Eftallar davlati. Eftallar davrida ijtimoy-iqtisodiy va madaniy hayot



Tayanch tushunchalar: eftallar, etnik munosabatlar, yer egaligi, savdo, pul muomalasi, til, madaniy aloqalar, davlat tayanchi.


Eftallar davlati

V asrning 20-yillaridan VI asrning 70-yillarigacha bo‘lgan davrda O‘rta Osiyoda Eftaliylar davlati faoliyat ko‘rsatgan. Yozma manbalarda eftaliylar eftallar, eftalitlar, xaytallar kabi turli nomlar bilan atalgan. Bu nomlar Eftallar shohi “Eftalon”, ba’zi manbalarda “Vaxshunvar”dan olingan.

Eftallar davlati – ilk o‘rta asrlarning qudratli davlati. V asrning ikkinchi yarmi va VI asrning boshlarida Eftallar davlati O‘rta Osiyo, Sharqiy Eron, Shimoliy Hindiston va Sharqiy Turkiston hududlarini o‘z ichiga olgan.

Eftallar V asr boshlarida O‘rta Osiyo hududiga Sharqdan kirib kelgan.
Eftaliylar davlatining dastlabki poytaxti Buxoro yaqinidagi Poykant va Varaxsha shaharlari bo‘lgan. Bu davlatga O‘rta Osiyodan tashqari Sharqiy Turkiston, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston va hozirgi Pokiston hududlari ham kirgan. Eftallar davlati o‘zaro aloqa o‘rnatish maqsadida 456-yilda Xitoyga elchi yuboradi.

Eftallarning tobora kuchayib borayotganidan xavfsiragan sosoniylar ularga qarshi yurish qiladi. 484-yilda eftallarga qarshi bo‘lgan urush Sosoniylar shohi Pero‘zning halokati bilan tugaydi. Shundan so‘ng eftallarga qaram bo‘lib qolgan sosoniylar ularga kumush hisobida belgilangan bojni uzluksiz to‘lab turadi. Boj – o‘lpon, soliq. Bir davlat tomonidan ikkinchi davlatga to‘lanadigan, shuningdek, shahar va qishloq bozorlarida savdogarlardan olinadigan maxsus to‘lov

Eftaliylar davrida saltanatni yakka hukmdor boshqargan. Taxt otadan bolaga qolmay, suloladan kim loyiq deb topilsa, o‘sha taxtga o‘tirgan. Nomzodni taqdim etadigan kengash ham mavjud bo‘lgan. Bu kengash sulolaning mo‘tabar namoyandalari hamda saltanatning obro‘li a’yonlaridan iborat bo‘lgan. Viloyatlarda boshqaruvni mahalliy xonadonlar (sulolalar) olib borgan.
Mazkur mulklar hukmdor – Sho (shoh)ga tobe sulolalar tomonidan boshqarilgan. Hatto ularning har biri o‘zining kumush yoki mis tangasini zarb etgan.

V asr oxiri – VI asr boshlarida Xorazm, So‘g‘diyona, Choch va Baqtriya viloyatlarida hashamatli binolari bo‘lgan alohida-alohida qo‘rg‘onlar yuzaga keladi. Eftaliylar davlat boshqaruvida ma’lum qonun-qoidalar mavjud bo‘lgan.
Davlat harbiy kuchga tayangan. Jinoyat uchun juda qattiq jazolar belgilangan. 563–567-yillarda Eftallar davlati Turk xoqonligi hamda Eron sosoniylarining zarbasiga uchragan va tamomila barbod bo‘lgan.


Xo‘jalik hayoti

Eftallar davlatiga birlashgan aholining etnik tarkibi xilma-xil bo‘lgan. Mamlakatda iqtisodiy-savdo munosabatlari izchil yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa dehqonchilik, sun’iy sug‘orish, chorvachilik, bog‘dorchilik va hunarmandchilik kabi sohalarning ravnaq topishiga asos bo‘lgan. V asrda eng yirik sug‘orish tarmoqlaridan Zog‘ariq (Zovariq), Bo‘zsuv hamda Darg‘om kanali barpo etilgan. Hozir ham Zog‘ariq va Bo‘zsuv kanallari Toshkent vohasi va Janubiy Qozog‘iston yerlarining bir qismini suv bilan ta’minlab turadi. Shuningdek, Darg‘om kanali Samarqand viloyati janubiy tumanlarining asosiy suv manbayi hisoblanadi.


Savdo va pul muomalasi

Tashqi savdo bojidan manfaatdor bo‘lgan eftallar “Ipak yo‘li“ni o‘z nazoratlari ostida tutib turishga harakat qilgan. Xitoy, Hindiston, Eron va Vizantiya bilan bo‘lgan xalqaro savdoda faol qatnashgan. Ipak yo‘li savdosida sosoniy savdogarlari bilan raqobatda asosan sug‘diylar vositachi bo‘lgan. Bu esa o‘z o‘rnida yo‘l, qatnov, ta’minot, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining kengayib borishiga yo‘l ochgan. Tashqi savdoda ipak, lok, bo‘yoqlar, rangli shishalar, qimmatbaho toshlar, arg‘umoq otlar, matolar, shirinliklar va qurol-yarog‘ kabi noyob mahsulotlarning bozori chaqqon bo‘lgan. Xalqaro savdo aloqalarining rivojlanishi bilan mamlakatda tanga pul muomalasi tartibga solinadi.

Ichki va tashqi savdo munosabatlarida eftallar dastavval sosoniy hukmdorlarining kumush tangalaridan keng foydalanadi. Bulardan tashqari, Buxoro, Poykand, Vardona, Naxshab, Samarqand va Xorazmda mahalliy hokimlar tomonidan chiqarilgan chaqa tangalar mamlakatning ichki savdosida keng muomalada bo‘lgan.


Til va madaniy aloqalar

O‘rta Osiyo aholisining bir qismi sug‘d tilida, ikkinchi qismi turkiy tilda so‘zlashgan. Bu davrda sug‘d tilidan xalqaro til sifatida Yettisyuv va Farg‘ona, Sharqiy Turkiston hamda Xitoy hududlarida foydalanilgan. V–VI asrlarda sug‘d, xorazm va eftal yozuvlari tarqalgan. Eftallar alifbosi Baqtriya yozuvi asosida shakllangan. Eftallar alifbosi 25 harfdan iborat bo‘lgan. Yozuv chapdan o‘ngga tomon yozilgan.

V asrda O‘rta Osiyoda shishasozlik rivojlangan. O‘rta Osiyo shishasi rangdorligi, yarqiroqligi va tiniqligi jihatidan Vizantiya shishasidan ustun turgan. Xitoy imperatorlari o‘z saroylarini bezashda O‘rta Osiyodan keltirilgan rangli shishadan foydalangan.

Ulkan saltanat ahli zardushtiylik, qadimiy e’tiqodlardan Siyovush, Anahita, Mitraga, buddaparastlik (asosan Shimoliy Hindistonda) kabi dinlarga sig‘ingan. Shu bilan birga Moniy va Mazda (mazdakiylik) ta’limotlari ham tarqab borgan.

O‘rta Osiyo aholisining madaniy an’analari qo‘shni mamlakatlar, xususan, Hindiston va Eron tasviriy uslublari bilan uyg‘unlashgan. Bu esa ilk o‘rta asrlar madaniyatining shakllanishida mustahkam poydevorga aylangan.