Ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar




Tayanch tushunchalar: dehqon, kashovarz, kadivar, chokar.

Ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar

Zamonasining buyuk davlatlari bo‘lgan Qang‘ va Kushon podsholigi davrida Qadimgi Turon diyori yuksala boshlagan edi. Bu davrda mamlakat aholisining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayotida muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Shaharlarning soni ko‘paydi va hududi kengaydi. Shaharlar ilk o‘rta asrlardan boshlab hunarmandchilik, savdo-sotiq va madaniy hayot markaziga aylangan.

Vohalarda yirik sug‘orish tarmoqlari qazilib, sug‘orma dehqonchilik
maydonlari kengaygan. Suv tegirmoni, chig‘ir va charxpalak kabi suv inshootlari kashf etilgan. Oqar suv sathidan balandlikda joylashgan maydonlarga suv chiqarilgan.

Ekin maydonlarini sug‘orish va ishlov berish rivojlangani uchun dehqonchilikda hosil ko‘payadi. Aholining ko‘payishi, hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivoj topishi qishloq xo‘jalik mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshiradi. Natijada mamlakat iqtisodiy hayotida qishloqlarning nufuzi ortadi.
Bir tomondan, yerga va ekin maydonlariga bo‘lgan munosabat hamda ularga egalik qilish shakli o‘zgarib borgan. Ikkinchi tomondan esa ziroatkor aholi bilan chorvador qabilalar orasidagi aloqalar rivojlangan.

Mamlakatning dasht va tog‘oldi mintaqalarida yashovchi ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholining o‘troq hayot tarziga o‘tishi kuchayadi. Oqibatda dehqonchilik uchun yaroqli bo‘lgan yerlarga bo‘lgan ehtiyoj oshib borgan. Shu sababdan qo‘riq va bo‘z yerlarga suv chiqarilgan. Katta-katta ekin maydonlari barpo etilgan. Obodonchilik ishlarini amalga oshirishda ijtimoiy hayotda katta nufuzga ega bo‘lgan mulkdor tabaqa vakillari, qishloq
oqsoqollari hamda qabila boshliqlari ishboshi sifatida faol qatnashadi. Yangi o‘zlashtirilgan yerlarning ma’lum qismi ularning qo‘liga o‘tib, meros mulkiga aylanadi. Shu tariqa katta yer egaligiga asoslangan mulkdorlar tabaqasi shakllanadi.


Dehqonlar va xo‘jalikdagi hayot

Qabila boshliqlari, ishboshilar o‘zlariga yer maydonlarini sug‘orish tarmoqlarining yuqori qismidan, ayniqsa, to‘g‘on boshidan ajratib oladi. Bu yo‘l bilan ular suvdan dehqonchilikda bemalol foydalangan. Suv taqsimotini nazoratga olib, qishloq aholisi ustidan ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Oqibatda ular ziroatkor aholi ustidan humronlik qila boshlagan. O‘sha davrda ular dehqonlar deb atalgan.

Dehqonlar shaharlarda qasr va saroylarga, savdo va hunarmandchilik do‘kon-u rastalaridan iborat katta xo‘jalikka ega bo‘lgan. Qishloqlarda esa ekinzorlardan tashqari, ko‘shk va istehkomli qo‘rg‘onlari, tegirmonlari bo‘lgan. Ko‘pdan ko‘p xizmatkorlar dehqonlarning xo‘jaligida qishin-yozin mehnat qilgan. Har bir katta yer egasining 30–40, 50–100 va ba’zan undan ortiq maxsus askarlar guruhi – chokarlari bo‘lgan. Chokarlar baquvvat va abjir hamda o‘z xojasiga sadoqatli o‘spirinlardan tanlab olingan. Bunday sodiq va jangovar chokarlari bilan dehqonlar yov hujumi paytida dushmanga qarshi harbiy yurishda qatnashgan. Boshqa vaqtlarda esa chokarlar dehqon xo‘jaligidagi tartibga qarab turgan.

Qishloqlarda dehqonlarning mavqeyi ortib, katta-katta yerlarga ega bo‘lib oladi. Bu esa o‘z navbatida mamlakat ijtimoiy hayotiga ta’sir o‘tkazdi. Yer egaligining tarkib topishi oqibatida mamlakatning ijtimoiy hayotida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Qishloq jamoalari yerli mulkdor dehqon va yersiz va erksiz kadivarlarga ajralib bordi. Qishloq jamoallari yerida yashab, yer va suvdan iborat umumiy mulkka ega bo‘lgan erkin ziroatchilar tabaqasi kashovarzlar deb atalardi. Keyinchalik ularning ma’lum bir qismi yerlaridan mahrum bo‘lib, bora-bora kadivarlarga aylanib bordi. Ayrim dehqonlar esa o‘z viloyatlarida hatto mustaqil hokim bo‘lib oldi.

V asrning o‘rtalariga kelib, ekin maydonlarining ma’lum bir qismi mulkdor dehqonlar qo‘lidagi yerlardan iborat bo‘lgan. Lekin ziroatkor vohalardagi sug‘oriladigan yerlarning asosiy qismi hali ham qishloq jamoalarining qo‘lida edi.

Dehqon (qishloq hokimi) – ilk o‘rta asrlarda mulkdor tabaqa
Kashovarz – ziroatchi oddiy qo‘shchilar
Kadivar – qishloqning dehqonlarga qaram aholisi
Chokar – dehqon mulkini qo‘riqlovchi, harbiy posbon