Tayanch tushunchalar: Manguberdi jasorati, Parvon jangi, Sind daryosi bo‘yidagi jang.
Jaloliddin Manguberdi jasorati
Buxoro, Samarqand, Xo‘jand singari buyuk shaharlarning qo‘ldan ketishi Muhammad Xorazmshohni larzaga soladi. Xorazmshoh endi janubi g‘arbiy hududlarga chekina boshlaydi. Sulton Muhammad yakkalanib qoladi. Ko‘plab ishonchli amirlari xiyonat yo‘lini tutadi. Undan Qunduz va Badaxshon viloyati hokimlari yuz o‘giradi. 1220-yilning aprelida Muhammad Xorazmshoh Nishopurga keladi. Ammo mo‘g‘ullar ta’qib etib kelayotganini eshitgan hukmdor bir qancha shahar va qal’alarda yashirinib yurdi.

Jaloliddin Manguberdi
Hech qayerda uni iliq kutib olishmadi. Oxiri Kaspiy dengizidagi Ashura orolida o‘g‘li Jaloliddinni taxt vorisi etib tayinlaydi va 1220-yilning dekabr oyida vafot etadi.
Movarounnahrning asosiy shaharlari egallangach, mo‘g‘ul jangarilarining bosqinchilik yurishi Amudaryo janubidagi yirik savdo va madaniyat markazlari: Balx, Hirot, Marv va G‘azna kabi shaharlarga yo‘naltiriladi. Ammo bu viloyatlarda mo‘g‘ullar Jaloliddin Manguberdining qattiq qarshiligiga uchraydi.
Jaloliddin Valiyon qal’asini qamal qilayotgan mo‘g‘ul qo‘shinlariga qarshi hujum qilib, ularni tor-mor etadi. Bu Jaloliddinning dushman ustidan qozongan dastlabki yirik g‘alabasi edi.
Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu no‘yonni 45 minglik qo‘shin bilan jo‘natadi. G‘azna yaqinidagi Parvon dashtida bo‘lib o‘tgan jangda Jaloliddin g‘alaba qozondi. Biroq g‘alabadan keyin o‘ljalarni taqsimlashda lashkarboshilar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi. Natijada lashkarboshilardan Sayfuddin Ag‘roq, A’zam Malik va Muzaffar Maliklar qo‘shindan ajrab ketadi. Jaloliddinning ularni qaytarish yo‘lidagi urinishlari naf bermadi. Bu voqeadan so‘ng Jaloliddinning harbiy kuchi zaiflashib qoladi.
Fursatdan foydalangan Chingizxon G‘aznaga askar tortadi va ajralib chiqqanlarni alohida-alohida tor-mor etadi. Jaloliddin tengsiz janglar olib borib, Sind (Hind) daryosi qirg‘oqlarigacha yaqinlashib bordi. Daryo bo‘yida 1221-yilning 25-noyabrida ikki o‘rtada qattiq jang bo‘lib o‘tadi. Jaloliddin Chingizxon qo‘shinining ilg‘orini yengadi. Mo‘g‘ullarning pistirmalarga qo‘yilgan 10 ming nafar saralangan askari jangni yakunlaydi. Jaloliddin taslim bo‘lishni xohlamaydi va Sind daryosiga sakrab, narigi qirg‘oqqa suzib o‘tadi.
U bilan birga to‘rt ming kishilik askari ham daryodan o‘tib oladi. Hozirgi paytda ham bu daryoning bir tomoni “Ot sakrash”, narigi tomoni “Cho‘li Jaloliy” deb ataladi. Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolgan Chingizxon uni ta’qib qilish fikridan qaytadi. Hatto u o‘g‘illariga qarab: “Ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi lozim”, – degan ekan. Chingizxon bu vaqtgacha hech bir shoh, hukmdor yoki sarkardaga tan bermagan va hech kimni o‘ziga munosib raqib ko‘rmagan edi.
Mo‘g‘ullar istilosining oqibatlari
Mo‘g‘ullar istilosi oqibatida Movarounnahr va Xorazmning yashnab turgan obod dehqonchilik viloyatlari halokatga uchradi. Gavjum va ko‘rkam shaharlar, ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv, Banokat, Xo‘jand va boshqalar xarobazorga aylantirildi. Marv vohasining sug‘orish tarmoqlarining bosh to‘g‘oni – mashhur Sultonband buzib tashlandi.
Samarqandliklar ona shaharlarini tark etadi. Marv aholisi esa suvsizlikdan qurib borayotgan qishloqlarni tashlab, o‘zga yerlarga borib joylashadi.
Urganch suvga bostirilib, batamom vayron etildi. Xorazm va Movarounnahrning ziroatchi aholisi keskin kamayib ketishi oqibatida ekin maydonlari qisqarib, dehqonchilik inqirozga uchraydi. Mohir hunarmandlar g‘oliblarning yurtini obod etish uchun majburan Mo‘g‘ulistonga yuborildi.
Butun Sharqda shuhrat topgan qurol-aslaha yasash, nafis ipak matolar to‘qish, naqshli shishasozlik hunarmandchiligi barham topdi.
Asrlar davomida Xitoy va Hindistondan Turkiston orqali Kichik Osiyo va Yevropa tomon kesib o‘tgan mashhur Ipak yo‘li mo‘g‘ullar bosqini davrida butunlay harakatsiz qoldi. Bu davrda ilm va ma’rifatga juda katta ziyon yetkazildi.
- Jaloliddin Manguberdi (to‘liq ismi Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad) (1198–1231) – Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori (1220–1231), mohir sarkarda. Anushteginiylardan. Jaloliddin burnida xoli (mank) bo‘lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda o‘zgarib “Manguberdi” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan
- Parvon jangi (1221) – Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi olib borgan janglaridan biri. Parvon jangi mo‘g‘ullarning bu urushdagi eng katta mag‘lubiyati bo‘lgan. Mo‘g‘ullar bosib olgan ko‘pgina shaharlarda xalq qo‘zg‘olon ko‘tarib, mo‘g‘ul noiblarini o‘ldirgan
- Sind daryosi bo‘yidagi jang – Jaloliddin Manguberdi va Chingizxon qo‘shinlari o‘rtasidagi jang (1221-yil 24–26-noyabr). Jangda Chingizxon qo‘shinlari muvaffaqiyat qozonadi.