Tayanch tushunchalar: pul islohoti, yer egaligi, Chig‘atoy ulusining bo‘linishi, madaniy hayot.
Ulug‘ xoqon farmoni
XIII asr o‘rtalarida Chig‘atoy ulusining mo‘g‘ul amaldorlari doirasida o‘troq hayot tarziga o‘tish boshlanadi. Shu bilan bir qatorda, shahar hayotiga yaqinlashish va mahalliy o‘troq aholining boy madaniyatidan foydalanish jarayoni kuchayadi. Mo‘g‘ulistonning ulug‘ xoqoni Munke soliq va hashar ishlarini tartibga solish to‘g‘risida maxsus farmon – yorliq chiqaradi. Yomlar bo‘ylab pochta xizmati uchun ajratilgan otlar soni belgilanadi. Aholidan ortiqcha ot talab qilish man etiladi. Shuningdek, elchilar bo‘ynida topshiriq bo‘lmagan payt shahar yoki qishloqlarga kirmasligi uqtiriladi. Aholidan elchilar uchun belgilangandan ortiqcha yem-hashak hamda oziq-ovqat olmaslik tayinlanadi. Shu tariqa aholi o‘zboshimchalik bilan yig‘ib olinadigan hisobsiz to‘lovlardan ozod bo‘ladi.
Yomlar – yo‘l bekatlari. Choparlar, yo‘lovchilar ot almashtiradigan joy.
Yomda otlar doimo ulovga tayyor turgan
Ma’sudbekning pul islohoti
Movarounnahrda asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, shahar hayoti, xususan, hunarmandchilik va savdo munosabatlari jonlana boshlaydi. Shaharlarning ichki hayoti, ayniqsa, tovar va pul munosabatlarining tiklanishida Ma’sudbek 1271-yilda o‘tkazgan pul islohoti muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. U Movarounnahrning 16 ta shahar va viloyatlarida bir xil vazn va yuqori qiymatli sof kumush tangalar zarb ettirib, muomalaga chiqaradi.
Kebekxon va uning islohotlari
XIV asrning birinchi yarmida Chig‘atoy ulusida mo‘g‘ullarning o‘troqlikka o‘tish jarayoni kuchaygan. Shuningdek, ijtimoiy hayotda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘la boshlaydi. Movarounnahrdek madaniy o‘lka bilan mustahkam aloqa o‘rnatishga va o‘troq hayot kechirishga intilgan Chig‘atoy xonlaridan biri Kebek (1318–1326) edi. Kebekxon hokimiyatni o‘z qo‘liga olib, Qashqadaryo vohasidagi qadimgi Nasaf shahri yonida saroy qurdiradi. Saroy mo‘g‘ul tilida “Qarshi” deb yuritiladi. Kebekxon qarorgohini Movarounnahrga ko‘chirgan birinchi mo‘g‘ul hukmdori edi. U shu saroydan turib butun mamlakatni idora qilar edi. Keyinchalik saroy atrofida yangi binolar qad ko‘taradi va eski Nasaf shahri bilan qo‘shilib ketadi. Shundan so‘ng shahar Qarshi deb atala boshlandi.
Kebek davlatni idora etish tuzilishini va iqtisodiy hayotni tartibga solish maqsadida ma’muriy va pul islohoti o‘tkazadi. Mamlakatda yagona pul joriy qilinadi. Og‘irligi 8 grammli katta kumush tanga va 1 grammli kichik tanga zarb etilgan. Tangalar Erondagi Xulokiylar davlati va Oltin O‘rda xonligining kumush tangalari namunasida yaratilgan. Katta tanga “dinor”, kichigi “dirham” deb atalgan. “Kepaki” deb nom olgan bu tangalar Samarqand va Buxoroda zarb etilgan.
Iqtisodiy hayotning jonlanishi
Mo‘g‘ullar istilosi davrida xarob bo‘lgan hunarmandchilik, savdo-sotiq va dehqonchilik asta-sekin tiklana boshlaydi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdoning jonlanishi, shubhasiz, xarob bo‘lgan shaharlarning qayta tiklanishiga sabab bo‘ladi. Garchi ko‘pgina shahar va viloyatlar xaroba va yarim xaroba holida yotgan bo‘lsa-da, Urganch va Buxoro qayta tiklanadi.
Qadimgi Samarqand vayronalarining yonginasida yangidan shahar qad ko‘taradi. Shaharlarda turli xil davlat, jamoat va ma’rifat binolari qurildi.
Bozorlar gavjumlashdi.
Yer egaligi
Mo‘g‘ullar hukmronligi davrida O‘rta Osiyoda yerga bo‘lgan egalikning mulki devon, mulki inju, mulki vaqf va mulk deb ataluvchi to‘rt xil shakli mavjud edi.
Mulklarning kattagina qismi harbiy ma’murlarga davlat oldidagi xizmatlari uchun hadya qilingan yerlar bo‘lib, suyurg‘ol yerlari deb yuritilardi. Bunday yerlarga ega bo‘lgan mulkdorlar – suyurg‘ol egalari barcha soliq va to‘lovlardan ozod etilardi. Suyurg‘ol yerlari avloddan avlodga meros tariqasida o‘tgan.
- Mulki –devon davlat yeri
- Mulki – inju hukmdor va noibga qarashli yerlar
- Mulk – xususiy yerlar
- Mulki vaqf – masjid va madrasa yerlari
Chig‘atoy ulusining bo‘linishi
Mo‘g‘ul hukmdorlari va amaldorlari o‘rtasida bosib olingan yerlarga nisbatan ikki xil qarash mavjud edi. Ba’zilar mahalliy zodagonlar, savdogarlar bilan yaqinlashish, hunarmandchiik va dehqonchilikni rivojlantirish, Islom dinini qabul qilish tarafdori bo‘lgan. Boshqalar esa o‘troqlik va shahar hayotiga qarshi bo‘lgan. Shaharlarni buzib tashlash, bog‘ va ekinzorlarni o‘tloqlarga aylantirishni istagan.
Asta-sekin Chig‘atoy ulusining bir qator xonlari urug‘-qabilalari bilan Movarounnahrga ko‘chib kela boshlaydi va o‘troq hayot tarziga o‘tadi.
Yettisuvda yashayotgan mo‘g‘ullar Movarounnahrga ko‘chib kelganlarni “qoraunas” (duragay), Movarounnahrda yashayotgan mo‘g‘ullar esa ularni “jete” (qaroqchi, talonchi) deb atay boshlaydi. Bu amalda bir-birini haqorat qilish edi. Oqibatda ikki taraf o‘rtasida ziddiyat va nafrat kuchayib boradi. Shu tariqa Chig‘atoy ulusi XIV asrning 40-yillarida ikkiga bo‘linib ketdi.
Chig‘atoy ulusining Sharqiy Turkiston va Yettisuv qismi Mo‘g‘uliston deb atala boshlandi. 1348-yilda Chig‘atoy naslidan bo‘lgan Tug‘luq Temur Mo‘g‘uliston xoni etib ko‘tarildi. Ulusning g‘arbiy qismi – Movarounnahr mustaqil idora qilinadigan bo‘ldi.