidan haydab o‘tish buyuriladi. Mo‘g‘ullarning o‘zi esa pistirmada turadi. Och qolgan aholi darvozadan chiqib, suruv ketidan quvib ketadi. Aholining uzoqlashganidan foydalangan mo‘g‘ullar shaharga hujum qiladi va Urganch egallanadi. Yuz mingga yaqin odam qatl etiladi. Mo‘g‘ullar qolgan aholini quvib keladi va shaharga kirgandan so‘ng yana jang davom etadi. Biroq himoyachilar mo‘g‘ullarni shahardan haydab chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. Keyinchalik Urganch taslim bo‘ladi va bosqinchilar shaharni talon-toroj qiladi. Yuz ming nafar san’at, hunar arboblari, yosh bolalar va ayollar Mo‘g‘ulistonga jo‘natiladi. Qolgan shahar ahli haydab chiqariladi yoki askarlarga 24 nafardan bo‘lib beriladi. Mo‘g‘ul jangchilari yuz ming nafardan ziyod edi. Shaharning bosh ihota to‘g‘oni buzib yuboriladi. Suvga bostirilgan Urganch vayron bo‘ladi.
Najmiddin Kubro (1145–1221) – ulug‘ shayx, tasavvufning taniqli vakillaridan biri, kubroviylik tariqatining asoschisi. Uning taxallusi “dinning ulug‘ yulduzi” ma’nosini anglatadi. Kubroning karomat ko‘rsatish, voqealarni oldindan bilish, o‘tkir nazar bilan ta’sir eta olish xislatiga ega inson bo‘lgani haqida rivoyatlar tarqalgan. Keksa shayx va donishmand insonning mo‘g‘ullarga qarshi jangdagi qahramonligi, jasorati avlodlarga ibrat bo‘lib qoldi. Kubro shaxsi va merosi O‘zbekistonda mustaqillikdan so‘ng o‘rganila boshlandi. 1995-yilda O‘zbekistonda Najmiddin Kubro tavalludining 850 yilligi nishonlandi