Tayanch tushunchalar: fath oqibatlari, soliqlar, Islomga da’vat.
Iqtisodiy oqibatlar
Xalifalik o‘lkani zabt etish jarayonida deyarli barcha obod dehqonchilik vohalarini vayron etgan, juda ko‘p shahar va qishloqlarga o‘t qo‘ygan. Suv inshootlari buzib tashlangan. Ekin maydonlari suvsizlikdan qurib qolgan.
Zabt etilgan shahar va qishloq aholisidan oltin, kumush, qimmatbaho buyumlar va ko‘plab qurol-yarog‘lar tortib olingan. Sulh tuzishga majbur bo‘lgan Buxoro, Poykand va Sug‘d hukmdorlaridan katta miqdorda boj-u tovonlar undirib olinadi. Xalifalik qo‘shiniga minglab mahalliy yigitlar jalb etiladi. Istilochilar harbiy kuchga tayanib, aholidan turli soliqlar undiradi. Shuningdek, ularni xilma-xil jamoat ishlariga safarbar etadi. Marv, Poykand, Buxoro va Samarqand kabi shaharlarda shahriston yoki undagi xonadonlarning qoq yarmi arablar va ular bilan birga kelgan ajamlar (eronliklar)ga bo‘shatib beriladi. “Xiroj”, “ushr”, “zakot” va “jizya” kabi soliqlar joriy etiladi.
Islomga da’vat etish
Arablar Movarounnahrda o‘rnatilgan siyosiy hokimiyatni mustahkamlash va barqarorligini ta’minlash maqsadida aholi o‘rtasida Islom dinini yoyishga alohida ahamiyat bergan. Shu boisdan arablar Movarounnahrda mavjud bo‘lgan dinlarga qarshi kurash olib boradi. Ibodatxonalar vayron etilib, o‘rniga jome masjidlari bino qilinadi. Masalan, Qutayba Buxoro shahrining markazida joylashgan zardushtiylar ibodatxonasini jome masjidiga aylantiradi. Sug‘diy yozuvda bitilgan asarlarni yo‘q qiladi. Mahalliy aholini Islom diniga kiritishga harakat qiladi. Shu maqsadda masjidga kelib ibodat qiluvchilar uchun 2 dirhamdan pul hadya etishni joriy qiladi.
Aholini islomlashtirish yo‘llari
Islom dinini qabul qilib, musulmon bo‘lgan mahalliy aholi vakillari dastlabki yillarda xiroj va jizya soliqlaridan ozod etilgan. Islomni qabul qilmaganlardan esa jon solig‘i – jizya undirib olingan. Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamagan kishilarning bo‘yniga “qarzdor” deb yozilgan taxtacha osib qo‘yilgan. Mahalliy davlat boshliqlarining ko‘pchiligi o‘z huquqlari va imtiyozlarini saqlab qolish maqsadida Islom dinini qabul qilgan. Islomni qabul qilmagan zodagonlar o‘z yerlaridan mahrum etilgan yoki tovon to‘lagan. Bunday tadbir va choralar Movarounnahr aholisi o‘rtasida Islom dinining tez tarqalishiga yordam bergan. Shu tarzda arablar Movarounnahr siyosiy tizimi va diniy e’tiqodiga o‘z ta’sirini o‘tkaza olgan.
*Jizya – Islomni qabul qilmagan aholidan olinadigan jon solig‘i
*Zakot – mol-mulkning 1/40 qismi hajmida olinadigan soliq
*Xiroj – hosilning 1/3 qismi hajmida olinadigan yer solig‘i
*Masjid, machit (arabcha – sajda qilinadigan joy) – musulmonlar jamoa bo‘lib, namoz o‘qiydigan joy, ibodatxona
Xalifalik tomonidan Movarounnahrning bosib olinishi oqibatida mahalliy xalqning urf-odati, dini va e’tiqodi, madaniyati poymol etiladi. Mahalliy sug‘d yozuvida bitilgan diniy va ma’rifiy kitoblar, ilmiy asarlar va qimmatli hujjatlar hamda sanamlar gulxanda yoqib yuboriladi. Quvadagi budda ibodatxonasi haykallarining parchalab tashlangani, Afrosiyob saroy devorlariga solingan suratlardagi odam rasmlarining ko‘zlari o‘yilib, bo‘yinlariga qilich bilan chizib yuborilgani bunga yaqqol misoldir.