Amir Temur saltanatida davlat boshqaruvi va harbiy tizim


Tayanch tushunchalar: saltanat boshqaruvi, qo‘shin tuzilmasi, harbiy yurishlar, suyurg‘ol yerlar, “Temur tuzuklari”


Saltanat boshqaruvi

Sohibqiron Amir Temur zamonasining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib davlat boshqaruvini takomillashtirdi, yangicha ruh va mazmun bilan boyitdi.
Davlatning tarkibiy tuzilishi harbiy-siyosiy tartiblarga asoslangan bo‘lsa-da, jamiyat rivoji uchun barcha tabaqalarning manfaatlarini ta’minlash nazarda tutilgan edi.

Amir Temur saltanatida davlat boshqaruvi ikki idoradan: dargoh va vazirlik (devon)dan iborat bo‘lgan. Dargohni Oliy hukmdorning o‘zi boshqargan. Ijroiya hokimiyat – devonni devonbegi (bosh vazir) boshqargan. Devonda harbiy vazir, mulkchilik va soliq ishlari vaziri, moliya vaziri faoliyat yuritgan.
Bulardan tashqari, sarhadlar va tobe mamlakatlarning boshqaruvi bilan shug‘ullanuvchi uch vazir bo‘lgan. Ular devonbegiga hisobot berib turgan.

Tashqi va ichki favqulodda holatlardan voqif etib turuvchi ming nafar piyoda va ming nafar ot mingan choparlari bo‘lgan. Butun saltanat bo‘ylab bir kunlik yo‘l oralig‘ida yomxonalar tashkil etilgan. Har bir yomda 50–200 boshdan ot-ulov tutilgan.

Sohibqiron mamlakatni boshqarishda o‘z yaqinlariga suyangan. Davlat boshqaruvi ishlarida isom qonun-qoidalariga asoslangan. Uning Qur’oni karim va Hadisi shariflarga munosabati samimiy va oliy darajada bo‘lgan.
Payg‘ambar avlodlari, shayxul-mashoyixlarga hurmati cheksiz edi. Davlatni kuchaytirishda ham aynan shunday kishilarga tayanib ish yuritgan.


Suyurg‘ol yerlar

Amir Temur ulkan saltanat tasarrufidagi o‘lkalarni asosan to‘rt qism (ulus)ga bo‘lib, o‘g‘illari, nabiralari va xizmat ko‘rsatgan amirlariga suyurg‘ol tarzida in’om qiladi. Movarounnahrdan tashqari o‘z tasarrufidagi barcha viloyat va mamlakatlarni Amir Temur o‘limidan biroz avval o‘g‘il va nabiralari orasida taqsimlaydi: Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohruxga, G‘arbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, ya’ni Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afg‘oniston va Shimoliy Hindiston (markazi G‘azna, keyinchalik Balx) Pirmuhammadga suyurg‘ol qilib berilgan.

Uluslar markaziy hukumatga itoat etsa-da, ammo ma’lum darajada mustaqillikka ega edi. Ulus hukmdorlarining alohida davlat devonxonasi va qo‘shini mavjud edi. Ularning markaziy hukumatga tobeligi xirojning bir qismini Samarqandga yuborib turish va oliy hukmdor harbiy yurishlarida o‘z qo‘shini bilan qatnashish yoki talab qilingan askarni yuborib turishdan iborat edi.


Qo‘shin tuzilishi

Amir Temur davlat mustaqilligi va muhofazasi yo‘lida ichki va tashqi siyosatda asosan qo‘shinga suyanar edi. Shuning uchun ham Temur qo‘shin boshliqlarini tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda ichki intizom masalalariga nihoyatda katta ahamiyat berardi. Sohibqiron intizomli qo‘shin tuzishga, jang paytida qo‘shin qismlarini oqilona boshqarishga, jang taqdirini hal qiladigan joylarga harbiy kuchlarni tezkorlik bilan yo‘llashga, mavjud to‘siq va g‘ovlarni tadbirkorlik bilan bartaraf etishga, qo‘shindagi jangovar ruhni yuksak darajada ushlab turishga erishgan.

Amir Temur qo‘shiniga chorvadorlar qatori o‘troq aholidan ham askarlar to‘plangan. Askariy qismlarni viloyatlardan to‘plash bilan tavochi mansabidagi amaldorlar shug‘ullanar edi. Qo‘shinda harbiy kuchlarning asosini tashkil qilgan otliq askarlar bilan bir qatorda piyodalar ham xizmat qilgan.

Amir Temur qo‘shini son jihatdan aniq tashkil etilgan, jangovar tartibi takomilashtirib borilgan, zamonasining ilg‘or qurol va texnikasi bilan ta’minlangan, qismlar bir-biridan kiyim-bosh, bayroq va tug‘lari bilan farqlangan. Bunday farqlanish jangda qo‘shinni boshqarishda qo‘l kelgan. Amir Temur qo‘shini o‘ntalik askariy birikmalar asosida tuzilgan harbiy qismlardan iborat edi. Lashkar tuman – o‘n minglik, hazora – minglik, qo‘shun – yuzlik va ayl – o‘nlik birikmalariga bo‘lingan. Amir Temur o‘n minglik askarni boshqarish uchun tuman og‘asi, minglik bo‘linmalar uchun mirihazora, yuzliklar uchun qo‘shunboshi va o‘nliklar uchun esa aylboshi kabi harbiy mansablarni ta’sis etadi.

Sohibqiron Sharqda birinchilardan bo‘lib qo‘shinga o‘tsochar qurol – to‘pni olib kirgan. Tog‘li hududlarda jang harakatlari olib boruvchi maxsus harbiy qism va bo‘linmalar tashkil qilingan. Ibn Arabshohning guvohlik berishicha, Sohibqiron qo‘shinida ayollardan iborat bo‘linmalar bo‘lib, ular erkaklar bilan bir safda turgan, qahramonlik va matonat namunalarini ko‘rsatgan.


Jangga kirish usuli

Harbiy yurish paytida oldinda xabarchilar, orqasidan yasovul bo‘linmasi, undan keyinroqda manglay – avangard qism borardi. Manglay bilan qo‘shinning orasida izofa qism borar edi. Izofada qo‘mondonning qarorgohi va uning yon-atrofida zaxira (rezerv) qismlar joylashgan.

Amir Temur qo‘shinining asosiy jangovar qismlari markaz, o‘ng – burong‘or va chap – juvong‘or qanotlaridan iborat bo‘lgan. Har bir qanotning oldida bittadan qo‘shimcha manglay avangardi, yon tomonida esa bittadan qo‘riqchi askariy qo‘shilmalar – qanbullar bo‘lar edi. Shu tariqa qo‘shin yetti qism – qo‘llardan iborat edi. Sharafiddin Ali Yazdiy qo‘shinni yetti qo‘lga – qismga bo‘lib joylashtirish tartibini birinchi bo‘lib Amir Temur joriy qilganini yozadi. Bu qo‘llar jangda mustaqil harakat qilib, faqat qo‘shin qo‘mondoniga bo‘ysungan. Amir Temur jang qilishning yangi harbiy uslublarini qo‘llagan. Xususan, jang vaqtida qo‘shin qanotlarini dushman hujumidan muhofaza qilish va g‘anim kuchlarini yon tomondan aylanib o‘tib, ortdan zarba berish maqsadida tuzilgan otliq qism – qanbulning joriy etilishi bo‘lgan.


Amir Temurning harbiy yurishlari

Amir Temurning har bir harbiy yurishida turtki bo‘larlik sabab bor edi.
Bu sabablar – davlat chegaralarini mustahkamlash, tashqi dushmanlardan himoyalanish, karvon yo‘llarini turli yo‘lto‘sarlardan tozalash, xiyonatkor, sotqin, aldamchilarni jazolash, bo‘ysunmaganlarni itoat ettirish, siyosiy ta’sirini kengaytirishdan iborat bo‘lganini tarixiy manbalardan bilib olish mumkin.

Amir Temur yordamida To‘xtamishxon Oltin O‘rda taxtini egallaydi. Keyinchalik To‘xtamish xiyonat yo‘liga kiradi. U Amir Temurga qarshi ochiqdan ochiq kurashga o‘tadi. Natijada Amir Temur To‘xtamishga qarshi uch marta qo‘shin tortishga majbur bo‘ladi.

So‘ng shiddatli jang 1395-yilning 15-aprelida Shimoliy Kavkazda Tarak (Terek) daryosi bo‘yida sodir bo‘ldi. Jangda Amir Temur qo‘shini dushmanga qarshi otdan tushib, kamondan o‘qqa tutish usulini qo‘lladi. O‘q va qilich zarbiga chiday olmagan To‘xtamish qo‘shinining safi buzilib, orqaga chekindi va qaytib ketdi. To‘xtamishxon sanoqligina askari bilan qochib changalzorga kirdi va ta’qib etib kelayotgan askarlardan bekindi.

Rossiya tarixchilari B.D.Grekov va A.Y.Yakubovskiylarning ta’kidlashicha, Amir Temurning To‘xtamish ustidan qozongan g‘alabasi faqat O‘rta Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek, Rus knyazliklarining birlashishlari uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan edi.

Amir Temur o‘z saltanatining janubiy chegaralarini mustahkamlash va kengaytirish maqsadida Eron, Ozarbayjon, Iroq, Shom, (Suriya) ustiga uch marta askar tortadi. Bu yurishlar tarixda uch yillik, besh yillik va yetti yillik urushlar deb nom olgan.

Amir Temur o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lib, moli omon to‘lagan shaharlarga tegmagan, u yerlarga qo‘shinini kiritmagan. 1398–1399-yillarda Hindistonga yurish qiladi va Dehlini egallaydi.

Keng ko‘lamli harbiy yurishlar natijasida Sohibqiron Amir Temur saltanatining chegarasi Usmonli turklar davlati hududlariga borib taqaldi. Amir Temur usmonli turklar sultoni Boyazid Yildirim bilan munosabatni yaxshilash tarafdori bo‘lgan.

Boyazid qoraqo‘yunlilar, muzaffariylar, jaloyiriylarning Amir Temurga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan. Buning natijasida ikki davlat o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lishi muqarrar bo‘lib qoldi. Amir Temur bilan Sulton Boyazid qo‘shinlari o‘rtasidagi hal qiluvchi jang 1402-yil 20-iyulda Anqara yaqinidagi Chubuq mavzeyida sodir bo‘ladi. Bu jang tarixda “Anqara jangi” deb ataladi.
Uzoq davom etgan shiddatli jangda Sohibqiron kuchlari turk qo‘shinini tor-mor etadi. Sulton Boyazid asirga olinadi. Boyazid ustidan qozonilgan buyuk g‘alaba bilan tabriklab Amir Temurni Fransiya, Angliya hamda Kastiliya va Leon qirollari muboraknoma yuboradi. Chunki Sohibqiron endigina uyg‘onayotgan Yevropaga ulkan xavf solib turgan Usmonli turklar davlatiga zarba berib, butun Yevropaning xaloskoriga aylangan edi.

Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgan Amir Temur 1404-yilning 27-noyabrida 200 ming qo‘shin bilan Samarqanddan Xitoyga qarshi yurishga chiqdi. Biroq Xitoy ustiga yurish Amir Temurning to‘satdan vafot etib qolishi (1405-yil 18-fevral) tufayli amalga oshmay qoldi.


“Temur tuzuklari”

Amir Temur hayot davridayoq harbiy san’ati va davlat boshqarish uslubiga bag‘ishlangan maxsus asar yaratilib, “Temur tuzuklari” nomi ostida shuhrat topadi. Asarda davlatni boshqarishda kimlarga tayanish, toj-u taxt egalari faoliyatining tartibi – tutumi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarini tayinlash tartiblari belgilab berilgan. Amir Temurning “…davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, “Kuch – adolatdadur” degan so‘zlari mamlakatni aql-zakovat va adolat bilan boshqarganidan dalolat beradi. Shunday qilib, Sohibqiron Amir Temur davlatni boshqarish va harbiy sohada o‘ziga xos usul yaratib, shu asosda barpo qilgan davlati bilan dunyoni lol qoldirdi.