Tayanch tushunchalar: Ulug‘bekning siyosiy maydonga kirib kelishi, ichki va tashqi siyosat, Ulug‘bek fojiasi
Ulug‘bek – Movarounnahr hukmdori
1409-yilda Shohrux Samarqanddan Hirotga qaytish oldidan 15 yoshli Mirzo Ulug‘bekni Movarounnahr va Turkistonga hokim qilib tayinlaydi. Ulug‘bek (1394–1449) Movarounnahr va Turkiston hokimi deb e’lon qilinadi. Biroq aslida uning hokimiyat chegaralari dastavval faqat Samarqand, Buxoro va Nasaf viloyatlari bilangina cheklanardi.

Mirzo Ulug‘bek
Chunki Shohrux tomonidan Farg‘onadan to O‘zgangacha – Amirak Ahmad, Hisori Shodmon esa Muhammad Jahongir ixtiyoriga berilgan edi. Turkiston Shayx Nuriddinning tasarrufida edi. O‘sha vaqtda u na Ulug‘bek, na Shohruxni tan olar edi. Shuning uchun ham mamlakat notinch edi.
Shayx Nuriddin Turkiston bilan qanoatlanmaydi. 1410-yil 20-aprelda Samarqand yaqinida Qizilravot mavzeyida Shayx Nuriddin boshchiligidagi isyonkor ittifoqchilar bilan Ulug‘bek qo‘shinlari o‘rtasida jang bo‘ladi. Jangda Ulug‘bek mag‘lubiyatga uchrab, Kalif tomonga chekinadi. Shohrux Samarqandga yetib kelib, Shayx Nuriddin isyonini bostiradi. 1412-yildan boshlab Movarounnahr va Turkistonni to‘liq boshqarish 18 yashar Ulug‘bek qo‘liga o‘tadi. Ulug‘bek 1414-yilda Farg‘ona va Koshg‘arni egallaydi.
1413-yilda Shohrux Xorazmni Oltin O‘rda xonlaridan qaytarib olgach, Ulug‘bek davlatining g‘arbiy va janubiy chegaralarining xavfsizligi barqarorlashadi. Biroq davlatning shimoli g‘arbiy va shimoli sharqiy chegaralari hali xavotirli edi. Shu sababli Ulug‘bek Dashti Qipchoqda boshlangan o‘zaro nizolarga hamda Mo‘g‘ulistonda avj olgan ichki kurashlarga jiddiy e’tibor berishga va aralashishga majbur bo‘ladi.
Ulug‘bek otasining rizosi bilan 1425-yilning erta bahorida Mo‘g‘uliston ustiga yurish boshlaydi. Issiqko‘l yaqinida sodir bo‘lgan to‘qnashuvda Ulug‘bek mo‘g‘ullar ustidan g‘alaba qozonib, mahalliy muxolafatchi kuchlarni bartaraf etadi. Shu tariqa mamlakat sharqiy chegaralari mustahkamlanadi. Qo‘lga kiritilgan o‘ljalar orasida ikki bo‘lak nefrit toshi ham bor edi. Keyinchalik bu nefritdan Amir Temur maqbarasi uchun qabrtoshi yasattirildi. Ulug‘bek g‘alabaning nishoni tarzida Jizzax yaqinida Ilono‘tti darasi ichida hijriy 828-yilda (1425) qoyatoshga yozdirgan o‘ziga xos “zafarnoma” hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Dashti Qipchoqqa qarshi qilingan yurishda esa Ulug‘bekning omadi kelmaydi. Otasi Shohruxning katta qo‘shin bilan yordamga yetib kelishigina Ulug‘bekni halokatdan saqlab qolgan.
Taxt uchun kurash
Shohrux 1447-yil 12-mart kuni nevarasi Sulton Muhammad isyonini bostirish vaqtida Ray viloyatida o‘rniga voris belgilashga ulgurmay vafot etadi. Shohrux vafot etishi bilanoq Xuroson va Movarounnahrda temuriy shahzodalar o‘rtasida toj-taxt uchun kurash yana avj oladi. Mamlakat beqarorlik va chuqur ijtimoiy-siyosiy vaziyatga kiradi. Odatga ko‘ra taxtga Shohruxning to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bek o‘tirishi kerak edi. Ammo taxtni Boysung‘urning o‘g‘li Alouddavla egallaydi. Toj-taxt uchun yana kurash boshlanadi.
O‘zboshimcha shahzodalar Ulug‘bekka qarshi harakat boshlaydi va 1447-yilning bahorida Alouddavla Ulug‘bekning katta o‘gli Abdulatif qo‘shinini tor-mor qilib, o‘zini asirga oladi. Ulug‘bek Alouddavla bilan sulh tuzishga majbur bo‘ladi. Unga ko‘ra Abdulatif ozod qilinadi, Ulug‘bek esa Hirot va Xurosonga bo‘lgan da’vosidan voz kechadi. Biroq ko‘p o‘tmay sulh buziladi. 1448-yilning bahorida Ulug‘bek va Abdulatifning 90 ming kishilik birlashgan qo‘shini Hirotga yurish qiladi. Tarnob yaqinida bo‘lgan jangda Alouddavla qo‘shini tor-mor keltirilib, Hirot qo‘lga kiritiladi. Ulug‘bek Xurosonda Abdulatifni qoldirib, o‘zi esa Samarqandga qaytadi. Chunki Movarounnahrda Ulug‘bekka qarshi isyon boshlangan edi.
Abdulatif bobosi Shohruxning Hirotdagi taxtiga o‘tirishga muyassar bo‘lgan bo‘lsa-da, ammo unda otasiga nisbatan adovat paydo bo‘ladi. G‘alaba to‘g‘risidagi tevarak-atrofga yuborilgan fathnomalarda Abdulatifning nomi inisi Abdulazizdan keyin tilga olingani, Ixtiyoriddin qal’asidagi xazina Ulug‘bek tomonidan olib qo‘yilgani o‘ta shuhratparast hamda mol-dunyoga o‘ch Abdulatif uchun bahona bo‘ladi. U otasining dushmanlari bilan yashirin tarzda til biriktirib, zimdan Ulug‘bekka qarshi harakat boshlaydi. Abdulatif Hirotda faqat o‘n besh kun hokimlik qiladi. Abulqosim Bobur qo‘shinining shaharga yaqinlashib kelayotganidan xabar topgan Abdulatif poytaxtni jangsiz topshiradi va Movarounnahr tomon qochadi. Ulug‘bek tomonidan Balxga noib qilib tayinlangach, viloyatda “tamg‘a“ solig‘ini bekor qilib, savdogarlarni o‘z tarafiga og‘dirib oladi. Otasidan norozi bo‘lgan amirlarni atrofiga to‘playdi. Hatto Abulqosim Bobur bilan bog‘lanib, birlashib Ulug‘bekka qarshi kurashga undaydi. Shunday qilib, Abdulatif o‘z otasiga qarshi ochiqdan ochiq dushmanlik yo‘liga o‘tadi.
Ulug‘bek fojiasi
Davlat yaxlitligini saqlab qolmoq uchun Ulug‘bekda o‘zining isyonkor va makkor o‘g‘liga qarshi yurish qilishdan boshqa iloji qolmaydi. Ammo mamlakatda siyosiy vaziyat keskinlashib, Ulug‘bekning ahvolini yanada mushkullashtiradi.
Hirotdan Samarqandga qaytar ekan, Ulug‘bek old tomondan Dashti Qipchoq ko‘chmanchilarining hujumiga duchor bo‘ladi. Abulxayrxon boshchiligidagi ko‘chmanchilar Toshkent, Shohruxiya, Samarqand va Buxoro tevaragidagi qishloqlarni talab, podshoh va yirik mansabdorlarning shahar atrofidagi chorbog‘lari va ko‘shklarini vayron qiladi. Ikki tarafdan kelgan dushmanlar bilan to‘qnashuvlar oqibatida Ulug‘bek qo‘shini qattiq shikast topib, zaiflashib qoladi. Ayni paytda Samarqandda vaqtinchalik noib qilib qoldirilgan Ulug‘bekning kichik o‘g‘li Abdulazizga qarshi Samarqand amirlarining noroziligi kuchayib, Ulug‘bek uni bartaraf qilishga majbur bo‘ladi.
Otasining qiyin ahvolda qolganini kuzatib turgan Abdulatif qulay fursatdan foydalanib, bosh ko‘taradi. Amudaryodan kechib o‘tib, Termiz, Shahrisabz va Xuzorni osongina zabt etadi. So‘ngra Samarqandga qarab yo‘l oladi. 1449-yil oktabrda Damashq qishlog‘i yaqinida qattiq jang bo‘lib o‘tadi. Jang Ulug‘bekning mag‘lubiyati bilan tugaydi. Samarqand amiri Mironshoh Qavchin shahar darvozalarini berkitib, Uug‘bekni ichkariga kirishga qo‘ymaydi. U Shohruxiyaga ham kirolmaydi va Abdulatifga taslim bo‘lishga majbur bo‘ladi. Shahar qozisi Shamsiddin Muhammad Miskinning qarshiligiga qaramasdan, Abdulatif jaholatparast ulamolarning yashirin fatvosini chiqartirib, otasining o‘limini uyushtiradi. 1449-yil Mirzo Ulug‘bek 55 yoshida fojiali halok bo‘ladi.
Shu tariqa Ulug‘bek Movarounnahrni qirq yil idora qiladi. Bu davrda mamlakatning siyosiy hayotida keskin kurash davom etganiga qaramay, davlatni mustahkamlashga, mamlakat birligini saqlab qolishga va madaniy hayotni ko‘tarishga, rivojlantirishga harakat qildi.