Tayanch tushunchalar: Sharq va G‘arb mamlakatlari bilan munosabatlar, diplomatik aloqalar, elchilar tashrifi, Buyuk ipak yo‘li
Tashqi siyosat
Amir Temur davlati bilan Vizantiya, Turkiya, Hindiston, Ispaniya, Fransiya, Angliya, Oltin O‘rda, Mo‘g‘uliston va Xitoy kabi davlatlar iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar o‘rnatadi. Amir Temur davlatining tashqi siyosati o‘z oldiga mamlakat xavfsizligini ta’minlash; qo‘shni mamlakatlarda ta’sirini mustahkamlash; Turkiya, Hindiston, Xitoy, Venetsiya, Ispaniya, Fransiya va Angliya bilan iqtisodiy, elchilik, madaniy aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish kabi vazifalarni qo‘ygan.
XIV asr oxirlarida vujudga kelgan muayyan xalqaro vaziyat tufayli Amir Temur davlati, Turkiya, Misr va Oltin O‘rda eng qudratli davlatlar sifatida siyosiy maydonga chiqdi. Bu davrda Amir Temurga Mo‘g‘uliston, Oltin O‘rda va Misr bilan ittifoqdagi Usmoniylar Turkiyasi qarama-qarshi turar edi.
Mo‘g‘uliston bilan munosabatlar
Movarounnahr mo‘g‘ullar istibdodidan xalos etilib, mamlakatda Amir Temur hokimiyati o‘rnatildi. Biroq davlat sarhadlari notinch edi. Mo‘g‘ulistonda ulus beklarining isyonlari va Toshkent viloyati bilan Farg‘ona vodiysiga talonchilik xurujlari ro‘y berib turardi Shimol tarafda Oq O‘rdada Jo‘ji ulusining toj-taxti uchun kurash kuchayadi. Xorazm hukmdorlari bilan qo‘shilib, Buxoro, Chorjo‘y va Qarshi ustiga qilgan talonchilik yurishlari davom etadi.
Bularni bartaraf qilmay turib Amir Temur davlat xavfsizligini ta’minlay olmas edi. Manbalarning guvohlik berishicha, Amir Temur bu masalani muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga urindi. Lekin foydasi bo‘lmadi. Natijada qurol vositasi bilan hal qilishga majbur bo‘ldi. Amir Temur 1371–1390-yillarda olib borgan yetti harbiy yurishdan keyin Mo‘g‘ulistonda tinchlik o‘rnatish va uni davlat tasarrufiga kiritib olishga muvaffaq bo‘ldi.
Misr bilan aloqalar
Amir Temur bilan Misr sultoni Barquq o‘rtasidagi rasmiy aloqalar 1385-yildan boshlangan edi. 1386–1405-yillar mobaynida Amir Temur va Misr sultonlari, shuningdek, ularning Suriyadagi noiblari o‘rtasida taxminan 25 marta maktub va elchilar almashinuvi bo‘ldi. Amir Temur elchilari Barquq bilan do‘stona munosabat o‘rnatish, savdogarlar va tijorat ahli xavfsizligini ta’minlash, davlatlar o‘rtasida ixtilof va adovat harakatlari olib bormaslik haqida taklif bildiradi. Biroq Sulton Barquq Amir Temur jo‘natgan elchilarni qatl etib, takliflarni rad etadi. Keyinchalik Amir Temur Sulton Boyazid ustidan g‘alaba qozongach, Misr o‘z itoatkorligini izhor etadi.
Oltin O‘rda bilan munosabatlar
Amir Temur yordamida To‘xtamish Oltin O‘rda taxtiga kelgan bo‘lsa-da, uning Movarounnahrga talonchilik yurishlari avj oldi. Bundan tashqari, To‘xtamishxon Misr, Iroq va Turkiya bilan harbiy ittifoq tuzib, Amir Temurga zarba bermoqchi bo‘ldi. 1384-yilda To‘xtamishxonning elchisi Misr sultoni Barquq bilan uchrashuvda Amir Temurni yo‘q qilish taklifini kiritadi. Taklifga shu yili Misrga kelgan Turkiya va Sivas elchilari Amir Temurga qarshi bo‘lgan harbiy ittifoqqa davlatlari qo‘shilishini aytadi. Turkiya, Misr va Oltin O‘rdaning o‘zaro yaqinlashuvi Amir Temur davlatiga jiddiy xavf tug‘dirardi. Shuning uchun Amir Temur bu harbiy ittifoq harakatga kelishiga yo‘l qo‘ymadi. Amir Temur ittifoqchilarni bittadan safdan chiqarish siyosatini tutdi. 1395-yilda To‘xtamishxonga, 1402-yilda Yildirim Boyazidga qaqshatqich zarbalar beradi.
Xitoy va Hindiston bilan munosabatlar
Sharqning eng katta davlatlaridan biri bo‘lgan Xitoy bilan munosabatlar Amir Temur davrida bir qadar jiddiylashib qolgan edi. Bunga Xitoy hukmdorlarining ulug‘ davlatchilik siyosati sabab bo‘lgandi. Min imperatorlari qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarni Xitoyga qaram mamlakatlar deb hisoblar edi. Amir Temur elchilari va savdogarlari olib borgan sovg‘a-salomlarni esa o‘lpon deb atar edi. Temur ham Xitoy elchilari bilan shunga yarasha munosabatda bo‘ldi. Klavixonining ma’lumotiga qaraganda, 1404-yilda Samarqandga kelgan Xitoy imperatorining elchilari boshqa mamlakatlar vakillaridan yuqoriga o‘tkazib qo‘yilgan ekan. Amir Temur buyrug‘iga ko‘ra ular ham boshqa mamlakat elchilari qatoridan o‘ziga yarasha joyga o‘tkaziladi.
Xalqaro siyosiy vaziyat
Sohibqiron Amir Temur jahon siyosiy hayotiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ma’lumki, bu davrda, bir tomondan, Sulton Boyazidning Bolqon yarimoroli davlatlariga nisbatan tazyiqi kuchayib, butun Yevropaga xavf solayotgan edi. Ikkinchi tomondan, Boyazidning o‘zi G‘arbga tomon shiddat bilan siljib borayotgan xavfli raqib – Amir Temurning kuchli tazyiqiga duchor bo‘lgan edi. Bunday siyosiy vaziyatda Boyazidga qarshi kuchlarning ma’lum darajada birashuvi tabiiy edi.
Avvalambor Boyaziddan yengilgan va yer-mulklaridan mahrum bo‘lgan Kichik Osiyo mamlakatlarining hukmdorlari Amir Temurdan yordam so‘raydi. Madad istab Qorabog‘dagi o‘rdagohiga borib qaror topadi. Hatto Vizantiya va G‘alatadagi Genuya hokimining noibi, Fransiya qiroli hamda Sutoniya shahrining katolik missionerlari yordam so‘rab Amir Temurga murojaat qiladi. Buning evaziga ular harbiy yurish vaqtida yordam berish hamda Konstantinopol va Peraning Boyazidga to‘lab kelgan bojini bundan buyon Amir Temurga to‘lashni va’da qiladi. Bunday taklif Amir Temurga ma’qul tushadi. Chunki Turkiyani dengiz sohilidagi tayanchidan ajratish uchun dengizdan madad zarur edi. Shunday qilib, XIV asr oxiri va XV asr boshlarida sulton Boyazidga zarba berish uchun qulay siyosiy vaziyat vujudga keladi.
Bu vaziyatdan Amir Temur ustalik bilan foydalanadi.
Elchilik aloqalari
Anqara yaqinida turklarning 160 ming kishilik qo‘shini ustidan qozonilgan buyuk g‘alabadan so‘ng Amir Temurning G‘arbiy Yevropa davlatlari bilan bo‘lgan aloqalarining mazmuni tubdan o‘zgaradi. Endilikda Amir Temur ular bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va o‘zaro savdo-sotiq aloqalarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalarga ahamiyat beradi.
Amir Temur 1402-yil yozida Fransiya va Angliyaga maxsus elchilar orqali Karl VI va Genrix IV nomlariga maktub yo‘llaydi. Elchilar Parijga 1403-yil may oyida yetib boradi. Elchilar ikki mamlakat savdogarlari uchun erkin savdo munosabatlari olib borishni ta’minlash va agar bunga rozilik bildirilsa, tegishli bitim yoki shartnoma bilan mustahkamlashni taklif qiladi.
Fransiya qiroli Karl VI 1403-yil 15-iyunda Amir Temurga yo‘llagan maktubidan ma’lum bo‘lishicha, Amir Temur taklifi mamnuniyat bilan qabul qilingan.
Xuddi shu davrda Amir Temurning Angliya qiroli Genrix IV bilan olib borgan diplomatik munosabatlarida g‘arbiy viloyatlar hokimi Mironshoh faol qatnashdi. G‘arbiy Eron, Iroq, Ozarbayjon, Armanistonni o‘z ichiga olgan mulklar hokimi Mironshoh Amir Temurning keksayib qolgan davrida G‘arbiy Yevropa hukmdorlarining diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etadi. Mironshoh Yevropa davlatlari bilan o‘zaro savdo aloqalarini jonlantirish maqsadida nasroniy ruhoniylariga xayrixohlik bildiradi. Savdogarlarning daxlsizligini ta’minlash borasida chora-tadbirlar amalga oshiradi. Shu sababli G‘arbda Mironshoh tez orada “Katolik oqimining homiysi” sifatida shuhrat qozondi.
Kastiliya (Ispaniya) qiroli Genrix III Sharq bilan juda qiziqib qolgan edi. 1402-yilning bahorida dastlab Ispaniya elchilari Amir Temurning Kichik Osiyodagi qarorgohiga yuboriladi. Elchilarga Amir Temur va Boyazidning kuch-qudrati, boyligi va qo‘shinining sonini bilish hamda qo‘l ostida yashayotgan xalqlarning urf-odatlari, dini va qonunlari haqida aniq ma’lumotlar to‘plash topshiriladi. Sharq va G‘arb davlatlarining elchilari qatorida Ispaniya elchilari ham Amir Temur tomonidan qabul qilinib, qirol nomiga yozilgan maxsus maktub va in’omlar bilan kuzatiladi. Ularga qo‘shib Amir Temur Muhammadqozi ismli vakilini Ispaniyaga elchi qilib yuboradi. Genrix III 1403-yilda Amir Temur huzuriga elchi yuboradi. Bu Genrix III tomonidan Amir Temur huzuriga yuborilgan ikkinchi maxsus elchilar edi. Unga Klavixo boshliq etib tayinlanadi. Ispaniya elchilari Samarqandda Amir Temur tomonidan tantanavor qabul qilinib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi.
Klavixo boshliq Ispaniya elchilari 1404-yilning sentabr-noyabr oylarida Samarqandda bo‘ladi. Amir Temurning Xitoyga yurishi munosabati bilan Ispaniya elchilari ham 1404-yilning 21-noyabrida Samarqanddan jo‘natib yuboriladi. Klavixo Ispaniyaga 1406-yilning mart oyida yetib boradi. Klavixoning safar taassurotlari “Buyuk Temur tarixi”, “Temur qarorgohi” va “Samarqandga sayohat kundaligi” nomi ostida ispan tilida bir necha bor nashr qilinadi.
Tashqi savdo
Amir Temur davlat poytaxti – Samarqand shahri atrofida qad ko‘targan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr (Qohira), Bag‘dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Chunki Samarqand kattaligi, go‘zalligi hamda tevarak-atrofining obod etilgani jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustun turmog‘i lozim edi.
Tashqi savdoda ham Samarqand katta o‘rin tutgan. Samarqandga turli mamlakatlardan, xususan, Xurosondan ma’danlar, Hind va Sinddan yoqut, olmos, Xitoydan atlas, choy, mushk va boshqa mollar, o‘zga mamlakatlardan oltin va kumush olib kelinardi. Klavixo Xitoy poytaxti Xonbaliqdan 800 tuyalik savdo karvoni kelganini o‘z kundaligida qayd etgan. Bu davrda Amir Temur va uning mahalliy noiblari Xitoy va Hindistondan O‘rta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga boradigan xalqaro savdo yo‘li Buyuk Ipak yo‘lida savdo karvonlari qatnovi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar ko‘rgan. Sharq bilan G‘arb o‘rtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalari kengayadi. Bu esa Amir Temur davlatining tashqi iqtisodiy va elchilik aloqalarining barqarorligiga olib keladi.