Chig’atoy ulusining tashkil topishi


Tayanch tushunchalar: Chig‘atoy ulusi, soliq turlari, Mahmud Torobiy qo‘zg‘oloni.


Chig‘atoy ulusi

1224-yilda Chingizxon tomonidan Chig‘atoy tasarrufiga berilgan Movarounnahr, Yettisuv va Sharqiy Turkistonda Chig‘atoy ulusi tashkil topdi. Chig‘atoyxonning ulusni boshqaradigan o‘rdasi Elsuvi (Ili) daryosi bo‘yida edi. Viloyatlar va hunarmandchilik shaharlarini boshqarishda Chig‘atoy o‘ziga bo‘ysundirilgan xalqlarning yuqori tabaqa vakillari xizmatidan foydalanadi.

Movarounnahrni bevosita idora etish ishlari davlat zabt etilmasidan ilgari Chingizxon huzurida xizmat qilgan Mahmud Yalavochga beriladi. U Xo‘jand shahrini o‘ziga qarorgoh qilib oladi va shu yerdan Movarounnahrni idora qila boshlaydi. Harbiy hokimiyat, aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, soliq yig‘ish ishlari dorug‘achi va tavg‘ach deb ataladigan mo‘g‘ul amaldorlari qo‘lida bo‘lar edi. Mo‘g‘ul bosqoqlari (mahalliy hokim) ixtiyoridagi ko‘p sonli askarlar Mahmud izmiga bo‘ysundirilgan edi. Mahmud Yalavoch shu sabablarga suyanib mo‘g‘ul xoqonlari talabini ijro qilar va o‘zining cheksiz hukmronligini amalga oshirar edi.


Soliq turlari

Chig‘atoy xonlari markaziy hokimiyat xazinasi uchun aholiga turli soliqlar solib, zo‘ravonlik bilan undirib olishar edi.

Ziroatchilardan olinadigan yer solig‘i “kalon” deb yuritilgan. Chorvadorlarga esa “qopchur” solig‘i solingan.Davlat xazinasi uchun “shulen” nomi bilan yuritilgan oziq-ovqat solig‘i ham undirilgan. “Shulen” har bir podadan ikki yashar qo‘y, qimiz uchun har ming otdan bir biya hisobida olingan.

Hunarmandlar va savdogarlardan “targ‘u” solig‘i undirilgan. Targ‘u ishlab chiqariladigan mahsulot yoki molning o‘ttizdan bir qismi hajmida undirilgan. Bulardan tashqari, aholiga tuz solig‘i, jun va kumush solig‘i solingan. Soliqlar mahalliy amaldorlar tomonidan barot (ijara) tartibida avvaldan bir yo‘la to‘lab yuborilardi, so‘ngra ular aholidan yig‘ib olinardi. Aholidan yig‘ib olish paytlarida soliqlar, shubhasiz, rasmiylashtirilgan miqdordan oshirib undirilardi.

Zo‘rlik, jabr-zulmning nihoyatda kuchayishi, xilma-xil majburiy to‘lov va yig‘imlarning haddan tashqari ko‘pligi mo‘g‘ullarga nisbatan norozilikni oshirgan. Oqibatda bu holatlar istilochilar istibdodiga qarshi xalqning bosh ko‘tarishiga olib keladi. Shunday qo‘zg‘olonlardan biri Buxoro vohasidagi Torob qishlog‘ida ko‘tarilgan xalq harakati bo‘ldi.

  • Chig‘atoy ulusi — hokimiyat taqsimlanganda uning Chingizxon o‘g‘li Chig‘atoyga tekkan qismi. Keyinchalik u Chig‘atoy davlatiga aylangan
  • Qopchur — chorva mollari boshi sonining 2,5% miqdorida olingan soliq
  • Kalon — hosilning 1/10 qismi hajmida olingan soliq


    Mahmud Torobiy qo‘zg‘oloni

    1238-yilda Buxoroning Torob qishlog‘ida bosqinchilar va mahalliy mulkdorlar zulmiga qarshi qo‘zg‘olon boshlanadi. Qo‘zg‘olonga toroblik g‘alvir yasovchi hunarmand Mahmud boshchilik qiladi. Tarixda u Mahmud Torobiy nomi bilan shuhrat topadi.

    Torobiyning yaqin safdoshlaridan Shamsiddin Mahbubiy va Buxoro aholisi qo‘zg‘olonchilarga qo‘shilib qo‘liga qurol oladi. O‘zlarining qadrdon shahar va qishloqlarini mo‘g‘ullardan va ularning hamtovoq xizmatchilari – mahalliy ma’murlardan ozod qilishga otlangan kishilardan kattagina lashkar to‘planadi. Mahmud Torobiy o‘z tarafdorlari bilan Buxoroga kirib olgach, shahar ichidagi Robiya saroyini qarorgoh qilib oladi. Bu yerga Buxoroning sadrlari, badavlat a’yonlari, yirik yer egalarini chaqirtiradi. U o‘zini Buxoro va atrof viloyatlarining xalifasi, ya’ni hukmdori deb rasmiy ravishda e’lon qilishga ularni majbur etadi. Shundan so‘ng Shamsiddin Mahbubiy sadr deb e’lon qilinadi. Mahmud Torobiy Buxoroda o‘z hukmronligini o‘rnatgach, mo‘g‘ul tarafdorlari bo‘lgan mahalliy amaldorlar Buxorodan qochib ketadi.

    Qochqin amaldorlar va mo‘g‘ullar noib Mahmud Yalavoch yordamida Karmana yaqinida kuch to‘plab, Buxoro ustiga yurish qiladi. O‘rtada jang boshlanadi. Mo‘g‘ullar yengilib, Karmana tomon qocha boshlaydi.
    Jangda qo‘zg‘olon boshliqlari Mahmud Torobiy va Shamsiddin Mahbubiylar ham halok bo‘ladi. Qo‘zg‘olonchilar ularning o‘rniga Torobiyning ukalari Muhammad va Alini boshliq qilib saylaydi. Oradan bir hafta o‘tmay ularga qarshi mo‘g‘ullarning yangi qo‘shini hujum qiladi. Jangda qo‘zg‘olonchilar tor-mor qilinib, Torobiyning har ikki ukasi ham halok bo‘ladi. Mo‘g‘ullar Buxoroni yana bosib olib, u yerda ilgarigi tartiblarni qayta o‘rnatadi.

    Chig‘atoy soliqlarni tartibga solish maqsadida 1238-yilda Mahmud Yalavochni noiblikdan chetlatishga majbur bo‘ladi. Uning o‘g‘li Ma’sudbek noib etib tayinlanadi. Ulug‘ xoqon O‘qtoy Mahmud Yalavochni Pekin shahriga hokim etib tayinlaydi.