Tayanch tushunchalar: Jaloliddin Manguberdi haqida yaratilgan tarixiy asarlar, Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi keng nishonlanishi.
Tarixiy-badiiy asarlarda Jaloliddin Manguberdi timsolining yaratilishi.
Anushteginiylar sulolasi boshqargan Xorazmshohlar davlati (1097–1231)ning ko‘p yillik tarixi o‘sha davr musulmon tarixchilari tomonidan yozilgan qator asarlarda o‘z aksini topgan. Ular asosida ushbu sulolaning so‘nggi vakili, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi hukmronligi, uning mo‘g‘ul iistilochilariga qarshi qahramonona kurashi hamda G‘arbiy Osiyo sarhadlaridagi faoliyatini kuzatish mumkin. Bu manbalar orasida Jaloliddin Manguberdining shaxsiy kotibi (kotib al-insho), tarixchi Shihobiddin ibn Ahmad an-Nasaviy qalamiga mansub “Siyrat as-sulton Jalol ad-Din Mengburni” (“Sulton Jaloliddin Manguberdining tarjimayi holi”) nomli asar alohida o‘rin tutadi.
Nasso (Niso) viloyatidagi qal’alardan birining sohibi bo‘lgan Nasaviy 1224-yilda xizmat yuzasidan Iroqqa borib qoladi va o‘sha yerda Jaloliddinning xizmatiga kiradi. Shu paytdan e’tiboran Nasaviy Jaloliddinning ishonchli mulozimlaridan biriga aylanib, to 1231-yilgacha, ya’ni Jaloliddinning vafotiga qadar u bilan birga bo‘ladi.
Nasaviy o‘z qahramonini yaqindan bilgan, asarida bayon topgan voqea-hodisalarning aksariyatida bevosita ishtirok etgan yoki shohid kishilarning xabarlariga tayangan, eng muhimi, xolisona va haqqoniy fikr bildirgan, bular asarning ilmiy qimmati hamda ishonchlilik darajasini oshiradi. Muallif o‘z asarini bitishga Jaloliddin vafotidan qariyb 10 yil o‘tgandan keyin 1241-yilda kirishgan.
Jaloliddin Manguberdi haqida Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy asarida shunday yozadi: “Jaloliddin qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, turkiy qiyofalik va turkiyda gapiradigan odam edi, shu bilan birga forsiyda ham so‘zlasha olardi.
U mard va jasur bo‘lib, sherlar orasida eng zo‘r sher edi, qo‘rqmas chavandoz, lashkarlar orasida eng botir edi. U yuvosh, muloyim odam edi, jahldor emasdi, haqoratomuz so‘zlarni aytmasdi. U nihoyatda jiddiy edi, kulmasdi, faqat jilmayib qo‘yardi, kam gapirardi. U haqgo‘ylikni, adolatni ulug‘lardi”.
Muhim manbalardan yana biri mashhur tarixnavis Ibn al-Asirning “Al-Komil fit-tarix” (“Tarix haqida mukammal kitob”) asaridir. “Al-komil fit tarix” Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari tarixining islom tarqalishidan to 1231-yilgacha bo‘lgan davri haqida ma’lumot beruvchi eng qimmatli manbalardan biri hisoblanadi. Muallif Jaloliddinning faoliyatiga keng o‘rin ajratadi va ko‘pincha o‘zining muhim va aniq ma’lumotlari bilan boshqa manbalarni sezilarli darajada to‘ldiradi.
Jaloliddin Manguberdi haqida muarrix va yirik davlat arbobi Alouddin Atomalik Juvayniy tomonidan yozilgan “Tarixi jahonkushoy” (“Jahon fotihi asari”) asari muhim manbalardan biri sifatida e’tirof etilgan. Bundan tashqari, Mirxond “Ravzat us-safo”, Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asarlarida Jaloliddin Manguberdi haqida ma’lumotlar yozib qoldirilgan. U haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, xitoy, mo‘g‘ul, arman va boshqa tillardagi manbalarda ham uchraydi.
Mashhur shoir va adib Maqsud Shayxzoda 1944-yilda “Jaloliddin Manguberdi” tarixiy dramasini yozgan. Adib asarida o‘z yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun mo‘g‘ul istilochilariga qarshi kurashgan so‘nggi Xorazm shohining jangovar jasoratini tarixan aniq va haqqoniy tasvirlagan. Biroq sobiq sho‘rolar davrida Jaloliddin Manguberdining sarkardalik faoliyati va uning Vatan ozodligi yo‘lida olib borgan kurashiga bir yoqlama yoki umuman fikr bildirilmasdi.
Mustaqillik yillarida Jaloliddin Manguberdi nomining tiklanishi.
O‘zbekiston hukumati 1998-yilda Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda ko‘rsatgan mislsiz jasorati, Vatanga va o‘z xalqiga sadoqat va cheksiz muhabbatini qadrlash va uning porloq ruhini abadiylashtirish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida” qaror qabul qildi. Qarorga ko‘ra, yurti Xorazmda Jaloliddin Manguberdiga haykal o‘rnatildi. Yirik ko‘cha, maydon, jamoa korxonalariga va boshqalarga nomi qo‘yildi. Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi mustaqil O‘zbekistonda 1999-yili keng nishonlandi. Jaloliddin Manguberdi haqida videofilm, doston, pyesalar yaratildi. 2000-yil 30-avgustda “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etildi. “Jaloliddin Manguberdi” ordeni.
…Jaloliddin Manguberdining hayot yo‘lini tahlil qiladigan, o‘sha tarixiy voqealarga bugungi kun ko‘zi bilan qarab baho beradigan bo‘lsak, ular bizni mana shunday tabiiy va ibratli saboq-xulosalar chiqarishga undaydi.
Birinchi xulosa shuki, hayot bor ekan, davlat, el-yurt bor ekan, shu erkin, osuda hayotni ko‘rolmaydigan, hasad va fitna bilan yashaydigan, zo‘ravonlik bilan o‘z hukmronligini o‘rnatishga, xalq tinchini buzishga urinadigan yovuz kuchlar hamisha bo‘ladi. Bu – hayot. Bu – hayotning achchiq haqiqati. Uni hech kim inkor etolmaydi. Buni nafaqat o‘z tariximiz va hayotimizda, balki boshqa xalqlar tarixi va hayoti misolida ham ko‘rish mumkin.
Ikkinchi xulosa shuki, hayot bor ekan, davlat, el-yurt bor ekan, o‘zing tug‘ilib o‘sgan, ota-bobolaring xoki yotgan, ertaga farzandlaring kamol topadigan tuproqning har bir qarichini muqaddas bilib, uni himoyalash, zarur bo‘lsa, bu yo‘lda jon fido etishga tayyor turish kerak.
Uchinchi achchiq xulosa shuki, har qaysi el, har qaysi yurt chetdan keladigan yovuz ofatdan ko‘ra o‘z ichidan chiqadigan sotqin, iymonsiz, o‘zining manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan, kerak bo‘lsa, eng yaqin kishilarini ham sotadigan, o‘stirgan, voyaga yetkazgan Vataniga qo‘l ko‘taradigan qabih kimsalardan nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak. Bunday kuchlar, razil shaxslarning kibr-u havosi, manfur maqsadlari el-yurt tinchligi va taraqqiyotiga qanday xavf-xatar ekanini bugungi hayotimizda ko‘rib turibmiz. Takroran aytaman, bu nafaqat kechagi tariximiz, balki bugungi hayotimiz bilan hamohang achchiq saboqdir.
Yana bir saboq shuki, el-yurt va davlat uchun, uning taqdiri va kelajagi uchun qayg‘uradigan, odamlarning ezgu niyatlarini o‘ziga oliy maqsad qilib qo‘ygan, elim deb, yurtim deb yonib yashaydigan, har qanday vaziyatda ham xalqni birlashtirib, turli balo-qazolardan asrash uchun safarbar eta oladigan shaxslargina tarixda o‘chmas nom qoldiradi. Bu – haqiqat. Jaloliddin Manguberdi ana shunday mardlarning yorqin timsoli va ibratli namoyandasidir.
Sulton Jaloliddinning bizga qoldirgan yana bir da’vati shuki, u barchamizni ona yurtimizning beg‘ubor osmonini va osuda hayotini qadrlashga, o‘sib kelayotgan, ertaga bizning o‘rnimizni egallaydigan, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan farzandlarimizning kelajagini, baxt-saodatini himoyalashga, yorug‘ istiqbolga intilib yashashga chorlaydi.
…Sulton Jaloliddin siymosi nafaqat Xorazm, balki butun O‘zbekistonning faxr-u g‘ururidir. U bizning ozodligimizga, istiqlolimizga tajovuz qilmoqchi bo‘lgan har qanday yovuz kuchga qarshi tik turib kurashishga, mardona zarba berishga qodirligimizning tasdig‘i va timsolidir.
Islom Karimov Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqidan. 1999-yil 5-noyabr