Abbosiylar davrida Movarounnahr va Xuroson


Tayanch tushunchalar: zulmning kuchayishi, Abu Muslim targ‘iboti, Abu Muslim qo‘zg‘oloni, abbosiylar.


Xalq noroziligining kuchayishi

VIII asrning 40-yillarida xalifalikda toj-u taxt uchun kurash kuchayadi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning amakisi Abbosning evarasi Muhammad ibn Ali xalifalik taxti uchun kurash boshlaydi. Umaviylar Muhammad (s.a.v.) avlodini qirib tashlashda ayblangan edi. Shu tariqa xalifalikda umaviylar hukmronligini ag‘darib tashlash uchun keskin harakat boshlanib ketdi.

Umaviylarga qarshi umumiy norozilik, ayniqsa, xalifa Marvon II (744–750) hukmronlik davrida nihoyatda kuchaydi. Bunga xiroj solig‘i miqdorining oshirib yuborilgani hamda aholining muttasil hasharlarga majburan jalb etilishi sabab bo‘ladi. Umaviylarga qarshi kurashga da’vat qilish uchun Abbosiylar turli viloyatlarga targ‘ibotchilar yuboradi. Shunday targ‘ibotchilardan biri kufalik Abu Muslim edi. U Xurosonga kelib, aholini payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) avlodlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.

Dastlab arab zodagonlari, so‘ngra mahalliy dehqonlar Abu Muslimni qo‘llab-quvvatlaydi. Umaviylarga qarshi tashviqotning sadosi tez orada Xuroson, Movarounnahr va Toxariston viloyatlariga keng tarqaladi. Mamlakat aholisi xalifalikka qarshi qo‘zg‘aladi. Qo‘zg‘olonchilarning deyarli barchasi qora libos kiyib olgan edi. Avvalo, qora kiyim motam ramzi hisoblangan. Qolaversa, zabardast kuch bayrog‘i hamda shiddatli janglarda qo‘zg‘olonchilarni umaviy harbiylaridan ajratib turadigan belgini ham anglatgan.


Umaviylarning ag‘darilishi

747-yilda Abu Muslim aholini umaviylarga qarshi kurashga da’vat etadi. Tez orada Abu Muslim Xurosonning poytaxti Marv shahrini egallaydi. Xalifa Marvon o‘z ixtiyoridagi barcha harbiy kuchlarni qo‘zg‘olonchilarga qarshi safarbar qiladi. Biroq umaviylar hokimiyatni saqlab qola olmaydi.

749-yilda Abu Muslim boshliq qo‘zg‘olonchilar xalifalikning markaziy viloyatlari tomon yo‘l oladi. Xalifalikning poytaxti Damashq shahri qo‘lga kiritilib, xalifa Marvon II taxtdan ag‘darildi. Uning o‘rniga abbosiylar xonadonidan bo‘lgan Abul Abbos Saffoh (750–754) xalifalik taxtiga ko‘tariladi. Joylarda umaviylar xonadonining vakillari va yaqinlari qirib tashlanadi. Shu tariqa Arab xalifaligida davlat hokimiyati abbosiylar qo‘liga o‘tadi.


Abbosiylar davrida Movarounnahr

Abbosiylarning xalifalik taxtiga chiqishi mehnatkash aholiga hech qanday yengillik keltirmagan. Abu Muslim vositasida abbosiylar bergan va’dalardan birortasi ham amalga oshmagan. Abu Muslim Bag‘dodda davlat va harbiy kuchlarning yuqori lavozimiga tayinlanadi. Biroq abbosiylar uning xalq orasida obro‘si oshib borayotganiga xayrixoh emas edi. Oqibatda Abu Muslim poytaxtdan uzoqlashtirilib, Xuroson va Movarounnahrga noib qilib yuboriladi.

Abu Muslim boshchiligidagi qo‘zg‘olon 747–749-yillarda Xuroson va Movarounnahrda bo‘lib o‘tdi. Qo‘zg‘olon natijasida xalifalikda umaviylar taxtdan ag‘darilib, abbosiylar sulolasi hokimiyat tepasiga keldi.

Mehnatkash aholi o‘rtasida abbosiylarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarish kayfiyati paydo bo‘ladi. Bunday qo‘zg‘olonlardan biri 750-yilda Buxoroda sodir bo‘ladi. Abu Muslim mahalliy kuchlar yordami bilan qo‘zg‘olonni zo‘rg‘a bostirdi.

Movarounnahrdagi ichki ziddiyatdan foydalanib, Xitoy imperatorining qo‘shinlari Turkistonga bostirib kiradi.

Abu Muslim tomonidan yuborilgan harbiy kuch 751-yilda Talos vodiysida Xitoy qo‘shinlarini mag‘lub etib, mamlakat hududidan quvib chiqaradi. Abu Muslim sidqidildan xizmat qilgan bo‘lsa-da, ammo abbosiy hukmdorlar unga ishonmas edi. 755-yilda qurolsiz va yolg‘iz saroyga tashrif buyurgan Abu Muslim xalifa buyrug‘iga binoan o‘ldiriladi. Abu Muslimning o‘ldirilishi xalifalik sharqida, ayniqsa, Xuroson va Movarounnahrda abbosiylarga qarshi xalq harakatining avj olib ketishiga bahona bo‘ladi.


Abbosiylar davrida Movarounnahr boshqaruvi

Movarounnahr VIII asrning o‘rtalariga qadar qarshilik ko‘rsatishiga qaramay Arab xalifaligining muhim viloyatlaridan biriga aylanadi. Markaziy hokimiyat 749-yilga qadar Damashqda bo‘lgan bo‘lsa, endilikda Bag‘dodda joylashgan edi.

Xalifa davlatni boshqarishda vazir ul-vuzaro (ulug‘ vazir)ga tayangan.
Amir ul-umaro harbiy ishlar uchun mas’ul bo‘lgan. Xalifa turli masalalarni kengashda – devon ad-darda ko‘rib chiqar edi. Devon ad-dar uchta asosiy devonga bo‘lingan: devon al-mashriq, devon al-mag‘rib va devon al-xaraj. Movarounnahrga tegishli masalalar devon al-mashriqda hal qilinar edi.

Xalifa viloyat noiblarini tayinlardi yoki bo‘shata olardi. Xalifalikning huquqiy masalalari Qur’oni karim va Payg‘ambar (s.a.v.) ko‘rsatmalari, nasihatlariga asoslangan holda ko‘rib chiqilgan.

Shunday qilib, VIII asr o‘rtalariga kelib Movarounnahrda siyosiy boshqaruv Arab xalifaligi siyosiy tizimiga moslashtirilgan edi. So‘g‘diyonada buxorxudotlar va boshqa hukmdorlar qo‘l ostidagi ma’muriy-idora usuli o‘z shaklini saqlab qolgan. Biroq hokimlarning xalifa noibiga itoat etishi shart bo‘lgan. Mahalliy davlat boshliqlarining ko‘pchiligi o‘z huquqlari va imtiyozlarini saqlab qolish maqsadida Islom dinini qabul qilgan edi. Islomni qabul qilmagan zodagonlar o‘z yerlaridan mahrum etilgan yoki tovon to‘lagan. Shu tarzda arablar Movarounnahr siyosiy tizimi va diniy e’tiqodiga o‘z ta’sirini o‘tkaza olgan.