Tayanch tushunchalar: g‘aznaviylar, Mahmud G‘aznaviy, Ma’sud G‘aznaviy, boshqaruv tizimi, ilm-fan va madaniyat.
G‘aznaviylar hukmronligi
Mamlakatda sodir bo‘lgan og‘ir davrda Somoniylar davlatining turk hojiblaridan iborat saroy qo‘shinining siyosiy nufuzi nihoyatda kuchaydi. Chunki harbiy harakatlar va mudofaa ishlari butunlay ularning qo‘lida edi. Turkiy sarkardalarning xizmatlari evaziga somoniy amirlari ularni munosib taqdirlagan. Aksariyat iqtidorli lashkarboshilarni hojib ul-hijob yoki hojib ul-buzruk kabi oliy harbiy mansablarga tayinlab, hatto ayrim viloyatlarni boshqarish huquqini bergan.
962–963-yillarda G‘azna viloyatini Alptegin noib va lashkar amiri sifatida boshqargan. U G‘azna va Kobul viloyatlarini mustaqil idora etishga intilib, G‘aznaviylar davlatiga asos solgan. Mazkur yosh turkiy davlatning poytaxti G‘azna shahrida qaror topgan. G‘aznaviylarning siyosiy nufuzi Sobuqtegin davrida (977–997) ortib, somoniylar tomonidan e’tirof etilgan. Mahmud G‘aznaviy davrida (997–1030) esa mamlakat hududi kengayib, Sharqning eng qudratli davlatlaridan biriga aylangan. Somoniylar sulolasi barham topgach, Mahmud G‘aznaviy Xuroson hududini, so‘ng Xorazm davlatini (1017) ham saltanatga qo‘shib olgan. Ammo Ma’sud G‘aznaviy davrida (1030–1040) mamlakat viloyatlari birin-ketin qo‘ldan chiqarilgan. Davlat tanazzulga yuz tuta boshlagan. Oqibatda 1186-yilda G‘aznaviylar davlati butunlay tugatilgan.
G‘aznaviylar davlatining boshqaruv tizimi
G‘aznaviylar davlat tuzumi va boshqaruv tizimi azaldan rivojlanib kelayotgan turkiy davlatchilik asosida qurilgan. Biroq u o‘ziga xos mahkamachilik xususiyatiga ega edi. Vazirlik tizimida harbiy, elchilik va rasmiy tadbirlar, moliya hamda xabar-pochta devonlari faoliyat ko‘rsatgan. Viloyat hokimi voliy, shahar hokimi rais deb yuritilgan. Viloyatlarda boshqaruv ishlarini amid, shaharlarda esa kutvol amalga oshirgan. Davlat qudratli qo‘shinga ega edi. Qo‘shinda harbiy kemalar (daryo va dengiz floti) ham mavjud bo‘lgan.
Ilm-fan va madaniyat
G‘aznaviylar davlatida ilm-fan va madaniyat, xususan, adabiyot rivojlangan.
Mahmud G‘aznaviy turkiy til bilan bir qatorda fors, arab va pahlaviy tillarini ham mukammal bilgan, she’rlar bitgan. Poytaxtda 400 dan ortiq olim, shoir va san’atkorlar ijod qilgan. Abu Rayhon Beruniy, Nosir Xusrav, Gardiyziy va Bayhaqiy kabi buyuk mutafakkirlar G‘aznada yashagan. Beruniy “Qonuni Ma’sudiy”, Bayhaqiy “Tarixi Ma’sudiy” asarlarini sulton Ma’sudga bag‘ishlagan. Abul Qosim Firdavsiy mashhur “Shohnoma” dostonini Mahmud G‘aznaviyga taqdim etgan. G‘aznaviylar davlatida qurilish va me’morchilikka ham jiddiy e’tibor berilgan. G‘azna, Balx, Nishopur, Lohur va boshqa shaharlarda ko‘plab madrasalar, masjid, xonaqoh va saroylar bino qilinib, kutubxonalar faoliyat ko‘rsatgan. Bog‘-u chorbog‘lar barpo etilib, xususan, poytaxt G‘azna shahri gullab-yashnagan.