G’arbiy turk xoqonligi


Tayanch tushunchalar: G‘arbiy turk xoqonligi, yabg‘u, boshqaruv tartibi, ijtimoiy hayot, Abruy qo‘zg‘oloni.


Boshqaruv

G‘arbiy xoqonlik ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan Sharqiy xoqonlikdan mutlaqo ajralib turgan. Sharqiy xoqonlik aholisining asosiy qismi chorvador ko‘chmanchilar edi. G‘arbiy xoqonlik aholisining kattagina qismi esa o‘troq dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashg‘ul edi.

VII asrning birinchi choragida G‘arbiy xoqonlik nihoyatda kuchaygan. Uning sharqiy chegarasi Oltoyga, janubda esa Sind (Hind) daryosi bo‘ylariga borib yetgan. G‘arbiy xoqonlik o‘ziga qaram viloyatlarni boshqarishda mahalliy sulolalarni saqlab qolgan. Muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim o‘lkalarda esa boshqaruvni xoqon xonadoniga tegishli mansabdorlar olib borgan.

Xoqon To‘ng yabg‘u (618-630) hukmronlik qilgan davrda boshqaruv tartiblari isloh qilingan. Islohotga ko‘ra, mahalliy hukmdorlarga xoqonlikning “yabg‘u” unvoni berilgan. Ular xoqonning noibiga (vakiliga) aylangan.

Shu bilan birga O‘rta Osiyo, Sharqiy Turkiston va Toxaristonning deyarli mustaqil hokimliklari ustidan siyosat kuchaytiriladi. Ular huzuriga xoqonlikning noiblari – tudunlar yuboriladi. Biroq ichki kurash oqibatida G‘arbiy turk xoqonligi zaiflashib boradi.


Ijtimoiy hayot

G‘arbiy turk xoqonligiga birlashgan aholining hayoti va xo‘jaligi turlicha bo‘lgan. Xoqonlik aholisi o‘troq va ko‘chmanchilarga bo‘lingan. Ko‘chmanchilarning asosiy mashg‘uloti chorvachilik bo‘lgan. Aholining o‘troq qismi madaniy jihatdan ilg‘or bo‘lib, xoqonlikning ijtimoiy va iqtisodiy turmushida yetakchi ahamiyat kasb etgan.

Xoqonlikda shaharlar va qishloqlar ko‘p bo‘lgan. Aholisi dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanardi. Hunarmandlar yasagan zeb-ziynatlar va qurol-yarog‘lar xilma-xilligi va nihoyatda puxtaligi bilan ajralib turardi.

Ichki va tashqi savdo-sotiq ishlari shahar aholisining asosiy mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgan. Bu sohada ayniqsa Sug‘d savdogarlarining mavqeyi baland edi.

G‘arbiy turk xoqonligi bilan Xitoy o‘rtasida VII asrning birinchi yarmida iqtisodiy aloqalar faollashadi. Bu davrda Xitoyga to‘qqiz marotaba elchilar yuboriladi.


Abruy boshchiligidagi qo‘zg‘olon

Turk xoqonligi davrida O‘rta Osiyoda dehqonlar tomonidan yerlarni egallash jarayoni tobora avj olib, zulm kuchayadi. O‘z mulkidan ajragan kashovarzlar mulkdor dehqonlar asoratiga tushib, qaram kadivarlarga aylanadi. Qashshoqlik, jabr-zulm va dehqonlar asoratiga qarshi aholi bosh ko‘tarishga majbur bo‘ladi. Shunday xalq qo‘zg‘olonlaridan biri 585–586-yillarda Buxoroda yuz beradi. Qo‘zg‘olonga xoqon xonadoniga mansub Abruy boshchilik qiladi. Qo‘zg‘olondan vahimaga tushgan mulkdor dehqonlar va boy savdogarlar Buxoro viloyatini tark etib, Turkiston va Taroz atrofiga borib o‘rnashadi. Ular turk xoqoniga murojaat qilib, qo‘zg‘olonchilarga qarshi kurashda yordam berishini so‘raydi. Turk xoqoni Qoracho‘rin o‘g‘li Sheri Kishvar (El Arslon) boshchiligidagi qo‘shinni ko‘makka yuboradi. Abruy o‘ldirilib, qo‘zg‘olon bostiriladi. Kadivar va xizmatkorlar o‘z xo‘jayinlari – dehqonlarga qaytariladi.

585–586-yillarda Buxoroda Abruy boshchiligida qashshoqli, jabr-zulm va dehqonlar asoratiga qarshi qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tadi. Qo‘zg‘olon Sheri Kishvar (El Arslon) boshliq qo‘shin tomonidan bostiriladi.