Amir Temur – markazlashgan davlat asoschisi


Tayanch tushunchalar: Amir Temur hukmronligining boshlanishi, oliy hokimiyat ramzi, markazlashgan davlat, Movarounnahr va Xurosonning birlashtirilishi


Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi

XIV asrning 60-yillarida Movarounnahrda hukm surgan og‘ir siyosiy va iqtisodiy vaziyat mamlakatni birlashtirib, kuchli bir davlat tashkil etishni talab qilmoqda edi. Amir Temur zamonasining bunday talabini boshqa amirlarga nisbatan yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham u markazlashgan davlat tuzishga kirishdi. Bunday maqsadni amalga oshirishda Temur oqsoqollar, harbiylar, savdogarlar va shahar hunarmandlari tabaqalariga suyangan. Amir Temur bu ulkan maqsadini ro‘yobga chiqarish ishini avvalo ichki g‘animlariga qarshi kurashdan boshlaydi.

1370-yilning bahorida Amir Temur butun qo‘shinlari bilan kuchli raqib – Balx hukmdori Amir Husaynga qarshi yo‘lga chiqadi. Qo‘shin Termiz yaqinidagi Biyo qishlog‘iga yetganida Temurning huzuriga taniqli ulamolardan Sayyid Baraka tashrif buyuradi. Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, Oliy hokimiyat ramzi nog‘ora bilan bayroq tortiq qilib, buyuk kelajagidan bashorat qiladi. Bu voqea, shubhasiz, siyosiy ahamiyatga ega edi. Chunki nog‘ora bilan bayroq musulmonlarning odatiga binoan toj-taxt ramzi bo‘lgan. Uni oliy martabali ruhoniy qo‘lidan olish tez orada toj-taxt va saltanat egasi bo‘lishiga ishora edi.

Amir Temur qo‘shini to Balxga yetib borgunicha yo‘l-yo‘lakay yangi kuchlar kelib qo‘shiladi. Bu paytga kelib Amir Husaynning ko‘p amirlari uni tark etadi.
Jangda Amir Husayn qo‘shini yengiladi. Ikki kunlik qamaldan so‘ng 1370-yilning 10-aprelida Balx shahri Amir Temurga taslim bo‘ladi. Amir Husayn qatl etiladi.

Ertasi kuni bo‘lib o‘tgan qurultoyda Amir Temurning hukmdorligi rasman tan olinib, Mvarounnahrning amiri deb e’lon qilinadi.


Markazlashgan davlatning tashkil etilishi

Davlatni siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustahkamlab, ko‘pdan beri davom etib kelayotgan ichki tarqoqlikka barham berish, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish maqsadida Amir Temur 1370-yil iyul oyida Samarqandda katta qurultoy chaqirdi. Qurultoyda markaziy davlat tizimini shakllantirish va qo‘shin tuzish masalalari muhokama etiladi. Samarqand davlat poytaxti deb e’lon qilinadi. Shaharda mustahkam devorlar, qal’alar hamda saroylar barpo etishga kirishiladi. Bu imoratlar Samarqand mo‘g‘ullar tomonidan vayron etilganidan so‘ng 150 yil o‘tgach, birinchi marta bunyod etilgan umummamlakat miqyosidagi inshootlar edi.

Amir Temur mamlakatda qonun va tartib ishlarini joriy etadi. Maxsus qo‘shin tuzib, ularga katta imtiyoz beradi. U yirik harbiy bo‘linmalar boshliqlarini va sipohsolorlarni tayinlaydi.

Amir Temur taxtga o‘tirgach, o‘zini Chig‘atoy ulusining barcha yerlariga voris deb bildi. Sohibqiron Sirdaryoning quyi havzasidagi yerlarni, Toshkent viloyatini, Farg‘ona vodiysi va Xorazmni hukmronligi ostiga oldi. Amir Temur 1372-yildan boshlab Xorazmga besh marta harbiy yurish qildi va Xorazm 1388-yilda uzil-kesil bo‘ysundirildi.

1381-yilda Hirot, Seyiston, Mozandaron egallandi. Shundan so‘ng Saraxs, Jom, Qavsiya, Sabzavor shaharlari Amir Temurga jangsiz bo‘ysundi va davlat tasarrufiga o‘tdi. Shu tariqa Amir Temur Movarounnahr, Xuroson va Xorazmni birlashtirib, yirik markazlashgan davlat tuzdi. Bu ulkan hududda yashovchi xalqlarning birlashuvi ular taqdirida ijobiy ahamiyatga ega bo‘ldi.