Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va bunyodkorlik


Tayanch tushunchalar: iqtisodiy hayot, hunarmandchilik turlari, ichki va tashqi savdo, pul muoamalasi, yer egaligi, soliq turlari


Hunarmandchilik

Movarounnahrning Samarqand, Buxoro, Toshkent, Shohruxiya, Termiz, Shahrisabz, Qarshi va boshqa ko‘pgina shaharlari hunarmandchilik markaziga aylanadi. Shaharlarda hunarmandchilik mahallalarining soni ortib, kasb-hunar bilan bog‘liq bo‘lgan yangi-yangi guzarlar, ko‘cha-ko‘ylar, bozor rastalari, timlar va toqlar (usti gumbazli bozor) paydo bo‘ladi. Ko‘pgina shaharlarda zargarlik, miskarlik, ignasozlik, sovutsozlik, toshtaroshlovchilar, shishasozlar, ko‘nchilar kabi hunarmandchilik mahallalari bo‘lgan.

O‘rta asr hunarmandchiigida kulolsozlik eng rivoj topgan sertarmoq sohaga aylanadi. Bu davrda tosh yo‘nish, sayqal berish, o‘ymakor naqshlar va xushxat yozuvlar bitish san’ati kamolotga yetadi. Samarqandda Bibixonim jome masjidida Qur’onni qo‘yish uchun o‘rnatilgan ulkan tosh lavh, Go‘ri Amirdagi nefrit qabrtoshi, Shohizinda (Shayhizinda) va boshqa joylardagi sag‘analarga jimjimador naqshlar berilib, o‘ymakor oyatlar, marsiyalar va tarixiy qaydnomalar yozilgan. Samarqand hunarmandchiligida, ayniqsa, qog‘oz ishlab chiqarish alohida o‘rin tutadi. Samarqand qog‘ozi o‘rta asr Sharq xattotlik san’atida g‘oyat mashhur bo‘lgan. Ma’lum bir qismi chet o‘lkalarga chiqarilgan.


Binokorlik, yog‘och o‘ymakorligi

Bu davrda mamlakatning yirik shaharlari, xususan, Samarqand va Hirotda qurilish ishlari keng avj olib, ijtimoiy hayotda binokorlarning roli oshib ketadi. G‘isht terib imorat qaddini bino qiluvchilar “banno”, peshtoq-u ravoq hamda toqlarga parchin va girihlar qoplab imoratga pardoz beruvchilar “ustoz” deb yuritilgan.

Bu davrda yog‘ochsozlik ham rivojlangan. Mohir duradgor ustalar yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullangan. Ular naqshinkor eshiklar, panjaralar, ustunlar, toq-u ravoqlar, xontaxtalar, kursilar va boshqa turdagi ko‘pdan ko‘p jihozlar yasagan. Go‘ri Amir va Shohizindaning oyatlar bitilgan naqshinkor eshiklari XV asr xalq ustalarining yog‘och o‘ymakorligi san’atidagi eng nodir namunalaridan hisoblanadi.


Savdo aloqalari

XV asrda temuriylar uzoq va yaqin qator qo‘shni mamlakatlar: Xitoy. Hindiston, Tibet, Eron, Rus, Volgabo‘yi va Sibir bilan muntazam savdo-sotiq qilardi. Chet davlatlar bilan o‘zaro savdo-sotiqning kengayishida temuriylarning qo‘shni mamlakatlar bilan olib borgan elchilik aloqalari katta rol o‘ynaydi. Ulug‘bek va Shohrux Xitoy bilan muntazam ravishda elchilar almashib turgan. Ular zamonida Tibet va Hindiston bilan ham yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatiladi.


Pul muomalasi

Iqtisodiy taraqqiyot ma’lum darajada o‘sha davrda o‘tkazilgan pul islohoti bilan ham bog‘liq edi. Ma’lumki, Ulug‘bek 1428-yilda fulusiy pullar islohotini amalga oshirdi. Ulug‘bek yengil vaznda zarb etilgan va muomalada yurgan chaqa pullar bilan ayirboshlashni man etdi.

Tamg‘a – savdo boji, savdogarlardan olinadigan soliq.

  • Fulus – misdan yasalgan mayda chaqa pul.» Eski chaqalarni yangisiga almashtiradi. Ichki savdoning fulusiy pullarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida bir vaqtning o‘zida Buxoro, Samarqand, Qarshi, Termiz, Toshkent, Shohruxiya va Andijon shaharlarida zarbxonalar tashkil etiladi. Bir xil vazndagi salmoqdor fuluslar zarb etilib, muomalaga chiqariladi. Xalq o‘rtasida “fulusi adliya”, ya’ni “adolatli chaqa” nomi bilan shuhrat topgan Ulug‘bekning yangi fuluslari ichki chakana savdo uchun keng yo‘l ochadi.

    Shu bilan birga Ulug‘bek tashqi savdodan davlat xazinasiga tushadigan daromadni ko‘paytirish maqsadida tamg‘a solig‘ini birmuncha oshirdi.

    Shunday qilib, Ulug‘bek zamonida mamlakatda ichki va tashqi savdoning kengayishi hunarmandchilik mahsulotlari hajmini oshirib, kasb-hunar tarmoqlarining rivojida asosiy omillardan biriga aylandi.


    Dehqonchilik va chorvachilik

    Mamlakatda tez-tez sodir bo‘lib turadigan o‘zaro ichki kurashlarga qaramasdan, XV asrda ham Movarounnahr va Xuroson qishloqlarida birmuncha obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Xususiy sohibkorlarning dashtliklarida yangi yerlarni o‘zlashtirish, kanallar qazib, bog‘ ko‘kartirish va qarovsiz qolgan tashlandiq yerlarni sug‘orib, obod etish kabi mehnatlari qo‘llab-quvvatlanadi. Hatto bunday sohibkorlar bir-ikki yil davomida hamma soliq va to‘lovlardan ozod etiladi. Xo‘jalikning iqtisodiy hayotida, ayniqsa, yaylov chorvachiligi: yilqichilik, tuyachilik hamda qoramolchilik muhim o‘rin tutgan.


    Yer egaligi

    XV asr davomida Movarounnahr va Xurosonda avvalgidek yerga egalikning asosan to‘rt shakli: “mulki devoniy”, “mulk”, “mulki vaqf”, “jamoa yerlari” bo‘lgan. Sug‘oriladigan yerlarning eng katta qismi davlat mulki hisoblangan. Bu yerlarga avvalgidek mamlakat hukmdori sulton yoki amirlar egalik qilardi.

    Temuriylar davrida davlat yerlarini “suyurg‘ol” tarzida in’om qilish keng tarqaladi. Suyurg‘ol egalari tobeligini kuchaytirish maqsadida markaziy hokimiyat ba’zan ular tasarrufidagi yer maydonlarini qisqartirgan. Yoki haq-huquqlarini cheklab, bo‘ysunmagan taqdirda suyurg‘ol huquqidan mahrum etilar va boshqa shaxsga berilar edi.

    Bu davrda bosh hukmdor tomonidan yirik mulk egalariga yaxshi xizmati uchun tarxonlik yorlig‘i berish an’anaga aylanadi. Tarxonlik yorlig‘ini olgan mulkdorlar barcha soliq, to‘lov va majburiyatlardan ozod qilingan. Tarxonlik yorlig‘i odatda amirlar, beklar, saroy amaldorlari, sayyidlar va boshqa yuqori tabaqa vakillariga berilgan. Bunday yorliqni olgan mulkdor ismiga “tarxon” martabasi qo‘shib aytilgan.

    XV asrda ham avvalgi davrlardagidek juda ko‘p yer va suv masjid, madrasa, xonaqoh, maqbara va mozorlarga biriktirilib, bunday yerlar “mulki vaqf” deb atalgan. Odatda yer va suvdan tashqari ko‘plab do‘kon, korxona, tegirmon, objuvoz, bozor rastalari, karvonsaroylar ham vaqf qilinib, ulardan tushgan daromad masjid, madrasa, tabiblar uyi va xonaqohlarning ta’miri, jihozi, mutavalli, mudarris, tabib va talabalarga beriladigan nafaqalar hamda langarxona (musofirxona) va shifoxonalarning kundalik xarjlari uchun sarf etilgan.


    Soliq turlari

    Sug‘orma dehqonchilik yerlaridan olinadigan asosiy soliq “xiroj” deb atalgan. Xiroj mahsulot yoki pul bilan to‘langan. U hosilga va yerning unumdorligiga qarab belgilangan. Chunonchi, daryo va buloq suvlari bilan sug‘oriladigan obikor yerlardan xiroj hosilning uchdan bir qismi (33%) miqdorida olingan. Lalmikor yerlardan hosilning oltidan bir, ya’ni 16,5% dan to sakkizdan bir, ya’ni 12,5% miqdorida soliq undirilgan. Mulk yerlarining bir qismidan “ushr”, ya’ni hosilning o‘ndan bir qismi (10%) miqdorida soliq olingan. Bunday yerlar odatda zamonasining ilm-fani, ma’rifati va ma’naviy hayotida muhim nufuzga ega bo‘lgan ulamolar va mashoyixlar tasarrufida bo‘lgan. Chorva mollaridan qirqdan bir, yani 2,5% miqdorida zakot olingan.
  • Begor – mahalliy aholiga yuklatilgan saroy, jamoat binolari, mudofaa va sug‘orish inshootlarini hamda qurilish ishlarida ommaviy ishlab berish majburiyati, muqaddas ommaviy hashar. Asosiy soliqlardan tashqari mahalliy aholi begor ishlarida ham qatnashgan. Begorda qatnashgan har bir kishi ishlash uchun kerakli asbob-uskuna va yetarli yemaklarni o‘zi bilan olib kelishi lozim bo‘lgan.