Tayanch tushunchalar: Jaloliddin hukmronligi, Basra yaqinidagi jang, Ozarbayjonning zabt etilishi, ichki ziddiyatlar.
Jaloliddin Manguberdining davlat tuzishi
Jaloliddin Sind daryosidan kechib o‘tgandan so‘ng qolgan jangchilarni to‘plab, Shimoliy Hindiston hududidagi bir qancha davlat hukmdorlari bilan aloqa o‘rnatishga harakat qiladi. Biroq Shatra viloyatining hukmdori Manguberdining og‘ir ahvolidan foydalanib, unga qarshi yurish qiladi. Jangda g‘alabaga erishgan Jaloliddin Manguberdiga Shatra hukmdorining mingta otliq va besh mingta yaxshi qurollangan askari taslim bo‘ladi va u tomonga o‘tadi. Bu muvaffaqiyatdan so‘ng tevarak-atrofdagi yangi kuchlar Jaloliddinga kelib qo‘shiladi. Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmish Xorazmshohga quyidagicha maktub yo‘llaydi: “Sening ortingda islomning dushmani turgani sir emas. Sen butun musulmonlarning sultonisan. Men bunday paytda senga qarshi bo‘lishni istamayman. Taqdir qo‘lida senga qarshi qurol bo‘lishni xohlamayman. Men kabi odam seningdek insonga qarshi qilich ko‘tarishi kechirilmas holdir!”
Shu tariqa Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonda davlat barpo qiladi.
Sulton o‘z ahvolini yaxshilab oladi. Tobe hind mulklarida nomi xutbaga qo‘shib o‘qiladi. O‘z nomidan kumush va mis tangalar zarb ettirib, soliqlar joriy qiladi. Lekin Hindistonning katta-kichik hukmdorlari Xorazmshohning kuchayib ketishidan xavfsirashardi. Shu sababdan ular o‘zaro til biriktiradi. Jaloliddin Manguberdiga qarshi ittifoq tuzmoqchi ekani ayon bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining ikki lashkarboshisi Yazidak pahlavon bilan Sunqurjiq xiyonat qiladi. Ya’ni Shamsiddin Eltutmish tomoniga o‘tib ketadi.
Jaloliddin Manguberdi Hindistonda 3 yil hukmronlik qiladi. Xorazmshoh Hindistonda muqim o‘rnashish va ittifoqchilar topish mushkul ekanligini anglab, 1224-yilda bu yerga noiblarini tayinlaydi. O‘zi esa Iroqqa yo‘l oladi.
Eron va Kavkazdagi g‘alabalar
Jaloliddin qo‘shini bilan dastlab Kirmon, keyin Isfahon va Sherozga boradi. Mahalliy hukmdorlar bilan kelishib, biroz mustahkam kuchga ega bo‘ladi.
Ammo bu hududlar ukasiga tegishli bo‘lgani uchun G‘iyosiddin akasining kelishidan norozi edi. Jaloliddinning kelishi mahalliy aholi tomonidan yaxshi kutib olingan, chunki G‘iyosiddin davrida davlatda o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik avj olgan edi.
Shunday qilib, Kirmon, Fors, Isfahon Xorazmshohga tobeligini izhor etadi. Umumiy dushman – mo‘g‘ullarga qarshi kurashish istagini bildiradi. Jaloliddin bu hududlarda birlashgan davlat tuzishga harakat qiladi.
Sulton Jaloliddin, bir tomondan, qudratli davlat tiklanayotganidan, ikkinchi tomondan, Tabariston, Damashq, Misr hukmdorlari bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatganidan mamnun edi. Endilikda katta qo‘shin tuzib, Chingizxonga qarshi yurish qilish mumkin edi. Jaloliddin bu yurishga umumrahbar bo‘lishni o‘ylab, Bag‘dod xalifasi Nosirga maktub yo‘llaydi. U xalifani umumiy dushman – mo‘g‘ullarga qarshi kurashga undaydi.
Ammo o‘sha paytdagi Bag‘dod xalifasi avvalgidek qudratga ega bo‘lmay, xudbin va kaltafahm hukmdor edi. Xalifa Islom olamiga ofat yog‘dirayotgan mo‘g‘ullardan emas, balki Xorazmshohning kuchayib borishidan xavfsirardi. Bag‘dod xalifasi tobora kuchayib borayotgan sulton Jaloliddin Manguberdi qudratini zaiflashtirish, ittifoqchilari o‘rtasiga raxna solish siyosatini tutdi.
Xalifa Nosir bu yo‘lda kurashdan ham qaytmadi. Uning Jaloliddin Manguberdiga qarshi yuborgan 20 minglik qo‘shini Basra yaqinidagi jangda tor-mor qilindi. Bu g‘alabadan so‘ng Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjon tomon yurish qiladi.
Ozarbayjon hukmdori O‘zbek ichkilik va maishatga berilib, davlat ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan edi. Davlatni amalda uning xotini Malika xotun boshqarardi. Bundan tashqari, hukmdor aholini Gurjiston qo‘shinining talonchilik yurishlaridan himoya qilolmayotgan edi. 1225-yil mayda Jaloliddin Manguberdi Marog‘a shahrini jangsiz qo‘lga kiritadi. Tabriz va G‘azna ham Xorazmshohga taslim bo‘ladi. Ozarbayjon aholisi Xorazmshoh qiyofasida o‘zini gurjilar zo‘ravonligidan ozod etuvchi xaloskorni ko‘radi. Gurjilar ko‘pdan beri Ozarbayjonni talardi. Ularga qarshi turadigan kuch esa topilmasdi. Endi Ozarbayjon aholisi Jaloliddin siymosida qudratli kuchga ega bo‘lgan edi. Jaloliddin Xorazmshoh Ozarbayjon harbiy yurishlar uchun qulay joyda joylashgani sabab o‘lkani davlatning markazi sifatida tanlaydi. Tabriz shahrini yangi barpo etgan davlatining poytaxtiga aylantiradi.
Ozarbayjon egallangach, Jaloliddin Manguberdi qo‘shinini Gurjiston tomon boshlaydi. 1225-yilning avgustida Garni qal’asi yaqinida gurjilarning 60 minglik qo‘shinini tor-mor keltiradi va Tiflisga qarab yuradi. 1226-yilda Gurjiston to‘liq egallanadi.
Ozarbayjon, Shirvon (Armaniston) va Gurjiston Xorazmshoh qo‘liga o‘tgach, mo‘g‘ullar Isfahon shahri yonida paydo bo‘ladi. 1227-yil sentabrda Isfahon yaqinida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarning Taynol no‘yon boshliq qo‘shinini yengadi. Taynol no‘yon Jaloliddin Manguberdining jangdagi mardligiga qoyil qolib: “Zamonasining haqiqiy bahodiri ekan, o‘z tengqurlarining sarvari ekan”, – degan.
Ichki ziddiyatlar
Jaloliddin Manguberdining Ko‘niya, Jazira, Damashq va Misr hukmdorlariga nomalar yozib, mo‘g‘ullarga qarshi kurashish yo‘lida birlashtirish xatti-harakatlari behuda ketdi. Sulton Jaloliddin Manguberdining o‘sib borayotgan mavqeyi Bag‘dod xalifasini, Misr, Damashq va Jazira hukmdorini tashvishga sola boshladi. Ichki fitnalar va xiyonatlar boshlandi. Ustiga-ustak Ko‘niya sultoni Alouddin Qayqubod muxolif kuchlarni Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘ladi.
Jaloliddinning ukasi G‘iyosiddin Pirshoh birinchi bo‘lib xiyonat yo‘liga o‘tdi. U askarlari bilan Jaloliddin qarorgohini tark etadi. G‘iyosiddin akasiga hasadi qo‘zg‘ab, o‘zi mustaqil davlat barpo etish va Jaloliddin kabi shuhrat qozonishni istadi. U Kirmon hokimi tomonidan qo‘lga olinib, qatl etiladi. Mo‘g‘ullar ushbu voqeadan so‘ng Jaloliddin davlati ular o‘ylaganchalik qudratli emasligini anglaydi. Xorazmshoh bilan sulh tuzish fikridan qaytadi.
Mo‘g‘ullar Ozarbayjon va Gurjiston sari talonchilik yurishlarini boshlab yuboradi. Jaloliddinning bosh vaziri Sharofulmulk sultonga qarshi fitna uyushtira boshlaydi. U Jazira va Ko‘niya hukmdorlariga Jaloliddindan hokimiyatni tortib olishda yordam so‘rab maktub yozadi. Bu maktub Jaloliddin qo‘liga tushgach, vazir hibsga olinadi va qatl etiladi.
1230-yil avgustda Ko‘niya, Jazira, Damashq va Misrning birlashgan qo‘shinidan Jaloliddin Manguberdi kuchlari Arzinjon yaqinidagi jangda mag‘lubiyatga uchradi. Jaloliddin Manguberdining kuchsizlanganidan foydalangan mo‘g‘ullar katta qo‘shin bilan 1231-yilda Ozarbayjonga bostirib kiradi. Mo‘g‘ullar Jaloliddinning qarorgohiga uyushtirgan tungi hujum natijasida Xorazmshohning oz sonli qo‘shinini tor-mor keltiradi. Jaloliddin Manguberdi esa Kurdiston tog‘lariga chiqib ketadi. Bu yerda qaroqchi kurdlar qo‘liga asir tushgan Xorazmshoh fojiali tarzda halok bo‘ladi.
Atigi o‘ttiz uch yil umr ko‘rgan, ammo nomi ellarda doston bo‘lgan, Chingizxonni lol qoldirgan, o‘z yurtini beadad sevgan oxirgi Xorazmshoh Sulton Jaloliddin Manguberdi yorug‘ dunyodan ko‘z yumdi. Uning nomi asrlar davomida avlodlar uchun jasorat va mardlik, vatanparvarlik ramzi bo‘lib keldi. Sulton Jaloliddin hayot paytida mo‘g‘ullar O‘rta Sharqni bosib ololmaydi. Bu voqea ancha keyin – 1256-yili ro‘y beradi. Jaloliddin Manguberdi o‘n bir yil davomida mo‘g‘ullarni nafaqat O‘rta Sharqqa, balki Sharqiy Yevropaga ham qo‘ymadi.