Rimda quldorlik
Zafarli yurishlar natijasida Rimda qullar soni nihoyatda ko‘payib ketdi.
Erkin rimliklar tasavvuricha, qul butunlay quldorning ixtiyorida bo‘lgan bir buyumdek edi. Qullarning qadri bo‘lmagan, chunki ular judayam arzon turardi.
Rim davlatidagi qullarda mehnatdan manfaatdorlik hissi mutlaqo bo‘lmagan. Ularga haq to‘lanmas edi. Shuning uchun qullar mumkin qadar kamroq va yomonroq ishlardi. Bora-bora qullar mehnati unumdorligi kamayib ketdi.
Qullar mehnati quldorlar uchun foydali emasligi ma’lum bo‘ldi. Ko‘plab quldorlar qullarni yer ijarachilariga aylantira boshladi. Qullar qo‘zg‘olonidan qo‘rqqan, hosildorlikni oshirishga intilgan zamindorlar o‘z yerlarini kichik-kichik mulklarga bo‘lib tashladi va erkin kambag‘allarga ijaraga tarqatib bera boshladi. Ana shu yerlarda ijarachilar dehqonchilik bilan shug‘ullandi. Ular yerga qancha yaxshi ishlov bersa, hosilning shuncha ko‘p ulushi o‘zlariga nasib etardi.
Mayda yer ijarachilari kolonlar deb atalgan. Yerdan foydalanganlik uchun ular yer egasiga o‘zlari yetishtirgan mahsulotlar bilan to‘lov berishardi. Bora-bora mutlaq qaram qullarning soni kamaydi. Ayrim yer egalari qullarga kichik yerlarni mehnat qurollari, urug‘lik bilan birga berishar va bu yerlarda hatto oila qurib yashash ham mumkin edi. Bunday qullar “kulbali qullar”, ya’ni uy-joyli qullar deb nomlangan.
Gladiatorlar janglari
Rimliklarning sevimli tomoshalaridan biri gladiatorlar jangi bo‘lgan. Aksariyat gladiatorlar qullar yoki jinoyatchilar bo‘lishgan. Ularga maxsus yopiq maktablarda ta’lim berilar, so‘ng tomoshabinlar ko‘nglini xushlash uchun bir-birlari bilan olishishga majbur qilinar edi.
Ba’zida gladiatorlar katta-katta guruhlarga bo‘linib jang qilishgan, shunda sahna jang maydoniga o‘xshab qolardi: o‘ldirilgan, yaralangan va jon berayotgan gladiatorlar hamma yoqda ag‘anab yotardi. Yanada qiziqarliroq bo‘lishi uchun gladiatorlar janglari kuchi teng raqiblar o‘rtasida o‘tkazilgan. Biri faqat qilich va qalqon bilan, boshqasi esa to‘r va changak (uch ayrili nayza) bilan qurollangan. To‘r va changak bilan qurollangan gladiator o‘zini hech narsa bilan himoya qila olmasa ham, u raqibini to‘r bilan o‘rab tashlashi va changak bilan o‘ldirishi mumkin edi. Gladiatorlarning yovvoyi arslonlar, qoplonlar, darg‘azab ho‘kizlar bilan olishuvlari ham o‘tkazilgan.
Spartak qo‘zg‘oloni (mil. avv. 74-71-y.)
Mil. avv. 74-yilda boshlangan Spartak boshchiligidagi qullar qo‘zg‘oloni qadimgi dunyoda eng ommaviy va uyushgan qo‘zg‘olonlardan biri bo‘ldi.
Rim armiyasida xizmat qilishdan bosh tortgani uchun Kapuya shahridagi gladiatorlik maktabiga sotib yuborilgan frakiyalik qul Spartak qullarni qo‘zg‘olon ko‘tarishga undadi. Ammo kimdir bu haqda rimliklarga xabar yetkazadi. Shunda Spartak va uning 200 ga yaqin tarafdorlari qorovullarga hujum qiladi va qochib chiqib ketadi. Ular Vezuviy tog‘idagi qoyaga chiqib oladi. Asta-sekin boshqa qullar ham ularga kelib qo‘shila boshlashi natijasida qo‘zg‘olon ko‘targanlar safi kengaya bordi. Ko‘p o‘tmay ularning soni 10 ming kishiga yetdi.
Qo‘zg‘olon ko‘targan qullarni tor-mor etishga jo‘natilgan uch ming kishilik qo‘shin Vezuviy tog‘lari yaqinida harbiy lager tikladi. Qamal boshlandi. Spartak kutilmaganda dadil rejani amalga oshirdi. Qullar uzum novdalaridan narvon to‘qib, ko‘rinmaydigan tarafdan cho‘qqidan pastga tushib oladi. Rimliklar guruhining orqasidan zarba bergan Spartak ularni tor-mor etdi. Ammo ko‘p o‘tmay qo‘zg‘olon ko‘targanlar orasida ixtilof paydo bo‘ldi. Qullarning bir qismi Rimni tark etib, o‘z yurtlariga qaytishni afzal bildi. Ko‘pgina qullar esa mamlakatdan chiqib ketmaslikka, Rimni tor-mor etishga va quldorlardan qasos olishga ahd qilishdi.
Spartakka qarshi tajribali sarkarda Mark Krass boshchiligida ko‘p ming sonli qo‘shin jo‘natildi. Mil. avv. 71-yilning bahorida ro‘y bergan hal qiluvchi jangda Spartak lashkari tor-mor etilib, uning o‘zi esa ana shu jangda halok bo‘ldi. 6 mingdan ziyod asirlar Rim-Kapuya oralig‘idagi yo‘l bo‘ylaridagi xochlarga mixlab tashlandi.