Tayanch tushunchalar: mumtoz adabiyot namoyandalari, tarixshunoslar.
Mumtoz adabiyot namoyandalari
O‘rta Osiyo xalqlari adabiyoti badiiy uslub jihatidan takomillashdi, yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Nasrda ham, nazmda ham ko‘plab nodir badiiy va lirik asarlar yaratildi. O‘rta Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek hamda tojik adabiyoti o‘rtasida o‘zaro aloqa va hamkorlik kengaydi va mustahkamlandi. Tarjima adabiyot vujudga keldi. Badiiy adabiyotning ravnaqi bilan uzviy bog‘langan holda adabiyotshunoslik ham taraqqiy etdi, nodir asarlar yaratildi.
Durbek tomonidan qayta ishlangan “Yusuf va Zulayho” dostoni, toshkentlik shoir Atoyining devoni shu davr badiiy adabiyotining durdonalaridir.
Bu davrda o‘zbek shoirlari ichida Lutfiy (1366–1465) alohida o‘rin tutadi.
Navoiyga qadar o‘zbek sheriyatida Lutfiy darajasiga yetadigan shoir bo‘lmagan. U birgina turkiy tilda asarlar yaratib qolmadi, balki fors tilida ham qasidalar yozdi. Lutfiy ijodida haqiqat va adolatni sevish, shafqat va muruvvatli bo‘lishni targ‘ib qilish, ilm va san’atni sevish kabi fikrlar katta o‘rin olgan.
XV asr badiiy adabiyoti ravnaqida buyuk davlat arbobi, ulug‘ shoir, olim, mutafakkir Alisher Navoiy (1441–1501) va buyuk fors-tojik shoiri Abdurahmon Jomiy (1414–1492) hissalari g‘oyat buyukdir. Navoiy butun faoliyati va ijodiyotini insonning baxt-saodati uchun kurashga, xalqning osoyishtaligiga,, o‘zaro urushlarning oldini olishga, obodonchilik ishlariga, ilm-fan, san’at va adabiyot taraqqiyotiga bag‘ishladi. U o‘zbek adabiy tili va mumtoz adabiyotini yangi pog‘onaga ko‘tardi. Navoiy o‘ttizdan ortiq yirik badiiy asar yozdi. “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Mahbub u-qulub”, “Lison ut-tayr” shular jumlasidandir.
O‘zbek xalqining ulug‘ shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy o‘zining bebaho asarlarida ko‘targan o‘ta insonparvar g‘oyalari bilan jahon adabiyotining buyuk namoyandalari qatoridan munosib o‘rin egalladi. Abdurahmon Jomiy Alisher Navoiyning zamondoshi, ustozi va do‘sti edi. Ular o‘rtasidagi yaqin aloqalar o‘zbek va qardosh xalqlar do‘stligi va hamkorligining yorqin timsolidir.
Alisher Navoiy
Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir.
Islom Karimov. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”.
Tarixchilar
Tarix ilmining yirik namoyandalaridan biri Mirxond (1438–1498) bo‘lib, haqiqiy ismi Muhammad Xovandshoh ibn Mahmuddir. U Balxda tug‘ilgan bo‘lsa-da, umrining deyarli ko‘p qismini Hirotda o‘tkazadi.
Mirxondning ota-bobolari asli buxorolik bo‘lib, fiqh ilmida zamonasining yetuk olimlari sifatida shuhrat topgan. Mirxond haqida ma’lumotlar juda kam. U haqidagi ayrim ma’lumotlar nabirasi Xondamir tomonidan yozib qoldirilgan: “Padarpanoh janob amir Xovand Muhammad yigitlik chog‘larida turli ilmlarni tahsil etish va nafis fazilatlarni kamoliga yetkazish yo‘lida tirishqoqlik va zo‘r mehnat qildi… qisqa vaqt ichida bilimdonlikda zamon fozillarining peshqadami bo‘lib oldi. U (ko‘proq) tarix ilmini kasb qildi va jahon ahvolini hamda osori atiqalarini tahqiq qilishga kirishdi. Oliyjanob xotirani tez fursat ichida bu fanni egallashdan forig‘ qildi, ammo fe’l-u atvori maishat ahli bilan qo‘shilishga yo‘l bermadi, zavq-u shavqqa berilmadi… Dars berish va amru ma’rifatga ishtiyoq uning ravshan xotirida aslo ko‘rinmadi. Ammo (bu hol) … orzu va omonlikning qiblagohi, ya’ni oliyjanob Sulton (Husayn) hazratlari yaqin do‘sti (Amir Alisher Navoiy)ning huzurlariga borganicha va uning har turli navozish, iltifot hamda muruvvatlarini topgunlaricha davom etdi”.
Mirxond Alisher Navoiyning ko‘rsatmasi va homiyligi bilan “Ravzat us-safo” (“Jannat bog‘i”) asarini yozadi. Xondamirning ta’kidlashicha, ushbu asar Mirxond tomonidan tugatilmagan. Asarni Xondamir yakunlagan. “Ravzat us-safo” asarida dunyoning yaratilishidan to 1523-yilgacha bo‘lgan O‘rta Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. Mirxondning bu asari Sharq mamlakatlarida katta shuhrat qozonadi. Dunyo kutubxonalarida “Ravzat us-safo” asarining ko‘pgina qo‘lyozma nusxalari mavjud. Yevropada Mirxondning asari ancha vaqtgacha Sharq tarixi bo‘yicha muhim manba bo‘ib xizmat qilgan.
Mirxondning nabirasi Xondamir (1475–1535) ham o‘z davrining mashhur tarixchisidir. U hazrat Alisher Navoiyning shogirdi edi. Xondamir 15-16 yoshlarida Alisher Navoiyning diqqat-e’tiboriga tushadi va vafotiga qadar uning yonida bo‘ladi, kutubxonasiga boshchilik qiladi. Xondamir o‘zining keng ma’lumoti, ilm-fanga intilishi bilan ulug‘ olim va mutafakkir shoirning hurmat-e’tiborini qozonadi. Navoiy Xondamir haqida “Majolis un-nafois” asarida quyidagilarni yozib qoldirgan: “Mavlono Xondamir Mirxondning farzandidir va salohiyatli yigitdir. Tarix ilmida mahorati bordir”.
Xondamir sermahsul olim edi. U tarixga oid o‘nga yaqin asarlar yozib qoldirgan. Xondamir o‘zining o‘lmas tarixiy asarlari bilan ko‘p asrlik madaniyatimiz xazinasini boyitdi va ilm-fan tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Xondamir asarlarida xalqimiz o‘tmishi va tarixdagi voqea-hodisalarni go‘zal qilib tasvirlagan. Ayniqsa uning “Habib us-siyar” asari O‘rta Osiyo va Xurosonning XV asr oxiri va XVI asrning birinchi choragidagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o‘rganishda muhim va qimmatli manbalardan biri hisoblanadi.