Ilk o’rta asrlarda Xorazm, Xiyoniylar, Kidariylar davlati


Tayanch tushunchalar: afrig‘iylar, xioniylar, kidariylar.


Xorazm davlatining tashkil topishi

Zaiflashib borayotgan Qang‘ davlatidan birinchi bo‘lib Xorazm ajralib chiqadi.
Uni mahalliy afrig‘iylar sulolasiga mansub xorazmshohlar idora qila boshlaydi. Hozirgi Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanidagi Tuproqqal’a shahar xarobasining o‘rnida III asr o‘rtalarida Xorazm davlatining poytaxti joylashgan.

Afrig‘iylar – Xorazmda IV–X asrlarda hukmronlik qilgan xorazmshohlar sulolasi. Sulola asoschisi – Afrig‘. Burgut va lochin Xorazmning hukmronlik ramzlari.

Milodiy 305-yilda Xorazmshoh Afrig‘ o‘z qarorgohini Xorazmning qadimgi Kat shahriga ko‘chiradi. Kat qayta tiklanib, shoh o‘ziga yangi saroy qurdiradi. 305-yildan boshlab Xorazmning afrig‘iy shohlari kumush tangalar zarb etadi.
Tangalarning old tarafiga shoh, orqasiga esa suvoriy surati tushirilgan.

Kumush tangalarning zarb etilishi mamlakatning ichki va tashqi savdo munosabatlarini mustahkamlagan. Hukmdorlar “Xorazmshoh” unvoniga sazovor bo‘lishgan. “Xorazmshohlar” unvonini dastlab siyovushlar sulolasi qabul qilgan.

III asrda Xorazm hududida bir nechta mayda hokimliklar mavjud bo‘lgan. Tuproqqal’adan qo‘lida burgut qo‘ndirilgan tojdor hukmdor va Anqaqal’a yaqinidan qo‘lida lochin tutgan tojdor kishi tasviri tushirilgan tanga topiladi. Bu, shubhasiz, hukmronlik ramzidan dalolat beradi.

Xorazmda sug‘orma dehqonchilik, hunarmandchilik, chorvachilik va savdo-sotiq, ilm-fan, san’at, xususan, haykaltaroshlik yuqori darajada rivoj topgan.

Xorazm xioniylar, kidariylar, eftallar hamda Turk xoqonligi davrida ham o‘zining siyosiy mustaqilligini yo‘qotmadi. Xorazm Vizantiya va turklar bilan diplomatik aloqalar olib borgan.


Xioniylar davlati

IV asrning 70-yillaridan V asrning ikkinchi yarmigacha O‘rta Osiyoda xioniylar hukmronlik qilgan. Bu davlatga turkiy qabilalardan xioniylar asos solgan bo‘lib, davlatning markazi Zarafshon vohasida bo‘lgan. Xioniylar dastlab Zarafshon vohasini zabt etgan. So‘ng Janubga harakat qilgan va ancha zaiflashib qolgan Kushon podsholigi o‘rnini egallagan. Markazi Toxariston bo‘lgan Shimoliy Hindiston, Afg‘oniston va Xurosonning bir qismini ham o‘z ichiga olgan Xioniylar davlatini barpo qilishgan. Ushbu davlat 120 yildan oshiqroq faoliyat yuritgan.


Kidariylar davlati

V asrning 20-yillarida sharqdan Sirdaryo va Orol bo‘ylari orqali Xorazm hamda Amudaryo havzasiga yana bir ko‘chmanchi chorvador aholi – toxarlar kirib kelgan. Toxariylar kushonlarning avlodlari bo‘lgan. Ularga Kidar ismli hukmdor boshchilik qilgani uchun ularni kidariylar deb ham atashadi. Tez orada kidariylar Xioniylar davlatining janubiy qismida o‘z hukmronligini o‘rnatadi. Balx shahri yangi davlatning poytaxtiga aylantiriladi.

456-yilda Kidariylar va Sosoniylar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Bu to‘qnashuvda Kidariylar davlati Sosoniylardan yengiladi va o‘zini qayta o‘nglay olmaydi. KIidariylar ko‘chmanchi chorvador aholi – eftallar to‘qnashishi natijasida shimoliy Hindistonga chekinadi va u yerda 75 yil hukm suradi.