Rim imperiyasining qulashi va zavolga yuz tutishi


Imperiyaning qulashi


Imperator Trayan davridan so‘ng rimliklar yirik bosqinchilik urushlarini olib borolmagan. Milodiy III asrda Rim imperiyasining kuch-qudrati zaiflasha boshladi. Imperatorni endilikda armiya saylar, armiyaning o‘zida ham turli guruhlar o‘rtasida kurash borar edi.

Trayan ustuni

Ayni paytda imperiya chegaralarining shimoli-g‘arbiy tarafidan jangovar qabilalar paydo bo‘ldi. Rimliklar ularga “varvarlar” degan laqab bergan, ya’ni rimliklarga nisbatan madaniy rivojlanish jihatidan ancha quyi pog‘onada turuvchi qabilalar sifatida ularni shunday kamsitishgan. Shu bois rimliklar chegarada katta armiya saqlab turishga majbur bo‘lgan.

Rim ostonasidagi varvarlar
Rim piyodalari

G‘arbiy va Sharqiy Rim imperiyalari


Imperator Konstantin zamonida milodiy 330-yili Bosfor bo‘g‘ozidagi Vizantiy shahri Rim imperiyasining poytaxti deb e’lon qilindi. Imperatorning buyrug‘i bilan shahardagi barcha eski binolar buzib tashlandi va yangi shahar qurildi. Shahar imperator sharafiga Konstantinopol deb atala boshlandi. Ulkan imperiyani Konstantinopoldan turib boshqarish mushkul edi. Imperator Feodosiy o‘limidan so‘ng milodiy 395-yili Rim imperiyasi uning ikki o‘g‘li o‘rtasida G‘arbiy va Sharqiy qismlarga ajrab ketdi. G‘arbiy qismga Italiya, Yevropa va Shimoliy Afrikadagi viloyatlar, Sharqiy qismga esa Bolqon yarimoroli, Kichik Osiyo va Misr yerlari kirgan. Sharqiy Rim imperiyasida imperatorning yagona hokimiyati saqlanib qolgan, G‘arbiy Rim imperiyasi esa alohida davlatlarga parchalana boshladi.

Gotlar Rimda

Milodiy 410-yilda Alarix boshchiligidagi gotlar Rimni qurshab oldi. Rimliklar ular bilan muzokara boshladi, ammo tunda qullar darvozalarni ochib berdi, bosqinchilar shaharga yopirilib kirdi. Gotlar haykallarni yo‘q qilib, bebaho kitoblarni yondirib, Rimni roppa-rosa uch kun taladi. Talon-toroj qilingan Rim shahri huvillab qoldi.

Gotlar Rimni talamoqdalar

Germanlar savodsiz bo‘lib, teatrlar, kutubxonalarni ko‘rmagan edi. Rim imperiyasi sarhadiga kirganlaridan keyin ular Rim imoratlari, arxitekturasi hamda haykallarining go‘zalligi va ulug‘vorligini munosib baholay olishmadi. Bularning barini shafqatsizlarcha yo‘q qilib tashladi. Germanlar qo‘rg‘onchalarini o‘rab turgan devorlarni mustahkamlash uchun Rim ibodatxonalari va kutubxona binolaridan tosh taxtalarni ko‘chirib olib ketdi. Kitoblar, haykallar va boshqa san’at asarlari ham nobud bo‘ldi.

G‘arbiy Rim imperiyasining qulashi

Gotlarning Rimni ishg‘ol etishi imperiya aholisini larzaga soldi. Yuz yillar davomida rimliklar o‘zlarining barcha raqiblari ustidan g‘alaba qozongan, o‘zlarini jahon hukmdori hisoblashgan. Rimni esa “boqiy shahar” deya ta’riflagan edi. Rim aholisining ko‘pchiligi Rim zavolga yuz tutishi bilan butun jahon nes-nobud bo‘lib ketishiga ishonar edi. Alarix ham o‘ldi, biroq Rimning undan dahshatliroq dushmani – Attila boshchiligidagi xunn qabilalari paydo bo‘ldi. Attila Sharqiy Rim imperiyasiga hujum uyushtira boshladi. Milodiy 452-yilda xunnlar Italiyaga bostirib kirdi. Milodiy 455-yilda Rimga germanlarning vandal qabilalari hujum qildi. Ular ikki hafta davomida shaharni taladi. Vandallar o‘zlari bilan olib ketolmaydigan hamma narsani nobud qildi.

Vandal askari

Milodiy 476-yilda german qabilalarining Rimdagi yollangan qo‘shini sarkardasi Odoakr so‘nggi imperator Romulni taxtdan ag‘darib tashladi va imperator unvoni nishonini Konstantinopolga jo‘natdi.

Jang ko‘rinishlari

Sobiq G‘arbiy Rim imperiyasi sarhadlarini german qabilalari egallab oldi. Shu tariqa milodiy 476-yil G‘arbiy Rim imperiyasining qulashi va qadimgi dunyo tarixining yakunlanish sanasi sifatida qayd qilindi. Mazkur sanadan boshlab o‘rta asrlar tarixi boshlanadi.

Rimliklarning vandallar qo‘shinlari bilan bo‘lgan jangi tasviri