Rim respublikasining qulashi


Sabablari


Qullar qo‘zg‘olonlari quldorlarni qattiq qo‘rquvga solib qo‘ydi. Quldorlar qarshisida kuchli hokimiyat bo‘lmish harbiy diktatura o‘rnatilishi zarurligi to‘g‘risidagi masala ko‘ndalang turar edi. Senatorlar va kam sonli mansabdor shaxslar ulkan davlatni risoladagidek boshqarishni ta’minlay olmas edi.

Rimliklarning bayroqlari

Mil. avv. I asrda muntazam yollanma qo‘shinlarga tayanuvchi harbiy boshliqlar real kuchga aylandi. Yollanma askarlarni Rimning harbiy kuch-qudrati va davlatning kuchayishi emas, faqat o‘lja qiziqtirardi. Yollanma askarlar uchun kimlar bilan jang qilish yoki kimlarni talashning farqi bo‘lmagan.

Rim askarlari hordiqda

Rimda esa davlat boshlig‘i bo‘lishni xohlovchi bir qancha sarkardalar bor edi.

Sezar hokimiyatining qaror topishi

Spartak qo‘zg‘oloni bostirilib, tor-mor etilganidan keyin Krass va Pompey hokimiyat uchun ancha vaqt kurash olib bordi. Ammo Rim davlati olib borayotgan urushlardan birida Krass halok bo‘ladi. Endi Pompey uchun birdan-bir xavfli raqib Yuliy Sezar bo‘lib qoldi. Galliya urushlaridagi g‘alabalar tufayli Sezarning nufuzi va obro‘yi ancha ortgandi. Yuliy Sezar mil. avv. 49-yilda Galliyadagi zafarli urushdan keyin Rimga qaytayotganida Rubikon daryosidan kechib o‘tar ekan, yakka hokimlik uchun oshkora kurashni boshlab yubordi. Sezar o‘shanda o‘zining mashhur: “Qur’a tashlandi!” iborasini aytgan.

Sezar – Rim imperatori

Rim aholisining qo‘llab-quvatlashi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Pompeyning qo‘shinlari Ispaniyada edi. Sezar g‘alaba qozondi. U Rim imperatori va diktatori – cheklanmagan hokimiyatga ega hukmdoriga aylandi. Sezarning xohish-irodasi Rim uchun qonun kuchiga ega bo‘ldi.

Yuliy Sezar tangalari mil. avv. 49–48-yy.

Bu hol uzoq davom etmadi. Sezarning cheklanmagan hokimiyatidan norozi bo‘lgan senatorlar fitna uyushtiradi. Ular Sezarni o‘ldirishga va Senatning burungi mavqeini qaytarishga ahd qiladi. Fitnaga Sezarning yaqin do‘stlaridan bo‘lmish Brut boshchilik qildi. Senatdagi majlis paytida fitnachilar Sezarni qurshab olib, unga xanjarlar bilan zarba bera boshladi. Sezar shu yerning o‘zida halok bo‘ladi.

Sezarning o‘ldirilishi

Mil. avv. 44-yilda Yuliy Sezar hukmronligi tugadi. Ammo uning o‘limi respublika qayta tiklanishiga olib kelmadi. Sarkardalar o‘rtasida kurash avj oldi va bu fuqarolar urushiga aylanib ketdi.

Hokimiyat uchun kurash oqibatlari

Sezar o‘ldirilganidan keyin Brut respublikani qayta tiklashga urinib ko‘radi. Biroq hamma senatorlar ham avvalgi tartibotlarga qaytishni istamasdi. Ularning ko‘pchiligi o‘z boyligini Sezar hukmronligi davrida qo‘lga kiritgan edi. Brut va uning tarafdorlari Yunonistonga qochib ketishga majbur bo‘ladi. Ayni paytda Rimda Sezarning jiyani Oktavian paydo bo‘ldi. U Brut va uning tarafdorlariga qarshi kurash boshladi. Shimoliy Yunonistonda Brut ham qo‘shin to‘plab, Rimga jiddiy xavf sola boshladi. Ammo Oktavian Mark Antoniy bilan ittifoq tuzadi va Brut boshliq respublika tarafdorlarini tor-mor etadi.

Mark Antoniy

Shundan keyin Oktavian Rim davlatining G‘arbiy qismini, Antoniy esa Sharqiy qismini boshqarishni o‘z qo‘liga oladi. Misrga kelgan Antoniy Misr malikasi Kleopatraga uylanadi. Nikoh sovg‘asi tariqasida Antoniy Kleopatraga Rimning sharqiy provinsiyalarini (viloyatlarini) beradi. Bu Oktavianning noroziligiga sabab bo‘ladi.

Kleopatra – Misr malikasi

Mil. avv. 31-yilda Yunoniston qirg‘oqlarida Antoniy va Oktavian flotlari o‘rtasida jang bo‘ldi. Jang qizigan bir pallada Kleopatra va Antoniy Aleksandriya shahriga qochadi. Armiya va flot Oktavianga taslim bo‘ladi. Keyingi yili Oktavian qo‘shin bilan Misrga yetib keladi. Antoniy va Kleopatra o‘zini-o‘zi o‘ldiradi, Misr esa Rim davlati provinsiyasiga aylanadi. Shu tariqa Oktavian butun Rim imperiyasining yakka hukmdori bo‘lib oladi. Mil. avv. 29-yilda Oktavian Senatdan imperator unvonini va Avgust laqabini oladi. U Rim imperiyasining asoschisiga aylanib, bir qator islohotlar o‘tkazdi. Imperator keng ko‘lamda qurilish ishlari olib bordi. Uning davrida Rimda ko‘plab saroylar va ibodatxonalar bunyod etildi.

Imperator Oktavian Avgust

Oktavian Avgust vafotidan so‘ng uning vorislari Kaligula va Neron hukmronligi davrida imperiyada inqiroz boshlandi. Faqat milodiy II asrning boshlarida Rimning kuch-qudrati qayta tiklandi. Bu asr Rim imperiyasining “oltin asri” degan nom olgan. Milodiy 98-yilda Trayan Rim imperatori taxtini egalladi. Trayan zamonida Dunay daryosi bo‘ylarida yashovchi daklar bilan urushlar olib borildi. Balandligi 40 metrga teng Trayan ustuni sirtidagi tasvirlar daklar bilan urush manzaralari haqida hikoya qiladi. Bu davrda Suriya va Mesopotamiya hududlari Rim imperiyasi tarkibiga kirdi.