Tayanch tushunchalar: Islom dini, Xuroson, Movarounnahr, Movarounnahrning fath etilishi.
Islom dinining vujudga kelishi
Qadimdan Arabiston yarimorolida arablar tarqoq yashar edi. VII asr boshlarida Arabistonda yagona e’tiqod asosida mamlakatni birlashtirish harakati boshlanadi. Bu e’tiqod yakkaxudolik diniga asoslangan Islom dini edi. Islom — “bo‘ysunish”, “itoat etish”, “o‘zini Alloh irodasiga topshirish” degan ma’nolarni anglatadi.
Allohning rasuli (elchisi) Makka shahrida dunyoga kelgan. Muhammad (s.a.v – sollallohu alayhi vasallam) ibn Abdulloh (570-632) bu harakatga rahnamolik qilgan. Islomni qabul qilib Rasulullohga ergashgan insonlar “muslim” (musulmonlar) deb atalgan. Ular insonlarning Xudo oldida teng ekani, rizq-ro‘zni barchaga Yaratuvchining o‘zi yetkazib berishi hamda jamiyatdagi adolatsizlik barham topishi uchun haq dinga kirish kerakligini targ‘ib etgan. Islom bayrog‘i ostida Makka shahrida boshlangan targ‘ibot Madinaga ko‘chadi.
Muhammad (s.a.v.) 630-yilda arablarni yagona davlatga birlashtiradi. Muhammad (s.a.v.) vafot etgach, uning eng yaqin safdoshi Abu Bakr (632–634) xalifa (o‘rinbosar) deb e’lon qilinadi. Arab qabilalari islom dinini qabul qilib, siyosiy jihatdan yagona davlatga birlashadi. Shuningdek, islom jahon dinlaridan biriga aylanadi. Bu ikki holat amalga oshishida islom aqidalari, huquqiy va axloqiy me’yorlarini o‘z ichiga olgan Qur’oni karimning ahamiyati buyuk bo‘ldi.
Misr, Suriya, Falastin, Iroq, Eron kabi ko‘p mamlakatlar bo‘ysundirilgandan so‘ng Arab xalifaligi harbiy yurishlarni bizning o‘lakmizga qaratdi.
651-yili arablar jangsiz Marv shahrini egallaydi. So‘ngra hozirgi Afg‘onistonning shimoliy, Eronning shimoli sharqiy qismi hamda Janubiy Turkmanistondan to Amudaryogacha bo‘lgan hududlar istilo qilindi. Arablar bu hududni Xuroson deb atagan. Uning markazi Marv shahri edi. Bu viloyatni boshqarish uchun maxsus noib tayinlanib, uning qarorgohi Marvda joylashgan. Arablar bu yerda o‘rnashib olgach, Amudaryodan shimolda joylashgan boy viloyatlarni zabt etishga tayyorgarlik ko‘radi. Bu yerlarni arablar Movarounnahr, ya’ni “Daryoning narigi tomoni” deb atagan. Arab xalifaligi – barcha hokimiyat Muhammad (s.a.v.)ning o‘rinbosarlari (xalifalar) qo‘lida to‘plangan davlat (632–1238). Unda Umaviylar (661–750) va Abbosiylar (750–1258) sulolalari hukmronlik qilgan.
Movarounnahr tomon yurishlar
Arablar Movarounnahrga dastlab uni bosib olish uchun emas, balki Islom dinini yoyish jihatdan tayyorgarlik ko‘rish, mahalliy hukmdorlarni sinash maqsadida yurish qilgan. Movarounnahrga ilk bor hujumlar 654-yilda Maymurg‘ va 667-yilda Chag‘oniyondan boshlanadi. Manbalarda qayd etilishicha, bu davrda Xorazm arablar tomonidan ikki marotaba talon-taroj etilgan.
Tarixchi Narshaxiyning yozishicha, 673-yilning kuzida xalifa Muoviya I (661–680) farmoni bilan Ubaydulloh ibn Ziyod Amudaryodan kechib o‘tib, Buxoro hududiga bostirib kiradi. Poykand va Romitonni egallab, Buxoro hukmdori qo‘shinlarini yengadi. O‘z foydasiga sulh tuzib, bir lak (yuz ming) dirham hajmida tovon undiradi. Tovondan tashqari arablar to‘rt ming asir, qurol, kiyim-kechak, oltin va kumush buyumlardan iborat ko‘p o‘ljalar bilan Marvga qaytadi. Yo‘l-yo‘lakay arablar Termiz shahrini egallaydi.
VIII asr boshlarida arablar Movarounnahr hududini to‘liq bosib olishga kirishadi. Xurosonga noib qilib tayinlangan Qutayba ibn Muslim arablarning Movarounnahrga harbiy yurishiga boshchilik qiladi. Qutayba harbiy yurishni 705-yilda Balx viloyati atroflarini zabt etishdan boshlaydi. Tez orada Chag‘oniyon hokimi jangsiz taslim bo‘ladi. Qutayba qiyinchilik bilan Poykandni egallab, Buxoro tomonga yo‘l oladi va 709-yilda shahar qo‘lga kiritiladi. Buxoroliklar har yili xalifalikka boj to‘lashga va uylarining yarmini arablarga bo‘shatib berishga majbur etiladi.
710-yilda Qutayba Naxshab va Keshni bosib olib, Samarqandga hujum boshlash uchun tayyorgarlik ko‘radi. Biroq Xorazmda boshlangan ichki ziddiyatlar oqibatida yuzaga kelgan qulay fursat Qutaybani Sug‘d yurishini kechiktirib, Xorazmga qo‘shin tortishga jalb etadi. Chunki Xorazm shohi Chag‘on ukasi Hurzod boshliq xalq qo‘zg‘olonidan qo‘rqib, 711-yilda Qutaybadan yordam so‘raydi. Hurzod dushman qo‘li bilan o‘ldirilgan. Lekin Xorazmshoh o‘z mustaqilligini yo‘qotadi va arablarga boj to‘lashga majbur bo‘ladi. Uning qo‘shini esa Qutaybaning harbiy yurishlarida ishtirok etishga majbur etiladi.
712-yilda Qutayba qo‘shinlari Samarqandga yurish qiladi. Bu davrda G‘urak (710–730) Sug‘dga podsho qilib ko‘tarilgan edi. G‘urak arablarga qarshi kurash olib bordi. Kuchlar teng bo‘lmagani oqibatida Samarqand taslim bo‘ladi. G‘urak bilan Qutayba o‘rtasida sulh tuziladi va Sug‘d xalifalikka qaram bo‘lib qoladi.
Choch va Farg‘onaning zabt etilishi
713-yilda Qutayba qo‘shinining bir qismi Choch viloyatiga jo‘natiladi. O‘zi boshliq asosiy kuch esa Farg‘ona vodiysi tomon yo‘l oladi. Choch vohasi ishg‘ol etiladi. Uning bosh shahri Madinat ash-Shosh va juda ko‘p qal’a va qo‘rg‘onlar hamda qishloqlarga o‘t qo‘yiladi. 715-yilning boshida esa Farg‘ona vodiysini uzil-kesil egallab, Koshg‘argacha kirib boradi. Hamma viloyatlarga arablardan amirlar tayinlanadi. Lekin Qutayba xalifa Sulaymonga qarshi isyon ko‘targani oqibatida Farg‘onada arab askarlari tomonidan o‘ldiriladi.
Yerga egalik shakllari
Arablar Movarounnahrni bosib olgach, bu yerdagi yer-mulklar xalifaga qarashli bo‘lib qoldi. Xalifa davlat yerlarini iqto tariqasida in’om qilgan.
Davlat yerlari ayrim harbiy yo‘lboshchilar va amaldorlarga umr bo‘yi yoki mulkka vorislik tariqasida berilgan. Biroq yerlarning asosiy egasi xalifa sanalar va iqtodorlardan ushr olish huquqiga ega edi.
Yirik yer egalari – dehqonlar arab xalifaligi davrida ham o‘z yerlarining egasi bo‘lib qoladi. Biroq ular endilikda ijaradorga aylanib, daromadning ma’lum qismini xalifalik xazinasiga jo‘natish majburiyatini oladi.
VIII asr mobaynida yirik dehqonlar qo‘l ostidagi yer-mulklar yuqori arab harbiy mulkdorlariga o‘tishi ro‘y beradi. Arab zodagonlarining dehqonlar bilan yaqinlashuvi shu davrda kuchaygan. Dehqonlarning arablar bilan yaqinlashishi istilochilar uchun ishonchli xizmatkorlikni ta’minlagan. Shu bilan bir qatorda, yer-mulklari va boshqa boyliklarini muhofaza qilishga imkon yaratgan. Dehqonlar arablar istilosidan so‘ng xalifalik noibining vakili hisoblangan amirga bo‘ysungan. Biroq amir bilan bir qatorda yirik yer egalari – buxorxudotlarning ham mavqeyi baland bo‘lgan. Narshaxiyning ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim dehqonlar yerlarini Buxoro amiri va buxorxudotlar tortib olgani to‘g‘risidagi shikoyatni Xuroson noibiga yetkazgan.
Movarounnahrdagi qishloqlarda yerlarga mayda xo‘jaliklar tomonidan ishlov berilgan. Dehqonlar yerlarni mayda bo‘laklarga taqsimlab, ziroatkorlarga – kadivar va kashovarzlarga ijara tarzida bo‘lib bergan. Buning uchun ziroatkorlar soliq to‘lagan. Dehqonlar va amirlar soliqning xalifa xazinasiga tushishida vositachilik qilgan.
Muhammad Narshaxiy (899–959) – tarixchi olim. Buxoroning Narshax qishlog‘ida tug‘ilgan. Buxoro tarixi nomli asarini yozib qoldirgan
Amir (arabcha – “amr qiluvchi”, “boshliq”, “hokim”) – lashkarboshi, hokim, bek. Arab xalifaligi davrida alohida qo‘shin qo‘mondonlari amir deb atalib, ular odatda zabt etilgan viloyatlarga noib etib tayinlangan
Fath (arabcha) – “egallash”, “zabt etish”, “bosib olish” ma’nosini beradi
Iqto (arabcha) – chek, taqsimlab berilgan yer, hukmdor tomonidan katta xizmatlari uchun in’om qilingan chek yer
Ushr (arabcha – “o‘ndan bir”) – idora ishlari uchun daromadning 1/10 hajmi hisobida olinadigan soliq