Rimliklarning turmush tarzi
Qadimgi zamonlarda rimlik zodagonlar bo‘lmish patritsiylar bir qavatli oddiy uylarda yashardi, xo‘jalikda qullar ham unchalik ko‘p emasdi. Vaqt o‘tib rimliklar turmushida keskin o‘zgarishlar ro‘y berdi. Badavlat kishilar yashaydigan tepaliklar bag‘rida tomosha bog‘lar va chorbog‘lar ko‘p, havosi esa pastlikdagi joylarga qaraganda ancha toza bo‘lgan. Imperatorning yaqin kishilari muhtasham koshonalarga egalik qilar edi.
Oddiy rimliklar tepaliklar o‘rtasidagi tekis joylarda yashagan. Bu yerlarda ko‘chalar tor va iflos bo‘lgan: axlatni to‘g‘ri ko‘chaga tashlashgan. Ustiga-ustak Rim aholisi soni ham muntazam ortib bordi. Chunki Italiyaning to‘rt tomonidan xonavayron bo‘lgan dehqonlar poytaxtga ko‘chib kelar edi. Rimlik imperatorlar poytaxt aholisi uchun “termalar” deb atalgan ko‘rkam hammomlar qurdirgan edi (yunoncha “termos” – “issiq” so‘zidan kelib chiqqan). Arzimas to‘lov evaziga har bir rimlik termalarga tushish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu yerda suzish uchun hovuzlar, sport zallari mavjud edi. Termalar qoshida ta’lim olish va fanlar bilan shug‘ullanish uchun kutubxona ham bo‘lgan
Ta’lim
Madaniyatning asosiy belgisi bo‘lgan ta’lim Rimda o‘ziga xos edi. Farzandlar xo‘jalik ishlarida ota-onalariga yordam berganliklari sababli maktabda o‘qimasdi. Badavlat xonadon farzandlari esa 6 yoshdan maktabga qatnagan. Yozuvni o‘rganayotgan bolalar stil degan metall tayoqcha bilan harflarni mum qoplangan taxtachalarga o‘yib yozar edi.
O‘qish, yozish va hisoblashni o‘rganganidan keyin ko‘pchilik ta’lim olishni yakunlar edi. Ayrimlar grammatikada (o‘rta maktabda) tahsilni davom ettirgan. U yerda tarix, geografiya, geometriya, musiqa va astronomiya o‘qitilardi.
Yunon tilini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgan, chunki fanning turli tarmoqlariga oid kitoblarning aksariyati yunon tilida yozilgan edi. Siyosiy arbob bo‘lishni istagan har bir kishi ritorikani – chiroyli so‘zlashni o‘zlashtirgan.
Me’morchilik va haykaltaroshlik
Rim imperiyasida qurilish ishlari ayniqsa taraqqiy etgan edi. Amfiteatrlar, sirklar, teatrlar, ibodatxonalar, saroylar, triumfal arklar va ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Shaharni baland devorlar o‘rab turardi. Rim me’morchiligi yunon me’morchiligidan imoratlari rang-barangligi va muhtashamligi bilan farqlangan. Milodiy I asrda Rim eng yirik va aholisi ko‘p shaharga aylangan. O‘sha kezlarda hatto shunday bir maqol to‘qilgan: “Barcha yo‘llar Rimga boradi”. O‘rmonlar, tog‘lar va botqoqlar orqali yo‘llar o‘tkazilgan. Yo‘llar bilan bir qatorda Rimda suv o‘tkazish tizimi – suv quvurlari qoldiqlari ham hozirga qadar saqlanib qolgan. Quvurlar nishablik asosida qurilgan bo‘lib, tog‘dagi buloqlardan suvning o‘zi oqib kelar edi. Suv quvurlarini jarlar, daralar va vodiylardan o‘tkazish uchun akveduklar – anhorlarning yuqori qismidan o‘tkazilgan ko‘priklar qurilgan.
Ulkan ko‘priklarni butunlay toshdan qurish qimmatga tushar va uzoq davom etar edi. Rimliklar yangi qurilish materiali bo‘lmish betonni ixtiro qilgan. Qotganidan keyin u toshdan ham mustahkam bo‘lib qolgan. Beton ishlatilishi rimliklarga tez va pishiq inshootlar qurishga imkon berdi.
Beton ixtiro etilganidan keyin shiftlar gumbaz shaklida ustunlarsiz quriladigan bo‘ldi. Rimdagi Panteon (yunonchada “barcha xudolar ibodatxonasi” ma’nosini anglatadi) shu taxlitda qurilgan.
Rimning eng katta amfiteatri bo‘lmish Kolizey o‘tmishdagi ulug‘vorlik namunasi sifatida hozirgacha saqlangan. Qadimgi Rimda mashhur tarixiy asarlar yaratilgan. Tarixchi Tit Liviy “Rim tarixi”ni yozgan. Plutarx yunon-rim sarkardalari hayoti haqida kitob yozib qoldirgan. Kvint Kursiy Ruf “Makedoniyalik Aleksandr tarixi” asarini yaratgan. Mazkur asarlar bizgacha yetib kelgan.
Xristianlikning vujudga kelishi
Milodiy I-asr boshlarida Rim hokimiyati ostida bo‘lgan Falastin yerlaridagi Vifleem shahrida “Xudoning o‘g‘li” nomini olgan Iso tug‘ilgani haqida rivoyatlar keng tarqala boshlagan. Rivoyatlarga ko‘ra, 30 yoshida Iso o‘n ikki nafar havoriylari (apostollar) bilan Falastin bo‘ylab sayohati davomida Xudo oyatlari haqida hikoya qilib beradi va mo‘jizalar ko‘rsatadi – yashashdan umidini uzgan, tuzalmas xastalarni davolaydi. Mahalliy ruhoniylar Iso payg‘ambarni mavjud diniy haqiqatlarni buzib talqin etishda ayblab, uni o‘lim jazosiga mahkum etadi. Rim noibi Pontiy Pilat bu hukmni tasdiqlagan. Rivoyatlarga ko‘ra, Isoni yer yuzidagi ilk inson – Odam ato dafn etilgan Golgofa tog‘ida xochga tortgan. Vafotidan keyin uning murdasi bir g‘orga qo‘yiladi. Uchinchi kuni dafn etish uchun kelganlarida Iso Masih jasadi qo‘yilgan joyida yo‘qligining guvohi boʻlishadi.
Odamlar Iso payg‘ambarning qayta tirilib, me’rojga ko‘tarilishiga va Yer yuziga qaytib kelishiga ishongan. Iso Masih haqidagi rivoyatlar Yevangeliya (Injil) nomini olgan, yunonchadan tarjima qilganda bu so‘z “Xushxabar” ma’nosini anglatadi. Iso payg‘ambar ta’limoti izdoshlari xristianlardir. Shogirdlari apostollar (havoriylar) deb atalgan. Xristianlar jamoalariga yepiskoplar peshvolik qiladi. Milodiy I asr – xristianlik vujudga kelgan sana hisoblanadi.
Rim hukmdorlari xristianlarni ta’qib etadi, yirtqich hayvonlar changaliga tashlaydi, turli qiynoqlarga soladi. Bu esa odamlar noroziligiga sabab bo‘ladi. Milodiy 313-yilda imperator Konstantin, xristianlik boshqa dinlarga teng dindir, degan farmon chiqardi. Farmon xristianlarga ibodatxonalar qurish va oshkora ibodat qilish imkonini berdi.